Линклар

Шошилинч хабар
18 ноябр 2019, Тошкент вақти: 19:38

Qo‘qondagi tarbiyasi og‘ir qizlar kollejida “6 oyda 10 dan ortiq o‘quvchi o‘z joniga qasd qildi”


Qo‘qon shahar Maxsus yengil sanoat kasb-hunar kollejida 2018 yil oktabridan buyon “bir necha o‘n o‘quvchi qiz o‘z joniga qasd qildi”.

Bu haqda tilga olingan kollejdagi ishidan chetlatilgan va oylardan buyon huquqlari tiklanishini talab qilib kelayotgan tarbiyachilarning Ozodlikka murojaatidan ma’lum bo‘ldi.

Tarbiyachilar murojaatnomasiga o‘quvchi qizlarning o‘z joniga qasd qilganiga isbot sifatida tibbiy muassasa ma’lumotnomasini ilova qildi.

Kollejning shikoyatchilarga aloqasi yo‘q sobiq tibbiyot xodimi shaxsan o‘zi guvoh bo‘lgan ikki suitsid holati haqida aytib berdi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati so‘nggi 6 oyda Qo‘qon shahar Maxsus yengil sanoat kasb-hunar kollejida suitsid faktlari qayd etilmaganini bildirdi.

Tilga olingan kollej direktori Ozodlikning suitsid holatlariga oid savolini eshitdi va javob bermay, aloqani uzib qo‘ydi.

“15 oktabrdan buyon shu kungacha kollejda bir necha o‘n qiz o‘z joniga qasd qilganini” ism-familiyasi aytilmasligi sharti bilan iddao qilgan o‘qituvchilar, aytganlariga dalil sifatida, Qo‘qon shahar Shoshilinch tibbiy yordam shifoxonasidan olingan ma’lumotnoma fotonusxasini Ozodlikka taqdim etdi.

Bir oyda 36 qiz uchun "Tez yordam" chaqirildi

Ma’lumotnomada tibbiyot muassasasiga 2018 yilning 15 oktabrdan 15 noyabrigacha Qo‘qon shahar Maxsus yengil sanoat kasb-hunar kollejidan murojaat qilgan tarbiyalanuvchilar ism-familiyasi, qachon murojaat qilgani va qanday tashxis qo‘yilgani yozilgan.

Ro‘yxatga ko‘ra, shifoxonaga 2000 yildan buyog‘ida tug‘ilgan 36 qiz murojaat qilgan.

"Tez yordam"ga murojaat qilgan o‘quvchi qizlar to‘g‘risida ma’lumot
"Tez yordam"ga murojaat qilgan o‘quvchi qizlar to‘g‘risida ma’lumot

"Tez yordam"ga murojaat qilgan o‘quvchi qizlar to‘g‘risida ma’lumot (davomi)
"Tez yordam"ga murojaat qilgan o‘quvchi qizlar to‘g‘risida ma’lumot (davomi)

Ro‘yxatdagi 36 qizning 4 nafari tanasida metall igna, 2 nafarida chinni sinig‘i mavjudligi,1 nafarida sanchilgan jarohat borligi, 1 qizning chap yonboshida yot jism borligi, 1 o‘quvchining o‘ng soni kesilgani, 2 qizning bilagi kesilgani qayd etilgan.

Qolgan 25 qizga mutaxassis bo‘lmagan odam tushunmaydigan tashxislar qo‘yilgan. Masalan, ko‘pchilikka “Oshqozon-ichak, yot jism yo‘q”, degan tashxis qo‘yilgan. Xo‘sh, bu nima degani? Nima uchun doktorlar murojaat qilgan tarbiyalanuvchi tanasida yot jism bor-yo‘qligini aniqlashga uringan?

Bu savollar javobini ma’lumotnomani bergan tibbiyot muassasidan olishning imkoni bo‘lmadi.

Ikki suitsidda 4 qizga yordam ko‘rsatgan tibbiyot xodimining aytganlari

Kollejning sobiq tibbiyot xodimi (bu xodim nomi Ozodlikka shikoyat qilganlar orasida yo‘q) ma’lumotnomada tanasida igna mavjudligi aytilgan 4 qiz bilan bog‘liq voqeani aytib berdi:

“Aniq chislosi esimda yo‘q. Lekin noyabrligi aniq. O‘shanda uch qiz kollejdan qochib ketgan. Ushlab kelib, izolyatorga yotqizib qo‘yishgan. Izolyatorda ular qorniga tikuv ignasi tiqqan. Keyin skoriy chaqirganmiz. Men o‘zim chaqirganman”.

Kollejning bu gapni aytgan sobiq tibbiyot xodimi “Ozodlikka murojaat qilgan tarbiyachilarning “6 oyda bir necha o‘n qiz o‘z joniga qasd” qildi degan iddaosiga qo‘shilasizmi?” degan savolga “aniq nechta qiz o‘z joniga qasd qilganini ayta olmayman, lekin men shaxsan ustida turganim voqeani aytib berdim”, dedi va joriy yilning fevralida sodir bo‘lgan yana bir voqeani aytib berdi.

“Men ishga uch kunda bir borardim. 2 fevral kuni smenamga bordim. Babushkin tomondan (Qo‘qon yaqinidagi aholi punkti – tahr.) opa-singil qizlarimiz bor. Familiyasi M. (familiyani to‘liq aytdi – tahr.) Qizlarning kattasi M. (ismni to‘liq aytdi – tahr.) oynani sindirib, tomirini kesibdi. Tarbiyachisi mening xonamga - medpunktga olib kirdi. Qonni to‘xtatishning iloji yo‘q edi. Shuning uchun Tez yordam chaqirdim. Skoriy kelgunicha qonni to‘xtatishga harakat qildim”.

Bu gapni aytgan tibbiyot xodimi M.M.ning o‘z joniga qasd qilganini qizning oilasidagi muhitning o‘ta abgorligi – otasi ham, onasi ham piyonista ekanligi, opa-singil og‘ir tushkunlikka tushgani bilan izohladi.

Biroq kollejning hozirda ishsiz yurgan tarbiyachilari Ozodlikka shikoyat qilar ekan, suitsidlar “epidemiyasini” kollejda “yangi rahbariyat boshqaruvi ostida nosog‘lom muhit vujudga kelgani hamda tarbiyachilari ishsiz qolganidan norozilik sifatida o‘quvchi qizlarning isyoni” sifatida izohladi.

Ozodlik ko‘rgan rasmiy hujjatlarda "tarbiyasi og‘ir qizlar kolleji" deb tasniflangan bu muassasa o‘quvchilarining muntazam qo‘riqlanishi va ularning telefondan foydalanishiga ruxsat yo‘qligi bois¸ o‘quvchi qizlarning o‘zi bilan bog‘lanish imkoni bo‘lmadi.

Suitsidlar rasman qayd etilmagan

Bosh prokuratura matbuot xizmati Ozodlik so‘roviga javoban Farg‘onadagi mahalliy organlardan olingan ma’lumotga tayanib, so‘nggi 6 oyda Qo‘qon shahar Maxsus yengil sanoat kasb-hunar kollejida suitsid holati qayd etilmaganini xabar qildi.

Hozirda ishsiz tarbiyachilar Ozodlik bilan suhbatda o‘quvchi qizlar orasidagi suitsid holatlarini kollej rahbariyati yashirmoqda, deb iddao qildi.

2 fevralda o‘quvchi M.M. ning tomirini oyna sinig‘i bilan kesganini aytib bergan tibbiyot xodimi o‘sha kungi voqeaning davomini aytar ekan, bunday dedi:

“O‘sha paytda (M.M.ning kesilgan tomiridan otilayotgan qonni to‘xtatishga urinayotgan paytda – tahr.) direktor opa telefon qildi. “Nima uchun “Tez yordam”ni mendan beso‘roq chaqirayapsiz”, deb so‘radi. “Ertaga kollejni Ichki ishlar bosib ketadi, tekshir-tekshir boshlanadi”, dedi. Men opaga sizga yomonligim yo‘q, lekin o‘zim eplolmayman. “Tez yordam” chaqirmasak, qiz o‘lib qolishi mumkin, dedim. Mas’uliyatni o‘zimga olib “Tez yordam”ni baribir chaqirdim. Keyin, yangi bir tarbiyachi bor, o‘sha keldi. Uyam “Nega “Tez yordam” chaqirdingiz, ertaga ichki ishlar bossa ishdan bo‘shaysiz”, deb qo‘rqitdi. Mayli, bo‘shatsa bo‘shataversin. Lekin qiz o‘lib qolsa, men javob beraman, dedim”.

Ozodlik 4 aprel, soat 13.45 da (mahalliy vaqt) Qo‘qon shahar Maxsus yengil sanoat kasb-hunar kolleji direktori Qanoatxon Xolmatova bilan telefon orqali bog‘landi. Umuman suitsidlar va konkret 2 fevraldagi M.M. bilan bog‘liq savolni eshitgach, direktor aloqani uzib qo‘ydi.

O‘tgan yilning oktabrida boshlangan tekshir-tekshir va uning oqibatlari

Ozodlikka shikoyat qilgan tarbiyachilar Qo‘qon shahar Maxsus yengil sanoat kasb-hunar kollejida 2018 yilning 14 oktabr kuni boshlangan keng qamrovli tekshiruvlar ortidan ishdan bo‘shatilgan pedagoglar vakillaridir.

Ularning iddao qilishicha, o‘zlari va kollejning avvalgi rahbariyati uyushtirilgan fitna qurboni bo‘lgan. Ularning huquqlarini himoya qilayotgan advokatlar adolat qilinishini so‘rab, o‘tgan yilning 26 noyabrida mamlakat Prezidentiga, Bosh prokuraturaga, DXX va boshqa idoralarga ariza yozgan (nusxasi Ozodlikda bor).

Farg‘ona viloyat huquq-tartibot idoralari ​Qo‘qon shahridagi Maxsus yengil sanoat kasb-hunar kollejida o‘quvchi qizlar jinsiy zo‘rlangani yuzasidan tergov boshlagani to‘g‘risida Ozodlik 23 oktabrda xabar qilgan edi.

Shu kunda 247 nafar tarbiyasi og‘ir qiz o‘qiydigan, 100 nafar atrofida pedagog va boshqa ishchi-xizmatchilar ishlaydigan Qo‘qon shahar Maxsus yengil sanoat kasb-hunar kollejining sobiq direktori, uning o‘rinbosari, xo‘jalik bo‘limi mudiri, qorovuli hamda kollejga aloqasi bo‘lmagan bir shaxs tergov izolyatorida saqlanayotgani, ular ustidan boshlangan sud jarayoni davom etayotgani aytildi.

Kollej sobiq rahbarlari muassasa hududida priton tashkil qilganlikda ayblanmoqda. Hozircha ular ustidan qachon hukm chiqarilishi Ozodlikka ma’lum emas.

O‘tgan yil oktabrida boshlangan tekshiruvlar ortidan kollejning 17 tarbiyachisi va 10 nafar qavat tarbiyachisi ishdan bo‘shatilgan. Ozodlikka shikoyat qilgan tarbiyachilar iddaosicha, ular ishdan noqonuniy bo‘shatilgan.

XS
SM
MD
LG