Линклар

Шошилинч хабар
19 июл 2019, Тошкент вақти: 10:58

Andijonda o‘tkazilgan Navro‘z bayramida 16 yashar bola arg‘imchoqdan yiqilib o‘ldi


Illyustrativ surat

Andijon tuman “Istirohat bog‘i”da 16 yoshli bola arg‘imchoqdan yiqilib o‘ldi. Voqea guvohlarining Ozodlikka aytishicha, hodisa 17 mart kuni tuman hokimi ishtirokida Navro‘z bayrami tantanalari bo‘layotgan paytda ro‘y bergan. Tuman Ichki ishlar bo‘limi mazkur hodisa yuzasidan surishtiruv olib borilayotganini ma’lum qildi.

Andijon tumanining Chuvama qishlog‘idan bo‘lgan 16 yoshli O.Sh. arg‘imchoqdan yiqilib o‘lgani to‘g‘risida voqea guvohlaridan biri Ozodlikka bunday dedi:

- Hokimimiz Ulug‘bek Halimovich Isamidinov Navro‘z bayramiga bog‘da tadbir o‘tkazayotgandi. Soat 17 lar atrofida bo‘ldi bu. Uch-to‘rtta bola arg‘imchoqda uchayotganida ulardan biri yiqilib tushdi. Yiqilganidan so‘ng boshini ko‘tarishi bilan haligi arg‘imchoq ortga qaytib kelib, qattiq zarba bilan bolani boshiga urildi, bosh chanog‘ini ochib yubordi. Bola shu yerni o‘zida o‘ldi.

Andijon tuman Madaniyat bo‘limi rahbari Xolida Xotamova Ozodlik savoliga javoban bolaning o‘limini "baxtsiz hodisa", dedi.

Xotamovaga ko‘ra, “Istirohat bog‘i”dagi arg‘imchoq xavfsizlik qoidalariga to‘la rioya etilgan xolda o‘rnatilgan va o‘tgan yil mart oyida texnik ko‘rikdan ham o‘tkazilgan.

- Uch-to‘rtta bola arg‘imchoqni tepalariga ham chiqib ucha olaman, deb bittasi tushib ketgan. Uchish qoidalari bor. Surishtirdik, bu arg‘imchoq 2018 yil mart oyida texnik ko‘rikdan o‘tgan ekan, - dedi Xotamova.

Hodisa ro‘y bergan “Istirohat bog‘i” Andijon tuman Ichki ishlar bo‘limi binosi ro‘parasida joylashgan.

Andijon tuman Ichki ishlar bo‘limi mulozimi hodisa yuzasidan surishtiruv olib borilayotganini aytish bilan cheklandi.

- Hozir men sizga bu haqda hech narsa aytolmayman, surishtiruv ketyapti.

Ozodlik halok bo‘lgan bola Andijon tuman, Chuvama qishlog‘idan bo‘lgan 16 yoshli O.Sh. ekanini aniqladi. Bolaning qarindoshlari voqea to‘g‘risida gapirishni istamadi.

O‘zbekiston istirohat bog‘larida Andijondagi kabi fojialar uchrab turadi.

O‘tgan yilning may oyida 11 yoshli bola Toshkentning “Anhor-Lokomotiv” ko‘ngilochar bog‘idagi “Osmono‘par” attraksionida uchayotganida, hushini yo‘qotib, o‘lgan edi.

O‘tgan oy esa Samarqand viloyati Urgut tumanida yetti yoshli qizcha bog‘cha hududida arg‘imchoqdan yiqilib o‘lgani haqida Ozodlik xabar bergan edi.

XS
SM
MD
LG