Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:07

FSB Qrimda hibsga olingan imomning "o‘zbekistonlik" ekaniga urg‘u bermoqda (VIDEO)


FSB Qrimda reyd o‘tkazmoqda, Sevastopol, 2019, 26 mart
FSB Qrimda reyd o‘tkazmoqda, Sevastopol, 2019, 26 mart

Qrimning Sevastopol shahridagi masjid imomi “ekstremistik chaqiriqlar”da ayblanib, hibsga olindi. Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FSB) tarqatayotgan xabarlarida ekstremizmda ayblanayotgan shaxsning “o‘zbekistonlik” ekaniga urg‘u berilmoqda.

15 aprelda Rossiya FSB xodimlari Sevastopolning Balaklava tumanidagi masjid imomi uyida va mahalliy masjidda tintuv o‘tkazdi.

FSBning Qrim boshqarmasi rasmiy bayonotida tintuv o‘tkazilgan masjid imomi to‘g‘risida bunday deyilgan:

"Tergov tomonidan aniqlanishicha, O‘zbekistonda tug‘ilgan bu shaxs radikal islomchilar guruhi yetakchisi sifatida Sevastopolning diniy muassasalaridan birida taqiqlangan adabiyotlar yordamida xutba o‘qigan. U o‘z qavmini diniy aqidalariga qarshi bo‘lgan grajdanlarga nisbatan zo‘ravonlik harakatlarini amalga oshirishga da’vat etgan, pinhona o‘tkazilgan ma’ruzalarida o‘zining ekstremistik faoliyatiga yangi odamlarni jalb qilgan",- deyiladi FSB bayonotida.

Imomga nisbatan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 280- moddasi, 1- qismi (“Ekstremistik faoliyatga ommaviy da’vat etish”) asosida jinoyat ishi ochilgani bildirildi.

FSB, Rosgvardiya va Ichki ishlar vazirligi xodimlari tomonidan imomning yashash joyi va u boshqarayotgan masjidda “taqiqlangan adabiyot, hujjatlar, kompyuter texnikasi, aloqa vositalari va boshqa buyumlar” musodara qilingani aytildi.

FSB “radikal islomchilar guruhi rahbari”ni hibsga olish jarayoni aks etgan videotasvirni ham e’lon qildi.

Ozodlik maxfiy xizmatlar ismini ochiqlamayotgan, lekin uning “o‘zbekistonlik” ekanini aytayotgan imomning millati qrim tatar bo‘lgan 35 yashar Rustem Abilev ekani va u yoshligida ota-onasi bilan O‘zbekistondan Qrimga ko‘chib ketganini aniqladi.

O‘zini Rustam deb tanishtirgan sevastopollik Rustem Abilevning qo‘lga olinishi yuzasidan fikr bildirarkan, bunday dedi:

- U kecha hibsga olindi. Bilishimcha, bugun uni hibsda qoldirish bo‘yicha chora qo‘llaniladi. Uning qarindoshlari gapirishdan bosh tortmoqda. Uni ekstremistik da’vatlarda ayblashyapti. Ish shaxsan FSB tomonidan olib borilayapti. Mening fikrimcha, bu oddiy bosim o‘tkazish usuli, ularga yoqmayotgan Islomga qarshi kurashdir. Qrim tatarlari hech qachon terrorchi yo ekstremist yetishtirmagan, zo‘ravonlikka qaratilgan da’vatlar qilmagan! Bu yangi hukumatning xalqimizni qo‘rqitish usuli, deb tushunaman.

Yana bir masalaga e’tibor bering. Xabarlarda imom Abilev aynan “o‘zbekistonlik” ekaniga urg‘u berilayapti. U ancha yillardan bo‘yon Ukraina grajdani bo‘lgan, 2014 yilda bularning yangi qoidasiga ko‘ra, Rossiya grajdanligiga o‘tgan. Nega uni O‘zbekistonda tug‘ilganiga e’tibor qaratishyapti?! Chunki odamlarga “bu odam chetdan, O‘zbekistondan kelgan, uning g‘oyalari bizga yot”, degan fikr uqtirilishi kerak. Fsbchilar jamiyatda shunday tasavvur hosil etishlari lozim, - dedi Rustam.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, 2015 yilda FSB Shturmovoe qishlog‘ida joylashgan Rustem Abilev boshqargan bu masjid va Rossiya qonunchiligiga muvofiq unda qayd etilgan “Hayot” diniy tashkilotida ham tintuv va tekshiruvlar o‘tkazgan.

1984 yilda tug‘ilgan imom Rustam Abilev 2006 yilda Qrim davlat tibbiyot institutini tamomlagan, hozirda tish doktori bo‘lib ishlab keladi. Rustem hamqishloqlar orasida qo‘li ochiq inson sifatida tanilib, mahalliy masjidni o‘z mablag‘lari evaziga ko‘targani ma’lum bo‘ldi.

Mustaqil kuzatuvchilar so‘nggi bir necha yilda Qrimning tub aholisi sanalgan qrim tatarlariga nisbatan turli ko‘rinishda bosim kuchayganini qayd etmoqda.

Rossiyada blok qilingan “Krimskaya solidarnost” internet nashriga ko‘ra, Qrim yarim oroli 2014 yilda anneksiya qilinganidan beri Rossiya hukumati “Hizb-ut Tahrir” diniy partiyasiga aloqadorlikda gumonlab, qrim tatarlariga qarshi ommaviy jinoiy ishlarni soxtalashtirib kelmoqda.

27 mart kuni Qrim FSBsi o‘lka bo‘ylab “Hizb-ut Tahrir” tashkilotiga aloqadorlikda gumonlangan 20 dan ziyod qrim tatarlari uylarida ommaviy tintuvlar olib borilayotganini tasdiqlagandi.

Hozirda hizbchilikka aloqadorlikda ayblanayotgan qrim tatarlari jinoyat ishlari bilan bog‘liq o‘nlab sud mahkamalari va tergov ishlari davom etmoqda.

“Hizb-ut-Tahrir” tashkiloti 2003 yilda Rossiya Oliy sudi qarori bilan “terrorchi” tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilgan.

XS
SM
MD
LG