Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanidagi 16-sonli maktabning 9-sinf o‘quvchisi o‘z uyida osilgan xolda topildi. Qiz o‘zini osgani gumon qilinmoqda. Ozodlik jurnalistik odob nuqtai nazardan qizning ismini ochiqlamaydi.
Hodisa 7 aprel kuni O‘rta Chirchiq tumanining Qorasuv qishloq fuqarolar yig‘ini "Rovatak" mahallasida ro‘y berdi.
16 yoshli qizning o‘z joniga qasd qilgani sababi ma’lum emas.
Tuman prokuraturasi qizning o‘limi yuzasidan tergov olib bormoqda.
Ozodlik muxbiri O‘rta Chirchiq tumanida yuz bergan fojia tafsilotlarini aniqlash uchun 16-o‘rta maktabga qo‘ng‘iroq qildi.
Maktabning o‘quv ishlari bo‘yicha rahbarlaridan biri Ozodlikka o‘quvchi qiz o‘zini osganidan butun maktab junbushga kelganini aytdi.
- Kecha janozasi bo‘ldi, butun maktab bordi, hammamiz qayg‘udamiz. Juda odobli, aqlli qiz edi, hayron bo‘lib qoldik nega bunday bo‘lganiga, - dedi maktab mas’uli.
O‘rta Chirchiq tuman Ichki ishlar bo‘limi mulozimi Ozodlikka o‘quvchi qizning o‘limi yuzasidan tergov olib borilayotgani va tergov vajidan bu haqda ma’lumot berolmasligini aytdi.
Qo‘shnilaridan birining aytishicha, oilada uch farzandning biri bo‘lgan qiz 7 aprel kuni uyida yo‘qolib qolgan.
Ota-onasi qizni qidirib uy hovlisiga chiqishganida uni ayvon ustuniga osilgan holda ko‘rishgan.
Lekin, marhumaning ota-onasi Ozodlikka gapirishga istak bildirmadi.
Bu so‘nggi ikki oy ichida Ozodlik o‘rgangan O‘zbekistonda yoshlar orasidagi o‘n oltinchi suitsiddir.
O‘tgan hafta Ozodlik Qo‘qon shahar Maxsus engil sanoat kasb-hunar kollejida 2018 yil oktabridan buyon “bir necha o‘n o‘quvchi qiz o‘z joniga qasd qilgan”ini aniqlagan edi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev 2017 yil noyabrdagi hukumat majlisida mamlakatda ayollar o‘rtasida suiqasd holatlari soat sayin ortayotganini aytgandi.
Joriy yildan prezident farmoni bilan O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi lavozimlari ro‘yxatiga “O‘zbekiston Respublikasi Bosh psixiatri” va “O‘zbekiston Respublikasi Bosh suitsidologi” lavozimlari kiritildi.