Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:23

"Umra" loyihasi bilan Toshkentga kelgan saudiyaliklarni yarim million dollarga tushirishdi


Qidiruvga berilgan Bekzod Ibraev. Rasm jinoyat ishiga oid deloga tirkalgan.
Qidiruvga berilgan Bekzod Ibraev. Rasm jinoyat ishiga oid deloga tirkalgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Olmazor tuman sudining 13 mart kuni Mirziyod Obidov raisligida o‘tgan mahkamasida saudiyalik to‘rt nafar investorni aldab pulini o‘marishda ayblangan uch nafar o‘zbekistonlik ustidan hukm o‘qildi.

Hukmning Ozodlikka yuborilgan nusxasida yozilishicha¸ ”uyushgan jinoiy guruh a’zolari” deya malakalangan Murodbek Shamsiev 12 yil¸ Shavkat Saidvaliev 9 yil¸ Botir Xolmuhammedov esa 7 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

Saudiyaning Royal Bird for the management Operation and Maintenance shirkati vakilidan yarim million AQSh dollar miqdoridagi naqd pulni aldab olib g‘oyib bo‘lgan Zokir Salmanov va Sherzod Ibraevlar Ichki ishlar vazirligi tomonidan xalqaro qidiruvga berildi.

Sudlanuvchilarning hammasi O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik)¸ 168-moddasi (Firibgarlik) va 238-moddasi (Yolg‘on guvohlik berish) moddalarida ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi.

Sud hukmi
Sud hukmi

Yarim million naqd dollarni firibgarlarga oldirgan 60 yashar Abdul Rahmon Muhammad Anasning Mardon ismli vakili Ozodlik bilan suhbatda hukm ustidan shikoyat qilishini bildirdi.

- Norozimiz hukmdan. Bizni guvoh sifatida rasmiylashtirib¸ pulimizni davlat hisobiga o‘zlashtirishmoqchi. Biz O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari tarafidan qabul qilinib¸ investitsiya kiritayotgan paytda firibgarlar qurboni bo‘ldik. Sud aybdorlarni qisman qamagan bo‘lsa ham¸ bizning zararimizni qoplash yo‘lini topib bera olmadi¸ deydi jabrlanuvchi vakili.

Firibgar va uning qurboni. Investor Muhammad Anas (o‘ngda) sud tomonidan firibgarlikda ayblanib qidiruvga berilgan Bekzod Ibraev (chapda) bilan.
Firibgar va uning qurboni. Investor Muhammad Anas (o‘ngda) sud tomonidan firibgarlikda ayblanib qidiruvga berilgan Bekzod Ibraev (chapda) bilan.

Suhbatdoshning aytishicha¸ ayni firibgarlik sxemasi oqibatida “O‘zbekistonga investitsiya kiritmoqchi bo‘lgan Saudiya vatandoshlari Banun Turkiy Salah¸ Al Maymani Bosim Muhammad¸ Alleyoni Barra Saudlar ham zarar ko‘rgan”.

Bu tadbirkorlar O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasidan 2018 yilning 29 oktabrida olingan T-0075-01 raqamli litsenziya asosida faoliyat yuritishgan.

Innovatsion rivojlanish vazirligining Ozodlik 4 aprel kuni suhbatlashgan vakili bu tadbirkorlar 2018 yil aprel oyida vazir o‘rinbosari Sherzod Shermatov qabulida bo‘lgani va ziyorat biznesi uchun investitsiya kiritish mavzusida suhbatlashganini aytdi.

Vazirlik mulozimi investorlarning puli o‘marilgani borasidagi suddan bexabar ekanligini ham bildirdi.

Yarim million dollarlik jinoyat tarixi

Ozodlik saudiyalik tadbirkorlar va ular advokatlari bilan suhbatlar¸ qolaversa 1-1008-1903/22-sonli jinoyat ishi tafsilotlari asosida voqeaga oydinlik kiritishga urindi.

Jinoyat ishidagi hujjat va ko‘rsatmalarda aks etishicha “saudiyalik investorlarni Toshkentga chaqirib pulini shilish g‘oyasi” hozirda firibgarlikda ayblanib 12 yilga kesilgan Murod Shamsiev va xalqaro qidiruvga berilgan 38 yashar Bekzod Ibraevdan chiqqan.

Hujjatlarga ko‘ra¸ aynan Bekzod Ibraev haj qilish uchun 2018 yili Saudiyaga borganida¸ “investorlarni ilintirgan".

Sudlanuvchi Shavkat Saidvalievning tergov davomida bergan ko‘rsatmasida voqea tafsilotlari hikoya qilingan.

“2018 yil mart oyida Ibraev uyimga keldi. Haj ibodatini ado etdim va sizga o‘sha muqaddas yurtdan sovg‘a keltirdim¸ deb hadyalar berdi. Saudiyada O‘zbekistondan “Haj” va “Umra” ziyoratini tashkil qilishga investitsiya qilishga tayyor shaxslar bilan tanishib keldim dedi. Ularni O‘zbekistonga chaqirib olish ishida qatnashishimni so‘radi. Evaziga besh nafar mening odamimni “Haj” safariga tekin yuborishga va’da berdi.”

Jinoyat ishidagi hujjatlarga ko‘ra¸ ana shundan keyin Ibraev o‘z atrofiga hozir qidiruvga berilgan 55 yashar Zokir Salmonovni ham tortgan. Bu uchlik Saudiyaning Riyod shahrida yashaydigan to‘rtta tadbirkorga “O‘zbekistondan “Umra” va “Haj” ziyoratini amalga oshirish uchun litsenziya-shartnoma va mexmonxona qurish uchun yer uchastkasi olib berish va eng muhimi rahbariyat “akaxonligini” va’da qilishgan.

Shundan so‘ng¸ Saudiyada istiqomat qiladigan Afg‘oniston vatandoshi Abdul Rahmon Muxammad Anas (M. Abdul Rahman Mohammad Anas) nomiga Tashqi mehnat migratsiyassi agentligi tarafidan mehnat faoliyatini tasdiqlovchi 1022 raqamli hujjat rasmiylashtiriladi.

Saudiya vatandoshlari Banun Turki Salah¸( Banoun Turki Saleh S) Al Maymani Bosim Muhammad¸ (Al Maimani Basim Mohammad A) Allexyoni Barra Saudlarga (Allehyani Barra Saud N) Riëddagi O‘zbekiston elchixonasi tezlashtirilgan tartibda viza beradi.

Ozodlikda Innovatsion rivojlanish vazirligi xalqaro hamkorlik boshqarmasi boshlig‘ining saudiyalik tadbirkorlar bilan yozishmalari nusxasi bor.

Bu yozuvlarda Saudiya vatandoshlari Banun Turki Salah¸Al Maymani Bosim Muhammad¸ Allexyoni Barra Saudlar uchun “O‘zbekistonda yashil chiroq “ va’da qilinadi.

2018 yilning 18 aprelida Riyoddan uchib kelgan to‘rt nafar “saudiyalik investor” Toshkent xalqaro aeroporti VIP zalida kutib olinadi.

Jinoyat ishi hujjatlarida aks etishicha¸ “saudiyalik investorlarning” Innovatsion rivojlanish vazirligida qabul qilinishi “ham vazirlik¸ ham ko‘cha bolalariga taalluqli” Nilufar Yunusova o‘z zimmasiga oladi.

Izlar vazirlikka borib taqaldi

Ozodlikda nusxasi bo‘lgan 1-1008-1903/22-sonli jinoyat ishida ta’kidlanishicha¸ hozirda mahkum¸ sud tarafidan to‘da boshlig‘i sifatida malakalangan Murodbek Shamsiev Saudiya tadbirkorlaridan olgan 500 ming AQSh dollaridan 300 ming AQSh dollarini Innovatsion rivojlanish vazirligi Ta’lim boshqarmasida ishlaydigan Nilufar Yunusovaga bergan. Yunusova keyinroq 150 ming AQSh dollarini “ish pishmadi”¸ deya Shamsievga qaytib bergan.

Jinoyat ishida vazirlik mulozimasi Nilufar Yunusova izmi zikr qilingan
Jinoyat ishida vazirlik mulozimasi Nilufar Yunusova izmi zikr qilingan

Jinoyat ishi figuranti Yunusovaga nisbatan “tilxat” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudining 13 mart kuni bo‘lib o‘tgan majlisida Yunusovaga nisbatan ajrim yoki hukm chiqarilmadi.

Sud kotibining Ozodlikka 4 aprel kuni aytishicha¸ Yunusova va boshqa figurantlarning aybdor yoki aybdor emasligi masalasi sudning navbatdagi majlisida ko‘riladi.

Nilufar Yunusova ayni kunlarda Innovatsion rivojlanish vazirligida ishlashda davom etmoqda.

Innovatsion rivojlanish vazirligining 4 aprel kuni Ozodlik suhbatlashgan vakili “vazirlik xodimasining jinoyatda gumonlanayotgani borasida” izoh bermadi.

Vazirlik “primanka” sifatida qo‘llanildi

Tadbirkor Abdul Rahmon Muxammad Anasning Mardon ismli vakili aytishicha¸ Murodbek Shamsiev boshchiligidagi guruh saudiyalik investorlardan naqd pul ko‘rsatishni so‘rashgan.

- "Bizning vazirlikdagi odamlarimiz ishonishi uchun pulni naqd shaklida ko‘rishimiz kerak. Keyin pulni bir taqvoli odamga vaqtincha omonat qilib berib qo‘yamiz. Bankga qo‘ysak ribo bo‘ladi"¸ deyildi. Shu shartdan keyingina vazir o‘rinbosari Sherzod Shermatov bilan uchrashuv aniq bo‘ladi¸ deb va’da berdi. Oq-qora yelim xaltada yarim million AQSh dollarini Bekzod Ibraevga berdik. Buni rasmga ham olib qo‘ydik. Ana shundan keyin vazirlik xodimasi Nilufar Yunusova telefon qilib vazir o‘rinbosari sizlarni kutayapti¸ dedi.(iqtibos tugadi)

Jinoyat ishi hujjatlarida “investor”larni Innovatsion rivojlanish vazirligi eshigi oldida Nilufar Yunusova kutib olgani va vazir o‘rinbosari Sherzod Shermatov xonasiga uning yordamchisi Rustam olib kirgani aytiladi.

Ozodlik tasarrufidagi hujjatlarda bu uchrashuv paytida Innovatsion rivojlanish vazirligi xalqaro boshqarmasi boshlig‘i Iskandar Abdurahimovning ham ishtirok qilgani aks etgan.

Abdul Rahmon Muxammad Anas vakiliga ko‘ra¸ “investorlar ziyorat turizmi” borasida yiliga million AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritish taklifini ilgari surishgan.

Ozodlik 4 aprel kuni suhbatlashgan Innovatsion rivojlanish vazirligi vakiliga ko‘ra¸ “bu uchrashuv xushmuomala tashrif formatidan nariga o‘tmagan".

Ular o‘zbeklarni “Haj” va “Umra” ziyoratiga jo‘natadigan turfirma ochish va Imom Buxoriy ziyoratggohiga Saudiyadan turist olib kelishni va’da qilishdi. Umumiy masalalar va umumiy gaplar aytilib¸ asosiy gap keyingi uchrashuvga qoldirildi”.

Bu uchrashuvdan sal oldin Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Jasur Akramov Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Baxtiyor Umarovga rasmiy maktub yo‘llagan edi

Bu hujjatda “Umra” va “Haj” safarining xususiy shirkatlar tarafidan tashkil qilinishi maqsadga muvofiq emasligi ta’kidlanadi.

Abdul Rahmon Muxammad Anas vakili Ozodlik bilan suhbatda “xususiy shirkatlarga ziyorat biznesi taqiqlanganini bilib turib¸ bizni Innovatsion rivojlanish vazirligida aldashdi” deya tashvish bildirdi.

Bu uchrashuvdan keyin¸ sud tergov hujjatlariga ko‘ra¸ naqd 500 ming AQSh dollarini olgan Murodbek Shamsiev boshliq guruh “telefonlarini o‘chirib qo‘yib¸ investorlar bilan aloqani uzadi”.

Suhbatdoshning Ozodlikka aytishicha¸ “bu paytga kelib bu pulni olgan guruh ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan va Innovatsion rivojlanish vazirligi mulozimasi Nilufar Yunusova men sizlarni tanimayman” deb turib olgan.

- Shu paytda bizni chuv tushirishganini tushunib ydtdik¸ deydi suhbatosh.

Ozodlik bilan 4 aprel kuni gaplashgan Innovatsion rivojlanish vazirligi vakiliga ko‘ra¸ firibgarlar vazirlikdagi uchrashuvdan “primanka” (qarmoqqa ildiriladigan xo‘rak) sifatida foydalanishgan.

Pulidan ayrilgan tadbirkorlar arizasi ortidan jinoyat ishi ochilib¸ 2018 yilning sentabr-oktabr oylarida firibgarlar to‘dasining uch nafari qo‘lga olinadi va ikki nafariga qidiruv e’lon qilinadi.

XS
SM
MD
LG