Линклар

Шошилинч хабар
25 март 2019, Тошкент вақти: 17:08

Prezident amakivachchasining sobiq xotini ziyonni qoplagach, unga nisbatan jinoiy ta’qib to‘xtatildi


Prezidentning amakivachchasi Abbos Mirziyoev va uning sobiq xotini Nargiza Jumaeva. (Suratni Ozodlikka Nargiza Jumaevaning yaqinlari taqdim etdi)

Hozirda N.J.ga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi JPKning 84-moddasi, 5-qismi, 1-bandi asosida tugatildi. Xususan, ayblanuvchi o‘z roziligi bilan tergov vaqtida jinoyat natijasida yetkazilgan ziyonni ixtiyoriy qoplaganligi xamda shaxs ijtimoiy jihatdan xavfli bo‘lmay qolgan, deb e’tirof etilganligi asosida unga nisbatan jinoyat ishi ayblilik masalasi hal qilinmay tugatilgan.

Bu haqda Ozodlikka Bosh prokuratura matbuot xizmati 16 mart kuni xabar qildi.

Prokuratura aytayotgan N.J. jizzaxlik 44 yashar Nargiza Jumaevadirki, u Zarbdor tuman paxta tozalash korxonasida yo‘l qo‘yilgan kamomadda ayblanib, 9 mart kuni hibsga olingani,mahalliy sudning 11 mart kungi qarori bilan viloyatdan chiqib ketmaslik haqida tilxat olinib, uyiga qo‘yib yuborilgani to‘g‘risida 11 mart kuni Ozodlik xabar qilgan edi.

Nargiza Jumaeva 2013 yili ajrashgan eri, 52 yashar "Abbos Mirziëevdan to‘rt farzandi uchun aliment talab qilgani bois tazyiqqa uchragani" va jinoiy javobgarlikka tortilishi ortida "sobiq erning qo‘li borligini" uning yaqinlari iddao qilgan edi.

Ozodlikning 11 mart kungi materialida Nargiza Jumaeva bilan bog‘liq voqeani o‘rgangan jurnalist Ulug‘bek Haydarovning aytganlari ham keltirilgan edi. Jurnalist Nargiza Jumaevaning aytganlariga tayanib, Jumaeva o‘z sobiq eridan aliment talab qilib, uni sudga bergani uchun tazyiq qilinmoqda, degan fikrni bildirarkan, bunday degan edi:

- Abbos Mirziyoev O‘zbekiston respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoevning qarindoshi, amakisi Asror akaning o‘g‘li bo‘ladi. 2013 yilda xotini Nargiza Jumaeva bilan ajrashib ketgan. O‘rtada 4 nafar farzand bor va ular ona qaramog‘ida qolgan. Ularning ajrashib ketganiga 6 yil bo‘lgan bo‘lsada, Abbos Mirziyoev o‘z bolalari uchun aliment bergani yo‘q. Bir oy oldin Jumaeva aliment to‘lash haqida sudga ariza berganidan keyin sobiq erining g‘azabiga uchradi¸ - dedi Ulug‘bek Haydarov.

16 mart kuni Ozodlik Bosh prokuratura matbuot xizmatidan Nargiza Jumaeva ishi bo‘yicha quyidagi tushuntirmani oldi (Prokuraturadan olingan matnni to‘liq keltiramiz):

"Zarbdor tuman prokuraturasiga “Zarbdor paxta tozalash” aksiyadorlik jamiyati raisi R.B. jamiyat bosh hisobchisi N.J. tomonidan haqdorligi mavjud bo‘lmagan 12 ta fermer xo‘jaligiga 211 mln. so‘m miqdoridagi mablag‘ noqonuniy o‘tkazib yuborilganligi haqida murojaat qilgan.

Mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan 2018 yil? 19 dekabr kuni “Zarbdor paxta tozalash” aksiyadorlik jamiyati bosh hisobchisi N.J.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi yuzasidan 2019 yil, 6 yanvar kuni hujjatli taftish tayinlanib, ijrosi viloyat moliyaviy nazorat boshqarmasiga yuklatilgan.

O‘tkazilgan taftish jarayonida “Zarbdor paxta tozalash” AJ bosh hisobchisi N.J. xarid qilingan paxta xom ashyosi uchun jamiyat hisob raqamidan 2018 yil, 27 noyabrda haqdorligi mavjud bo‘lmagan 10 ta fermer xo‘jaligiga o‘zi imzolagan to‘lov topshiriqnomalari bilan noqonuniy ravishda jami 196,6 mln. so‘m miqdoridagi pul mablag‘ini “Agrobank” ATB Zarbdor filiali orqali mazkur fermer xo‘jaliklarining hisob-raqamlariga o‘tkazib yuborib, jamiyat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazganligi aniqlangan.

Bundan tashqari, jamiyat tomonidan haqdorligi mavjud bo‘lmagan 69 ta fermer xo‘jaligiga jamiyat raisi R.B. va bosh hisobchisi N.J. tomonidan imzolangan to‘lov topshiriqnomalari asosida “Agrobank” ATB Zarbdor filiali orqali jami 152,4 mln. so‘m pul mablag‘i noqonuniy o‘tkazib yuborilgan va yuqoridagilar oqibatida jamiyat manfaatlariga jami 348,9 mln. so‘m zarar yetkazilganligi ma’lum bo‘lgan.

Ko‘rsatib o‘tilgan holatlar yuzasidan 2019 yil, 9 mart kuni N.J.ga nisbatan JKning 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayblov e’lon qilinib, u JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan hamda 2019 yil, 11 mart kuni N.J.ga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risida iltimosnoma qo‘zg‘atilib, to‘plangan hujjatlar jinoyat ishlari bo‘yicha Zarbdor tuman sudiga yuborilgan.

Iltimosnoma sud tomonidan 2019 yil, 11 martda ko‘rib chiqilib, rad qilingan va N.J.ga eng kam ish haqining 200 baravari, ya’ni 40,5 mln. so‘m miqdorida garov ehtiyot chorasi qo‘llanilgan va garov summasini qo‘yish uchun ushlab turish muddati 48 soatga uzaytirilgan.

Sud ajrimi asosida N.J. tomonidan 40,5 mln. so‘m garov puli qo‘yilganligi sababli 2019 yil, 11 martda N.J.ga nisbatan qo‘llanilgan ehtiyot chorasi o‘zgartirilgan.

Hozirda N.J.ga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi JPKning 84-moddasi 5-qismi 1-bandi asosida tugatildi. Xususan, ayblanuvchining roziligi bilan tergov vaqtida jinoyat natijasida yetkazilgan ziyonni ixtiyoriy qoplaganligi xamda shaxs ijtimoiy jihatdan xavfli bo‘lmay qolgan deb e’tirof etilganligi asosida unga nisbatan jinoyat ishi ayblilik masalasi hal qilinmay tugatilgan.

Muhimi, bu holat iktisodiy jinoyat va uning huquqiy oqibatlari doirasidagi masala xolos!

Bunda kimdir tomonidan jinoyat ishi qo‘zgatilishi uyushtirilgan deyishga hech bir asos yo‘q. Mazkur jinoyat ishining qo‘zg‘atilishi va tergov kilinishi JK va JPK doirasida amalga oshirilmoqda.

Jinoyat ishining tergovi jarayonida “Agrobank” ATB Zarbdor tuman filiali boshqaruvchisining harakatlarida ham jinoyat alomatlari aniqlanib, ayb e’lon qilindi.

Jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda va tergov harakatlari viloyat prokuraturasi nazoratiga olingan",
- deyilgan Bosh prokuratura matbuot xizmatining tushuntiruvida.

XS
SM
MD
LG