Линклар

Шошилинч хабар
20 ноябр 2019, Тошкент вақти: 08:56

Bosh prokuratura: diniy idorada "bezorilik qilgan" ikki shaxs 15 sutkaga qamalgan


Rustam Karim va To‘lqin Astanov, 8 aprel, 2019 yil

Bosh prokuratura Musulmonlar idorasi bezorilikda ayblagan Facebook faollari - Rustam Karimov va To‘lqin Astanovlar 15 sutkaga hibs qilinganini ma’lum qildi.

Musulmonlar idorasi, bu ikki shaxs 8 aprel kuni tashkilot binosida "jamoat tartibini buzgani" to‘g‘risida ichki ishlarga arz qilgan.

Rustam Karim va To‘lqin Astanovlar Facebook ijtimoiy tarmog‘ida Diniy idora rahbariyati va mamlakat ichidagi ayrim ulamolarga nisbatan keskin tanqidi, hajviy postlari bilan tanilgan.

8 aprel kuni qator bahsli diniy masalalarda o‘z pozitsiyasini bildirish uchun Musulmonlar idorasiga borganini ular ham ijtimoiy tarmoqda jonli chiqish tarzida xabar qilgandi.

Bosh prokuratura bayonoti

Ozodlikka 11 aprel kuni taqdim qilingan Bosh prokuratura bayonotida aytilishicha, "01.06.1975 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan Karimov Rustam Abdurashidovich tanishi, 25.04.1971 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan Astanov To‘lqin Tashmuradovich" bilan 8 aprel kuni Musulmonlar idorasiga borgan va o‘sha yerdan turib Facebook tarmog‘iga video joylagan.

"Videoda “shayx bilan gaplashdim”, “Qorbobo”, “Sumalak bobo” deb A.Mansurovni shaxsiyatiga tegib, hurmatsizlik qilgan, voqea joyiga mazkur huquqbuzarliklarini bartaraf etish uchun yetib kelgan IIB xodimlari qonuniy talablarini bajarmasdan, qarshilik ko‘rsatishgan".

Ikkovlon "MJtKning 183-moddasi va 194-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topilib, MJtKning 34-moddasiga asosan har ikkalasiga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan", deyiladi Bosh prokutura bayonotida.

Bayonotda aytilishicha, har ikki sudlanuvchi ayblovni tan olmagan, ammo sud guvohlar ko‘rsatmalari va to‘plangan dalillar asosida ayblov tasdig‘ini topdi, deb hukm chiqargan.

9 aprel kuni Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tarqatgan videomaterialda ham bu ikki faol "soxta obro‘ orttirish payida bo‘lgan" va Facebook ijtimoiy tarmog‘ida diniy idora raisi "sha’niga putur yetkazuvchi postlar qoldirgan", "IIV xodimlari qonuniy talablariga "qat’iy rad javobini berishgan", deb xabar qilingandi.

Ammo, ikkovlonga aynan qanday jazo qo‘llangani va ayni damda ularning qaerda saqlanayotgani aytilmagan edi.

Facebook Live

8 aprel kuni Rustam Karim Facebook ijtimoiy tarmog‘ida ikkita jonli chiqish qildi.

U tarmoqdagi folloverlariga "To‘lqin aka", deb tanishtirgan sherigi bilan Musulmonlar idorasiga borgani va u yerdagi uchrashuvda "hijob, halol sertifikat kabi masalalarda o‘z pozitsiyasini idora rahbariyatiga bildirgani"ni aytdi.

Jonli chiqishlardan biri idora binosi ichida, ikkinchisi esa ko‘chada qilingan.

Shuningdek, ikkovlon idoradagi uchrashuvda Navro‘z va sumalak haqida hadis rivoyat qilingan "Ergash Ochilovning kitobi" masalasini ham ko‘targanini aytgan.

Rustam Karim bu chiqishlarda diniy idora raisi o‘rinbosarini "qo‘shtirnoq ichida Shayx Abdulaziz Mansur", deb atagan.

Muloqot so‘nggida, idoradan tinch-omon ko‘chaga chiqqanini xabar qilgan.

Ortiqcha tanqid

Toshkent shahar IIBBning videobayonotida Musulmonlar idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov xizmat safarida bo‘lgani bois, faollarning rais o‘rinbosari, shayx Abdulaziz Mansur bilan uchrashgani aytildi.​

IIBB Facebook sahifasida tarqatilgan videomaterialda Abdulaziz Mansur ham uchrashuvning tafsilotlarini hikoya qilarkan, Rustam Karimning "o‘zini tutishi boshqacha" ekani, "qattiq baqirib gapirgani"ni aytadi.

Idora mulozimi Facebook faolining tarmoqdagi boshqa chiqishlarini ham eshitgani, uning "O‘zbekistondagi imom-xatiblar, ulamolar, diniy idorani umuman tan olmayotgani, gapga quloq solmayotgani, ulamolarni ortiqcha tanqid qilib yuborayotgani"ni aytib o‘tadi.

Tarmoqda aksiya

8 aprel kuni ikki faolning Facebook tarmog‘idagi jonli chiqishidan biroz o‘tib, ularning qo‘lga olingani haqida xabarlar paydo bo‘ldi.

Tarmoq foydalanuvchilari ular xalq orasida "Panelniy", deb ataladigan Toshkentdagi vaqtinchalik saqlash markaziga olib ketilgan, degan xabarlarni ulashdi. Biroz so‘ngra, To‘lqin Astanovning oilasiga tayangan tarmoq foydalanuvchilari qo‘lga olinganlarning "Panelniy"da saqlanmayotgani, ayni paytda qaerda ekani noma’lumligi haqidagi postlarni qoldirdilar.

Qisqa muddatda Facebook ijtimoiy tarmog‘ida "Rustam Karim va To‘lqin Astanovga ozodlik" chaqirig‘i ostida aksiya boshlanib ketdi.

Facebook tarmog‘ida tanilgan faol

Rustam Karim - Facebook ijtimoiy tarmog‘ida diniy idora mulozimlari, taniqli ulamolarni fotoshop qilingan karikaturalar bilan hajv qilishi, ularni keskin tanqid qilishi bilan tanilgan.

U ma’lum muddat xorijda yashagan va bir necha hafta avval, siyosiy qochqinlik so‘rab yozgan arizasi rad etilgach, Polshadan O‘zbekistonga deportatsiya qilingan edi.

U bilan birga hibs qilingan To‘lqin Astanov ham ayni tarmoqda mamlakatdagi diniy rahbariyat va ayrim imomlarga nisbatan tanqidiy sharhlari bilan tanilgan faoldir.

U bundan avval ham ayni tarmoqdagi postlari uchun qo‘lga olingan va qisqa muddatga hibsda saqlangan. Hibsdan chiqqach esa, ijtimoiy tarmoqda diniy-siyosiy mavzularda post qoldirmaslikdan ogohlantirilganini bildirgandi.

XS
SM
MD
LG