Линклар

Шошилинч хабар
06 декабр 2019, Тошкент вақти: 06:08

“Ilhom” teatri rejissyorini o‘ldirgani uchun 19 yilga kesilgan mahkum Tojikistonga topshirildi


Toshkentdagi "Ilhom" teatri rahbari, rejissyor Mark Vaylni 2007 yilda o‘ldirganlikda ayblanib, 2010 yili sud hukmi bilan 19 yilga kesilgan 46 yashar Yoqub G‘afurov, rasmiy Dushanbe so‘roviga asosan, Tojikistonga ekstraditsiya qilingan. Tojikistondan olingan bu xabarni O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi mulozimi tasdiqladi.

Mark Vaylning o‘limi bilan bog‘liq 2010 yilning boshida bo‘lib o‘tgan sud jarayoni to‘g‘risida Ozodlik o‘z vaqtida xabar qilgan edi.

Mustaqil tojik jurnalisti Mirzo Salimpur, Tojikiston Ichki ishlar vazirligi mulozimidan olgani ma’lumotlarga tayanib, Yoqub G‘afurovning Tojikistonga bu mamlakatda sodir etgan boshqa jinoyati uchun ekstraditsiya qilinganini Ozodlikka bildirdi.

“Jinjak laqabli Yoqub G‘afurov bundan 20 yil oldin Tojikistonda amalga oshirgan qotilligi va qurolli talonchiligi bois ekstraditsiya qilingan”.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligidagi Ozodlik manbasi Yoqub G‘afurov Tojikiston IIV rasmiy so‘rovi va sud qaroriga asosan joriy yil fevralida ekstraditsiya qilinganini aytdi.

Manbaning aytishicha¸ “Yoqub G‘afurov 2010 yilning fevral oyida Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi hukmi bilan 19 yil ozodlikdan maxrum qilingan”.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ ayni mahkama hukmi bilaan qotillik ishtirokchilari Qahramon Po‘latov va Alisher Sattorovlar 17 yilga qamalgan.

Ozodlikning aniqlashicha¸ Qahramon Po‘latov va Alisher Sattorovga nisbatan amnistiya qo‘llanilib, ular o‘tayotgan jazo muddatining chorak qismi qisqartirilgan.

Ozodlik tanishib chiqqan sud-tergov hujjatlarida taniqli rejissyor Mark Vaylga suiqasdning tashkolotchisi deb ko‘rilgan Umid Ishaqov qochib ketgan va shundan so‘ng xalqaro qidiruvga berilgan.

“Ilhom” teatri rahbari va asoschisi Mark Vayl 2007 yilning 6 sentabrida pichoqlab ketilgani ortidan kasalxonada jon berganida 55 yoshda edi.

“Ilhom” teatri badiiy rahbari Oksana Xripunning o‘z vaqtida “Ozodlik” muxbiriga aytishicha, qotillik tunda, Mark Vayl kechki soat 11.30 larda repetitsiyadan qaytayotgan paytda sodir etilgan.

“Qotillar Markni yashaydigan uyi kiraverishida oldindan kutib turgan. Uyning dahlizida avvaliga boshiga musht tushirilgan, so‘ngra esa qorniga pichoq urilgan. Shovqinni eshitgan qo‘shnilar "Tez yordam" chaqirgan. "Tez yordam" kelganida hali Markning hushi joyida bo‘lgan. U Toshkentdagi 16-shifoxonada jarrohlik amaliyoti paytida olamdan o‘tgan edi”, - degan edi Xripun.

Mark Vayl “Ilhom” teatrining 32-mavsumi ochilishidan bir kun oldin o‘ldirilgan edi.

Toshkentlik munaqqid Abdumalik Turdievning Ozodlikka bildirishicha¸ Mark Vayl “Ilhom” teatrida sahnalashtirgan "Podrajanie Koranu" ("Qur’onga taqlid") spektali ortidan diniy radikallar nafratiga nishon bo‘lgan.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligidagi mulozimning aytishicha¸ Yoqub G‘afurov sud majlisida Mark Vaylni aynan shu spektaklni sahnalashtirib "shakkoklik qilgani uchun o‘ldirdim", deb aytgan.

Munaqqid Turdievning ta’kidicha¸ bu jinoyat “spektaklni tushunmagan johillar qilmishidir”:

- Spektakl Pushkin asari asosida sahnalashtirilgan. Pushkin ijodi bilan tanish va Qur’on talqinlarini biladigan odamlar meni qo‘llashi mumkin. Bu spektaklda Islom dini, Qur’onga nisbatan salbiy munosabat yo‘q. Qaytangga, Pushkin Qur’oni-sharifni ulug‘lagan.

Diniy muxolifat jangarisi. Qotil va mahkum

2 aprel kuni Tojikiston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati bayonot tarqatib “Jinjak" laqabli Yoqub G‘afurov boshchilik qilgan talonchi guruh haqida tafsilotlarni ochiqladi.

Bayonotda aytilishicha, Tojikistonning hozirgi Vahdat (sobiq Yangibozor) tumanida tug‘ilgan Yoqub G‘afurov o‘tgan asrning 80- yillar oxirida qurolli diniy radikal to‘da tuzib bosqinlarni amalga oshirgan. Keyinchalik bu to‘da Tojik oppozitsiyasi diniy qanotidan o‘rin olgan.

Tojikiston IIV ga ko‘ra, 1997 yilda Tojikistondagi yovlashgan muxolif guruhlar sulx tuzgan paytda¸ G‘afurov otryadi Tojikiston qurolli kuchlarining Muxammad To‘rajonzoda (diniy ulamo Akbar To‘rajonzodaning ukasi - tahr) boshchiligidagi harbiy qismga qo‘shib yuboriladi.

Tojikiston Ichki ishlar vazirligi matrbuot xizmati bayonotiga ko‘ra¸ 2000 yilda G‘afurov O‘zbekistonga qochib o‘tib isyonchi polkovnik Maxmud Xudoyberdeiev batalyoniga qo‘shilishga urinadi.

Xudoyberdiev uni qabul qillmagani ortidan G‘afurov O‘zbekistonda mayda o‘g‘irlik¸ buyurtma qotillik kabi jinoyatlar bilan shug‘ullangangani aytilgan Tojikiston IIV bayonotida.

Tojikiston Ichki ishlar vazirligi matrbuot xizmatiga ko‘ra, Yoqub G‘afurov ustidan tergov davom etmoqda.

XS
SM
MD
LG