Линклар

Шошилинч хабар
19 сентябр 2024, Тошкент вақти: 08:06

OzodDayjest: Samarqandda Telegram yozishmalari qotillikka sabab bo‘ldi


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Samarqandlik yigit onasi bilan telefon orqali yozishmalar olib borgan va uchrashib turgan erkakni chavaqlab tashladi. Matbuot tanasidan igna topilgan chaqaloqning ota-onasi og‘ir ahvoldaligini yozmoqda. O‘zbekiston kitob noshirligi borasida qo‘shni mamlakatlardan ortda qolayotgani aytildi.

_____________________________________________________________

Tanasidan igna topilgan chaqaloqning ota-onasi og‘ir ahvolda ekani aytildi

2018 yilning eng shov-shuvli va g‘ayrioddiy voqeasi qahramoni – tanasidan ignalar topilgan 2 yoshli Azizbek Abdumajidovning ota-onasi og‘ir ahvolda (“Darakchi”, 4 aprel). Ayni paytda oila Farg‘ona viloyati Toshloq tumanidagi qurilishi oxiriga yetkazilmagan uyda yashamoqda. Bolani har 6 oyda Toshkentda ko‘rikdan o‘tkazish kerak. “O‘tgan yili 12 sentabrda Toshkentga olib borganimizda shifokorlar o‘g‘limda hayotiga xavf soladigan noxush o‘zgarishlar yo‘qligini aytishdi. Lekin juda xavotirdaman. Tanasidagi yana 3 dona sim va igna olib tashlangani yo‘q. Ko‘krak qovurg‘asi va bo‘yin qismi, yurak orqa tomoni – umurtqa oldiga joylashib qolgan ignalarni chiqarib tashlash uchun yana operatsiya zarur. Shifokorlarning aytishicha, bunday amaliyot uchun Azizbekning hali jismoniy quvvati yetarli emas. Operatsiyadan oldingi bordi-keldi va boshqa xarajatlarga ham imkonimiz yo‘q. Shu kunlarda yana Azizbekni shifokor ko‘rigiga olib borish kerak”, deydi chaqaloqning onasi Shohsanam Boltaboeva. Qayd etilishicha, oila Toshloq tumani xalq qabulxonasi va hokimligiga yordam so‘rab murojaat qilgan, ammo biror jo‘yali javob olmagan.

Samarqandlik yigit onasi bilan uchrashib yurgan erkakni 36 marta pichoq urib o‘ldirdi

Samarqandlik yigit onasi bilan telefon orqali yozishmalar olib borgan va uchrashib turgan erkakni shafqatsizlarcha o‘ldirdi (“Huquq”, 4 aprel). Bu haqda Samarqand viloyat prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i Asomiddin Sayfiddinov xabar beradi. Ikki farzandning onasi bo‘lgan ayol jinoiy javobgarlikka tortilgan eri bilan yashamay qo‘ygan, ammo turmush o‘rtog‘i tez-tez kelib bolalaridan xabar olib turgan. Ayol esa boshqa bir erkak bilan tanishib, u bilan Telegram tarmog‘i orqali yozishib borgan. Ayolning to‘ng‘ich o‘g‘li onasi erkak bilan uchrashib yurganidan xabar topgan va onasining Telegram sahifasini o‘z telefoniga ulab olgan. Shu tariqa u onasi va erkak o‘rtasidagi yozishmalardan xabardor bo‘lib borgan. 20 yoshli yigit erkakni onasini tinch qo‘yish borasida ogohlantirgan. Bir muddat keyin esa erkakni o‘zi ishlaydigan savdo do‘konida 36 marta pichoq urib o‘ldirgan. Shundan keyin IIBga borib, qotillik qilgani haqida xabar bergan. Sud hukmiga ko‘ra, qotil yigitga 20 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan. Jinoiy ishga oid boshqa tafsilotlar ochiqlanmagan.

O‘zbekistonda birorta ham kitob bozori yo‘qligidan taassuf bildirildi

Kitobxonlik borasida xo‘jako‘rsinchilikdan amaliy ishlarga o‘tish vaqti keldi, deb hisoblaydi “Akademnashr” nashriyoti direktori Sanjar Nazar (“Soliq plyus”, 29 mart). Taniqli noshirga ko‘ra, noshirlik borasida O‘zbekiston qo‘shni mamlakatlardan ortda qolmoqda. Masalan, aholisi ikki baravar kam Qozog‘istonda nashriyotlar soni O‘zbekistondan qariyb 10 baravar ko‘p. Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonda xalqaro kitob ko‘rgazmalari o‘tkaziladi, ammo O‘zbekistonda bunday ko‘rgazma shu paytgacha o‘tkazilmadi.

Ta’kidlanishicha, kitob nashrini qo‘llab-quvvatlashning aniq mexanizmlari ishlab chiqilishi shart. “Butun dunyoda mavjud tajriba shuni ko‘rsatadiki, noshirchilik turli jamg‘armalar, metsenatlar va, albatta, davlatning qo‘llab-quvvatlashi tufayligina o‘zining asl mohiyatiga mos natijalarni beradi. Masalan, Behbudiy, Cho‘lpon, Borxes yoki Joysni nashr qilib pul topish qiyinroq, ammo ularni nashr etmasang, noshirchilikda nima bor?!” deydi Sanjar Nazar.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston bo‘yicha birorta ham kitob bozori yo‘q. Toshkent va viloyat hokimiyatlari “delolari” ko‘tarilsa, qog‘ozda qancha yerlar kitob do‘konlari uchun ajratilgani, amalda esa kafe, oshxonalarga aylanib ketgani ma’lum bo‘ladi, deb yozadi gazeta.

XS
SM
MD
LG