Линклар

Шошилинч хабар
17 декабр 2025, Тошкент вақти: 01:14

Diniy idorada "bezorilik qilgan" 2 kishiga ayblov e’lon qilindi


Rustam Karim va To‘lqin Astanov, 8 aprel, 2019 yil
Rustam Karim va To‘lqin Astanov, 8 aprel, 2019 yil

Musulmonlar idorasi, 8 aprel kuni o‘z binosida "jamoat tartibini buzdi", deb ustidan arz qilgan ikki kishi ma’muriy huquqbuzarlikda ayblandi.

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi (IIBB) tarqatgan videomaterialda, "soxta obro‘ orttirish payida bo‘lgan" bu ikki shaxs Facebook ijtimoiy tarmog‘ida diniy idora raisi "sha’niga putur yetkazuvchi postlar qoldirgan", deyiladi.

Bu ikki shaxsdan biri - Rustam Karim nomi bilan tanilgan Facebook faolidir. U ayni tarmoqdagi jonli chiqishida "o‘z pozitsiyasini bildirish uchun" idoraga borganini bildirgandi.

Ayni paytda, ikkovlonning qaerda saqlanayotgani noma’lum qolmoqda.

Facebook Live

8 aprel kuni Rustam Karim Facebook ijtimoiy tarmog‘ida ikkita jonli chiqish qildi.

U tarmoqdagi folloverlariga "To‘lqin aka", deb tanishtirgan sherigi bilan Musulmonlar idorasiga borgani va u yerdagi uchrashuvda "hijob, halol sertifikat kabi masalalarda o‘z pozitsiyasini idora rahbariyatiga bildirgani"ni aytdi.

Jonli chiqishlardan biri idora binosi ichida, ikkinchisi esa ko‘chada qilingan.

Shuningdek, ikkovlon idoradagi uchrashuvda Navro‘z va sumalak haqida hadis rivoyat qilingan "Ergash Ochilovning kitobi" masalasini ham ko‘targanini aytgan.

Rustam Karim bu chiqishlarda diniy idora raisi o‘rinbosarini "qo‘shtirnoq ichida Shayx Abdulaziz Mansur", deb atagan.

Muloqot so‘nggida, idoradan tinch-omon ko‘chaga chiqqanini xabar qilgan.

Tarmoqda aksiya

Bu chiqishdan biroz o‘tib tarmoqlarda ikkovlonning qo‘lga olingani haqida xabarlar paydo bo‘ldi.

Tarmoq foydalanuvchilari ular xalq orasida "Panelniy", deb ataladigan Toshkentdagi vaqtinchalik saqlash markaziga olib ketilgan, degan xabarlarni ulashdi.

Qisqa muddatda Facebook ijtimoiy tarmog‘ida "Rustam Karim va To‘lqin Astanovga ozodlik" chaqirig‘i ostida aksiya boshlanib ketdi.

Rasmiy bayonot

Toshkent shahar IIBBning xabar qilishicha, ikkovlon diniy idorada bezorilik qilgani va IIV xodimlari talabini bajarmagani uchun ma’muriy huquqbuzarlikda ayblangan.

Bayonotda aytilishicha, bu shaxslar idora xodimlariga "haqoratomuz o‘xshatishlar bilan o‘z talablarini izhor etgan", har bir harakatini "ijtimoiy tarmoqlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri uzatgan", ichki ishlar xodimlarining qonuniy talablariga "qat’iy rad javobini berishgan".

Ammo, Toshkent shahar IIBB bayonotida, bu faollarning qachon qo‘lga olingani, qaerda saqlanayotgani haqida ma’lumot berilmagan.

Tarmoqlarda xabar qoldirayotgan safdoshlariga ko‘ra esa, ikkovlon 15 sutkaga hibs qilingan.

(Ozodlik hozirda O‘zbekiston Bosh prokuraturasidan bu ikki shaxs taqdiriga oid ma’lumot kutmoqda. Shuningdek, ularning oilasi bilan bog‘lanishga urinmoqda.)

Ortiqcha tanqid

Rasmiy xabarda Musulmonlar idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov xizmat safarida bo‘lgani bois, faollarning rais o‘rinbosari, shayx Abdulaziz Mansur bilan uchrashgani aytiladi.​

Toshkent shahar IIBB Facebook sahifasida taqatgan videomaterialda Abdulaziz Mansur ham uchrashuvning tafsilotlarini hikoya qilarkan, Rustam Karimning "o‘zini tutishi boshqacha" ekani, "qattiq baqirib gapirgani"ni aytadi.

Idora mulozimi Facebook faolining tarmoqdagi boshqa chiqishlarini ham eshitgani, uning "O‘zbekistondagi imom-xatiblar, ulamolar, diniy idorani umuman tan olmayotgani, gapga quloq solmayotgani, ulamolarni ortiqcha tanqid qilib yuborayotgani"ni aytib o‘tadi.

Ma’muriy jazo

IIBB bayonotida aytilishicha, ikkovlonning ishi Toshkent shahar Olmazor tumani ma’muriy ishlar bo‘yicha sudida ko‘rilgan.

Sud "43 yoshli muqaddam bir necha bor sudlangan (shular qatorida firibgarlik uchun ham) R.K. va 47 yoshli A.T.larni O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183- (“Mayda bezorilik”) va 194-moddalarida (“Militsiya xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik”) ko‘rsatilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor, deb topgan".

Facebook tarmog‘ida tanilgan faol

Rustam Karim - Facebook ijtimoiy tarmog‘ida diniy idora mulozimlari, taniqli ulamolarni fotoshop qilingan karikaturalar bilan hajv qilishi, ularni keskin tanqid qilishi bilan tanilgan.

U ma’lum muddat xorijda yashagan va bir necha hafta avval, siyosiy qochqinlik so‘rab yozgan arizasi rad etilgach, Polshadan O‘zbekistonga deportatsiya qilingan edi.

XS
SM
MD
LG