Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:32

13 yoshli o‘quvchi ustozi ayovsiz do‘pposlagani haqida Ozodlikka shikoyat qildi


Xorazm viloyati Xazorasp tumani Pitnak shahridagi 3-son o‘rta maktabning 6-sinf o‘quvchisi Doston Sultonov "Milliy istiqlol g‘oyasi fani"dan dars beruvchi o‘qituvchisi kaltaklab, tan jarohati yetkazgani haqda Ozodlikka shikoyat qildi.

Voqea 4 aprel kuni Pitnakdagi 3-son maktabda ro‘y bergan.

Maktab rahbari Guli Qurbonova bu xolatni maktab majlisida muhokama qilgani, o‘quvchini kaltaklagani haqidagi shikoyat ortidan o‘qituvchiga ogohlantirish berganini aytdi.

Voqea aybdori sifatida ko‘rilayotgan “Milliy istiqlol g‘oyasi” fani o‘qituvchisi Suroj Sapaev esa Ozodlik bilan suhbatda o‘quvchi iddaolarini rad etdi.

Sapaevga ko‘ra, qaytanga o‘quvchisi uni onasidan so‘kkan.

Bolaning qarindoshlari xolat yuzasidan Pitnak shahar Ichki ishlar bo‘limiga shikoyat qilishganini aytishdi.​

Jabrlanuvchi sifatida ko‘rilayotgan 13 yoshli Doston 4 aprel kuni "Milliy istiqlol g‘oyasi fani"dan dars beruvchi o‘qituvchisi sinfdoshlarining ko‘z o‘ngida uni do‘pposlaganini aytdi.

- Dars qilib jim o‘tiringlar, deb ustozimiz chiqib ketdi. Keyin keldi-da "daftaring qani", deb yuzimga shapaloq tushirdi. Daftar pastda yotgan ekan egilib olaman deganimda tepdi. Keyin sinfxonadan chiqib ketayotgan edim, ushlab qorovulxonaga olib borib yana urdi, uyga kelsam yuzim ko‘kargan, yelkamda tirnalgan. Doktorga olib borishdi, Behzod degan doktor ko‘rib, militsiyaga ariza tashlashni tavsiya qildi, shundan so‘ng militsiyaga ham shikoyat qildik, - deydi Doston Sultonov.

Bolaning qarindoshlari Pitnak shahar Ichki ishlar bo‘limiga shikoyat qilishgani lekin hech kanday natija bo‘lmaganini aytishdi.

- Militsiyaga ham shikoyat qildik, maktab direktoriga ham shikoyat qildik natija bo‘madi. Kambag‘alni bolasi, hech kimni ishi yo‘q, - dedi o‘quvchining amakisi Nodir Sultonov.

Maktab rahbari Guli Qurbonova Ozodlik bilan suhbatda masalani obdon o‘rgangani, o‘quvchini kaltaklagani haqidagi shikoyat ortidan o‘qituvchiga ogohlantirish berganini aytdi.

- Men o‘qituvchi bilan bu haqda shaxsan gaplashdim. Urma deb ogohlantirdim. O‘z u o‘qituvchilarni urmaydi, juda og‘ir-bosiq odam. Shu kuni "nimaga daftaring yo‘q" deb aytganida bola gap qaytargan, o‘z ustozini onasidan so‘kkan, janjal shuni ustida bo‘lgan ekan. Baribir ogohlantirish berdik o‘qituvchiga, - deydi Qurbonova.

Voqea aybdori sifatida ko‘rilayotgan “Milliy istiqlol g‘oyasi” fani o‘qituvchisi Suroj Sapaev Ozodlikka o‘z o‘quvchisi onasida so‘kkani uchun g‘azabi qo‘zigani, lekin bolani aslo kaltaklamaganini aytdi.

- Daftaring qani deb so‘radim, u meni haqorat qilyapti "Onangni .....", deb menga baqiryapti. O‘qituvchiga shunday deydimi normalniy o‘quvchi. “Milliy istiqlol g‘oyasi”ni shu boladan so‘rang, biron narsa bilmaydi, O‘zbekiston madhiyasini bilmaydi, gerb qachon qabul qilingan, bilmaydi. Daftari ham yo‘q. Yaxshi gap bilan tushuntirasiz, kor qilmaydi. Meni o‘zim og‘ir-bosiq odamman, lekin urmaganman, - dedi muallim.

Doston Sultonov o‘quvchisiga onasidan so‘kkanini tan oldi.

- Meni shuncha do‘pposlaganidan keyin shunday deyishga majbur bo‘ldim, - deydi kaltaklanganini iddao qilayotgan o‘quvchi.

Ayni paytda bolaning qarindoshlari muallimga nisbatan jazo ko‘rilishini talab qilib, huquq-tartibot idoralariga shikoyat qilgan.

Vrach xulosalarini ham IIBga taqdim qilishgan.

Pitnak shahar Ichki ishlar bo‘limi xodimi Ozodlikka o‘quvchi qarindoshlarining shikoyati o‘rganib chiqilayotganini aytdi.

O‘zbekistonning maktab va kollejlari hamda bolalar bog‘chalarida o‘quvchi va tarbiyalanuvchilarni o‘qituvchilar kaltaklagani haqida Ozodlik ilgari ham xabar bergan.

O‘tgan yil Xorazm viloyat, Bog‘ot tuman prokuraturasi Olimpiada milliy sport turlari bo‘yicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatining 36 yashar murabbiysi shu maktabning 5- sinf o‘quvchisini dars paytida kaltaklagan.

Bolaning yaqinlari Ozodlikka 5 sinf o‘quvchisi 20 sentabr kuni kaltaklangani ortidan komaga tushganini aytishgandi.

O‘tgan yili Ozodlik Urganch avtomobil transporti kollejida muallim haqoratlar bilan talabani tuflisi bilan urayotgani aks etgan videoni e’lon qilgan, bir necha kun o‘tib muallim ishdan haydalgani xabar qilingan edi.

Xorazm viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi mulozimi Ozodlikka o‘quvchi yoki tabiyalanuvchilarning kaltaklanishi bilan bog‘liq har bir xolat har bir shikoyat o‘rganib chiqilishini aytdi.

- Bunaqa xolat so‘nggi yillarda bo‘lyapti, har bir xolatni o‘rganib, chora ko‘ryapmiz, - dedi Xorazm viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi mulozimi Ozodlik bilan suhbatda

XS
SM
MD
LG