Линклар

Шошилинч хабар
05 май 2024, Тошкент вақти: 10:26

Buxoroda bank xodimlari mijozlardan tunda qarz undirishga majburlanayapti


"O‘zsanoatqurilishbank" bosh ofisi.
"O‘zsanoatqurilishbank" bosh ofisi.

“O‘zsanoatqurilishbank”ning Buxoro shahridagi To‘qimachilik filiali xodimlari har oyning oxirgi 3 kunida ertalab soat 4 gacha ishlashga majburlanmoqda.

Bu haqda Ozodlikka arz qilgan bank xodimlariga ko‘ra, erkagu ayol xodimlar tonggacha kreditni to‘lamagan mijozlarga qo‘ng‘iroq qilib yoki uyiga borib qarzini to‘lashini talab qilishi lozim.

Agar mijozdan kredit undirilmasa, bank xodimiga o‘z hisobidan kreditni yopish majburiyati yuklatilgan.

Bank boshqaruvchisi o‘rinbosari xodimlarining bu iddaolarini Ozodlikdan eshitganidan so‘ng, aloqani uzib qo‘ydi.

“O‘zsanoatqurilishbank”ning Buxoro shahridagi To‘qimachilik filiali xodimlarining Ozodlikka shikoyatida bunday deyilgan:

“O‘zsanoatqurilishbank”ning To‘qimachilik filiali boshqaruvchisi Avaz Qilichev har oyning oxirida erkak va ayol xodimlarni bankda kechasi bilan qolib ishlashga majbur qilmoqda. Mana, o‘tgan oyning 30-31 mart kunlari shanba va yakshanba bo‘lishiga qaramasdan yana hammani ishda olib qoldi. Biz kredit olgan mijozlar bilan ishlab, kredit va uning foizlarini undirishimiz kerak. Tuni bilan soat necha bo‘lishiga qaramasdan biz qarzdorlarga telefon qilishimiz va ulardan kreditni yopishni talab qilishimiz kerak. Yopolmayman degan mijozlarning uylarigacha borib kelamiz. Bizning oilamiz, ro‘zg‘orimiz yo‘qmi? Ayol xodimlarning erlari janjal qilyapti. Iltimos, shuni Ozodlikka chiqaring, bank boshqaruvchisi mehnat qonunlariga rioya qilsin”.

Ozodlikka kelgan bu shikoyat xati ortidan, muxbir uning mualliflaridan biri bilan bog‘landi. Ishdan haydalishidan cho‘chib, ismi sir qolishini so‘ragan bank xodimi oyning so‘nggi kunlari ertalabgacha ishlaganini tasdiqladi:

“Kredit olganning uyiga yoki sotoviysiga qo‘ng‘iroq qilamiz. Agar u to‘lolmayman yoki keyingi oy to‘layman desa, kredit olgan shaxsni kafillikka olgan odamga qo‘ng‘iroq qilamiz. Soat kechasi 2 mi yoki 3 mi - farqi yo‘q. Ayrimlarining uylariga boramiz, uyqudan turg‘izib bo‘lsa ham, qarzini to‘lab qo‘yishni talab qilamiz. Xullas, biz ham xodim, ham majburiy qarzni undirish – kollektorlik qilyapmiz. So‘nggi uch kun na ishda halovat bor, na uyquda”.

Bankning ismi sir qolishini so‘ragan boshqa xodimining aytishicha, 35 nafardan ortiq bank xodimi oyning so‘nggi kunlari kechayu kunduz ishlaydi:

“Hamma ishlaydi, kassa pul qabul qiladi, buxgalteriya hisob-kitob qiladi, kredit bo‘limi hisobot yozadi. Mijozlarga biriktirilgan xodimlar ularning ketidan quvish bilan ovora. Agar qaysi bir mijoz 3-4 kun kechikib to‘laydigan bo‘lsa, xodim o‘z hisobidan uning qarzini yopib turishga majbur. Mana, so‘nggi safar, bir mijozning yopilmagan to‘lovi 600 ming so‘m chiqdi. Shuni bank xodimi undirolmasa, o‘z hisobidan to‘lab turishga majbur”.

Bank xodimining aytishicha, bank telefonlaridagi so‘zlashuvlar arxivi ko‘tarilsa, hamma uch kun tonggacha ishlagani ma’lum bo‘ladi:

“Mana majburiy mehnatning isboti. Mart oyining so‘nggi kunlarida bank telefonlaridan chiqqan qo‘ng‘iroqlarni tegishli idoralar ko‘tarib ko‘rsin. Hamma bo‘lim ertalabgacha ishlagan, yuzlab qo‘ng‘iroqlar bo‘lgan”.

“O‘zsanoatqurilishbank”ning Buxoro shahridagi To‘qimachilik filiali boshqaruvchisi Avaz Qilichev o‘z ish joyida bo‘lmagan uchun u bilan bog‘lanish imkoni bo‘lmadi.

Filial boshqaruvchisi Avaz Qilichevning o‘rinbosari Eldor Tursunov Ozodlik bilan suhbatda ishchilar aytgan iddaolarni tinglab turdi-da, aloqani uzib qo‘ydi. O‘rinbosar Ozodlikning keyingi qo‘ng‘iroqlarini javobsiz qoldirdi.

“O‘zsanoatqurilishbank” rahbariyati bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

XS
SM
MD
LG