Линклар

Шошилинч хабар
17 декабр 2025, Тошкент вақти: 01:11

Bosh vazir buyrug‘i ortidan Toshkentda soliqchi va tadbirkor munosabati taranglashdi


.
.

26 mart kuni O‘zbekiston Bosh vaziri Toshkent shahri tumanlari hokimlari va soliq rahbarlariga oy oxiriga qadar byudjetga tushmagan qariyb trillion so‘mlik daromad solig‘ini undirishni buyurgani ortidan¸ Toshkentdagi bir qator yirik shirkat egalari¸ qo‘l ostidagi xodimlari soniga qarab¸ bank hisobidan odam boshiga 1 million so‘mdan "noqonuniy yechib olinganini" iddao qildi.

O‘zbekistonning eng yirik ulgurji bozori sanalgan “O‘rikzor”dagi savdogarlar esa¸ ayrim do‘konlarga “soliqchilarning bostirib kirib¸ kassadagi bor pulni tortib olgani”ga guvoh bo‘lganini bildirdi.

Davlat Soliq qo‘mitasi bu jarayonlarga oid Ozodlik savollariga bergan javobida¸ qonunchilikka 1 yanvardan kiritilgan o‘zgartishga muvofiq¸ jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i har oyning 25-sanasidan kechiktirmay byudjetga to‘lanishi lozimligi va tadbirkorlar bundan o‘z vaqtida ogohlantirilganini bildirdi.​

“O‘rikzor” bozori joylashgan Uchtepa tuman soliq inspeksiyasi mutasaddisi esa¸ bu bozorda reyd emas¸ balki tushuntirish ishlari olib borilayotganini aytdi.

Shirkatlar daromad solig‘i bo‘yicha qarzdorga chiqarilmoqda

31 mart kuni Ozodlikka murojaat qilgan toshkentlik tadbirkor¸ ehtimoliy tazyiqdan cho‘chib¸ na o‘zi va na yuridik shaxs sifatida soliq to‘layotgan shirkati nomi ochiqlanishini istadi.

Uning aytishicha¸ soliq inspeksiyalari 27 martdan boshlab Toshkentdagi shirkatlar bank hisobidan hech qanday ogohlantiruvsiz pul yechib olishga kirishgan.

Soliqchilar hamma firmalarni qiyratishayapti¸ v tom chisle biznikiniyam. Prosto bank schyotidan pul yechvoldi. Hamma katta firmalarda shu ahvol - schyotida pul bo‘lsa¸ firmani katta -kichikligiga qarab¸ reyd qilib pul yechib olayapti soliqchilar. Ogohlantiruvsiz reyd qilayapti”¸ - dedi Toshkentdagi shirkatlardan birining moliyaviy boshqaruvchisi.

Bu suhbatdosh¸ Toshkentdagi o‘zi bilgan kamida yigirmata yirik va o‘rta biznes shirkatlari bank hisobidan¸ har bir xodim boshiga “to‘lanmagan daromad solig‘i” deb 1 million so‘mdan pul yechib olinganidan xabari borligini iddao qildi.

50 million olinganiyam bor¸ 20-30 millioni ham bor ishchisi soniga qarab. Nimaga¸ degan savolga¸ 5, 7 hatto 9 yil oldin daromad solig‘ini noto‘g‘ri hisoblagansanlar¸ degan gap qilishayapti. Qancha daromad solig‘i to‘lashni soliqchilarning o‘zi hisob-kitob qilib bergan bo‘lsa¸ hamma tekshiruvlardan o‘tgan bo‘lsa¸ qanaqasiga noto‘g‘ri hisoblanishi mumkin? degan savolga javob berisha olmayapti”¸ dedi xususiy shirkatlardan birida ishlovchi bu moliyachi.

“Yana salla desa¸ kallami?”

Ozodlik gaplashgan boshqa bir tadbirkor¸ yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan soliqchilar bosimi bevosita Bosh vazir Abdulla Aripov 26 mart kuni o‘tkazgan majlisdan keyin kuchayib ketganini aytdi.

Mahalliy matbuot¸ shahar hokimligida o‘tkazilgan bu majlisda 2019 yilning birinchi choragi bo‘yicha Toshkent shahrida davlat byudjetiga tushumlar rejasining bajarilmagani keskin tanqid qilinganini yozdi.

Keltirilgan raqamlarga ko‘ra¸ 2019 yilning 25 martiga qadar Toshkent shahri bo‘yicha qariyb 802 milliard so‘mlik daromad solig‘i byudjetga tushmagan.

Majlisga raislik qilgan Abdulla Aripov¸ poytaxtdagi qator tuman hokimlari va soliq inspeksiyasi rahbarlariga keskin ogohlantiruv berib¸ mart oyi oxiriga qadar, ya’ni besh kun ichida “801,9 mlrd so‘m miqdorida tushumni” nima qilib bo‘lsa ham undirishni buyurgan.

Kecha Aripov hamma rayon hokimlarini oborib-opkeldi “byudjetga pul tushirmayapsan” deb. Bugun prognoz bajaramiz deb korxonalarning pulini soliq deb olib qo‘yishni boshladi. Hali ishchilarga to‘lanmagan oylikning daromad solig‘ini bankka inkasso qo‘yib yechib oldi. Nimaga¸ deyilsa¸ prognoz bajarolmayapmiz¸ byudjetga pul kerak” deydi”¸ dedi Ozodlikka gapirgan toshkentlik tadbirkorlardan yana biri.

“O‘rikzor” yana soliqchidan qo‘rqib qoldi

O‘zbekistondagi eng yirik ulgurji bozor hisoblanadigan “O‘rikzor” bozorida savdo qiluvchi tadbirkorlardan biri ham o‘tgan haftadan bozorda soliqchilarning faollashgani yaqqol ko‘ringanini bildirdi.

Karimov davriga qaytamiz shekilli - o‘tgan hafta “O‘rikzor”dagi bir necha do‘konga soliqchilar e yo‘q¸ be yo‘q reyd uyushtirishdi. Kassa apparatini ochtirib¸ ichidagi naqd pulni tiyin-tiyinigacha olib ketishdi. Tadbirkorga bankka pul topshirmayapsan¸ deb bosim qilishayapti”¸ dedi “O‘rikzor” bozoridagi do‘konlarda o‘tkazilgan soliqchilar reydiga o‘ziga guvoh bo‘lganini aytgan tadbirkor.

Bu savdogar¸ ayni paytda¸ Karimov davridagidan farqli¸ soliqchilarning do‘kondorlarni jazolash bilan qo‘rqitmagani¸ tegishli hujjatlarni rasmiylashtirib¸ kassadagi tushumni bank hisobiga topshirtirganini e’tirof qildi.

Soliq tizimi mutasaddilari nima deydi?

“O‘rikzor” bozori joylashgan Uchtepa tuman soliq inspeksiyasi mutasaddisi Ozodlik bilan suhbatda¸ bunday reydlar bo‘layotganini inkor qildi.

Kassa apparatidagi bor pulini olib ketish holatlari biz tomonimizdan umuman bo‘lmayapti. Lekin Vazirlar Mahkamasining 280-sonli qaroriga asosan¸ tadbirkorlarga tushuntirish ishlari olib borilayapti. Bular kunlik savdosidan tushgan pulni kassa apparatidan o‘tkazib¸ bankka topshirishi kerak. Tadbirkorlar hamma pulini bankka topshirmaydi¸ topshir desak¸ norozi bo‘lib¸ shunaqa gap-so‘z qilayapti. Hech qanaqa tekshiruv bo‘lmayapti¸ faqat tushuntirish ishlari olib borilayapti”¸ dedi Uchtepa tuman soliq inspeksiyasi mutassaddisi.

Soliq inspeksiyasi rasmiysi¸ tadbirkorlarning savdodan tushgan pulini kassa apparati orqali o‘tkazmasligi¸ demakki¸ ularni bankka topshirmasligi daromadni soliqdan bekitish ekanini alohida ta’kidladi.

Tadbirkor bankka topshirgan puliga qarab soliq to‘laydi. Yillik tushumi 100 million so‘mdan oshsa¸ tadbirkor yagona soliq to‘loviga o‘tadi va oborotidan 4 foizlik soliq to‘laydi. Soliqchilar tadbirkorga oborotingni bekitma¸ solig‘ingni to‘la¸ deb tushuntirib yuripti¸ bor gap shu”.

Davlat soliq qo‘mitasining rasmiy javobi

1 aprel kuni Ozodlik toshkentlik tadbirkorlardan kelgan shikoyatlarga izoh berishni so‘rab¸ Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmatiga murojaat qildi.

Matbuot xizmati yuridik shaxslar bank hisobidan daromad solig‘i uchun mablag‘ning yechib olinayotganini inkor qilmadi¸ ayni paytda¸ bu jarayonning 1 yanvardan kuchga kirgan qonunchilikka asosan olib borilayotganini bildirdi.

"O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 188-moddasiga joriy yilning 1 yanvaridan kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i pul mablag‘larini olish uchun bankka hujjatlarni taqdim etish bilan bir vaqtda, biroq har oyda, keyingi oyning 25-sanasidan kechiktirmay byudjetga to‘lanishi lozim.

2019 yil 1 yanvarga qadar amalda bo‘lgan qonunchilikka asosan daromad solig‘ini to‘lash muddatining chegaraviy sanasi belgilanmagan edi. Ya’ni daromad solig‘i haqiqatda berilgan ish haqi qismiga hisoblanib, qolgan qismi keyingi hisobot davriga qoldiq (saldo) bo‘lib o‘tib kelgan.

Joriy yilning 5 mart kuni har bir soliq to‘lovchi yuridik shaxslarga alohida shaxsiy kabinetiga xabarnoma yuborilib, ularning soliq organlaridagi 2019 yil 1 yanvar holatiga ish haqidan qarzdorlikligi natijasida (2019 yil 1 yanvardan keyin to‘langan yoki to‘lanmagan) hisoblanmagan daromad solig‘i va jamg‘arib boriladigan pensiya badali summalari to‘g‘risida ma’lumotlar yetkazildi.

Mazkur xabarnoma orqali yuridik shaxslarni soliq organidagi hisob varaqasida hisoblanmagan daromad solig‘i va jamg‘arib boriladigan pensiya badali summalarini hisoblashga kiritilishi ma’lum qilindi.
Bundan tashqari, yuqorida xabarnoma bo‘yicha barcha soliq to‘lovchilar vazifalari tushuntirib, shaxsiy kabinetiga tushuntirish xatlar o‘zbek va rus tillarida yuborildi".

"O‘rikzor" bozorida soliqchilar tadbirkorlarning kassa apparatidagi pulini tortib olayotgani haqidagi shikoyatlariga javoban Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati Ozodlikka yuborgan rasmiy baënotda:

"Davlat soliq xizmati organlari tomonidan tadbirkorlik sub’ektlarining kassadagi naqd pul tushumlarini olib ketish holatlari mavjud emas hamda bunday holatlarga hech qachon yo‘l qo‘yilmaydi"¸ deyiladi jumladan.

Bu javobda Soliq qo‘mitasi tadbirkorlarga" faoliyati davomida shunday holatlarga duch kelgan taqdirda, Davlat soliq qo‘mitasining 1198 va (71) 244-98-98 “Ishonch telefoni” raqamlariga murojaat qilish"ni tavsiya etdi.

XS
SM
MD
LG