Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 14:15

Bosh prokuratura: Rashitjon Qodirovga nisbatan qiynoq qo‘llanilmagan


Sobiq bosh prokuror Rashitjon Qodirov.
Sobiq bosh prokuror Rashitjon Qodirov.

Bosh prokuratura korrupsiyada ayblanib sudlanayotgan sobiq bosh prokuror Rashitjon Qodirovga nisbatan qiynoqlar qo‘llanilganini rad etdi.

10 aprel kuni Ozodlik radiosi Amnesty International tashkiloti Rashitjon Qodirov qiynoqlarga solingan bo‘lishi ehtimolidan tashvish bildirgani haqida maqola chop etgan edi.

Bosh prokuratura rasmiy bayonotida ta’kidlanishicha: “Tergovning boshidanoq R.Qodirovga himoyalanish huquqi berilgan, advokatning barcha tergov harakatlarida ishtiroki, shuningdek, u bilan hech qanday cheklovlarsiz holi uchrashish imkoniyati ta’minlangan.

R. Qodirov va boshqa ishtirokchilarning yoshini hisobga olgan holda, dastlabki tergov davomida ularning sog‘lig‘i Ichki ishlar vazirligi tibbiyot muassasalarining doimiy nazorati ostida bo‘ldi. Ishni sudda ko‘rib chiqish jarayonida ham doimiy tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda va barcha zarur tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan alohida maxsus transport vositasi ajratilgan.

Tergov davomida sud-tibbiy ekspertiza o‘tkazilgan, uning xulosasiga ko‘ra, R.Qodirovning sog‘lig‘ining holati qamoqda saqlashga to‘sqinlik qilmasligi ma’lum bo‘lgan va unda hech qanday tan jarohatlari aniqlanmagan”.

Bosh prokuraturaning bildirishicha, jinoyat ishi doirasida 2018 yil 25 fevralda qamoqqa olingan Rashitjon Qodirov advokatga hech qanday jismoniy yoki ruhiy bosim o‘tkazilmayotganligini ham aytgan.

“Ta’kidlash joizki, Moskva shahrining «Shcheglov i partnyori» advokatlik byurosi bilan tuzilgan huquqiy yordam ko‘rsatish shartnomasi asosida faoliyat yurituvchi advokat A.Madyarov R.Qodirovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishida advokat sifatida ishtirok etishini ta’minlashga oid choralar ko‘rish to‘g‘risida iltimosnoma bilan faqatgina 18.07.2018 yilda murojaat qilgan.

Tergov organlari zudlik bilan bu haqida R.Qodirovni xabardor qilish choralarini ko‘rgan, R.Qodirov A.Madyarov huzurida o‘z tashabbusiga ko‘ra uning xizmatlaridan voz kechib, unga nisbatan hech qanday jismoniy yoki ruhiy bosim o‘tkazilmayotganligi, u ixtiyoriy ravishda ko‘rsatmalar berayotgani haqida ma’lum qilgan. Shuningdek, R.Qodirov ayni paytda uning huquqlarini boshqa advokat himoya qilayotgani va qo‘shimcha advokat jalb qilinishiga ehtiyoji yo‘qligini bildirgan.

Bundan tashqari, uchrashuvda A.Madyarovning talabiga binoan R. Qodirov unga o‘z tanasini ko‘rsatgan, shundan so‘ng A.Madyarov tan jarohatlari yo‘qligiga ishonch hosil qilgan”, deyiladi rasmiy xabarda.

Bosh prokuratura tergov davomida R.Qodirov o‘z aybini faqat qisman tan olgan, “bu esa unga ayblov bo‘yicha o‘z fikrini erkin ifoda etish imkoniyati berilgani va uning bunday mazmundagi ko‘rsatmalarini olishda unga nisbatan qandaydir bosim o‘tkazilganlik fakti mavjud emasligidan dalolatdir”.

“Bundan tashqari, 17.01.2019 yilgi sud majlisida raislik qiluvchi sudyaning savoliga R.Qodirov tergov davomida o‘z ko‘rsatmalarini ixtiyoriy ravishda berganligini ma’lum qildi va bu sud majlisi bayonnomasida qayd etildi.

Bugungi kunda R.Qodirovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi sud tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.

Bosh prokuratura jinoyat ishlariga jalb etilgan fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash bo‘yicha barcha zarur choralar ko‘rilishini kafolatlaydi”, deb bildirdi O‘zbekiston Bosh prokuraturasi.

XS
SM
MD
LG