Линклар

Шошилинч хабар
12 ноябр 2019, Тошкент вақти: 06:34

“Boysun bahori”ga prezident borishi kutilmoqda. Festival hududi 24 soatlik "mehnat fronti"ga aylangan


"Boysun bahori" festivaliga tayyorgarlik¸ padangliklarga ko‘ra¸ tunu kun to‘xtovsiz bormoqda.

27-28 aprel kunlari Boysun tumanidagi Padang qishlog‘ida “Boysun bahori” ochiq folklor festivali o‘tkaziladi.

O‘z tashabbusi bilan birinchi marta Termizda o‘tkazilgan Baxshichilik san’ati xalqaro festivalining 5 aprel kungi rasmiy ochilishida qatnashgan prezident Shavkat Mirziyoev¸ Surxondaryo hokimiyat tizimiga yaqin mulozimning Ozodlikka bildirishicha¸ “Boysun bahori”ga ham kelaman"¸ degani ortidan viloyat rahbariyatining butun e’tibori shu kunlarda Padangdagi hozirlikka qaratilgan.

Surxondaryo viloyat hokimi Bahodir Po‘latov 5-10 aprel kunlari Termizda o‘tkazilgan festivalga “yetarlicha tayyorgarlik ko‘rmadi”¸ degan tanqid bilan ishdan olingan edi.

Aytilishicha¸ Boysun festivali o‘tadigan Padang qishlog‘i viloyat muvaqqat hokimi To‘ra Bobolov uchun o‘z tashkiliy qobiliyatini prezidentga ko‘rsatish maydoniga aylangan.

Ozodlikka murojaat qilgan ayrim padangliklar¸ festivalga prezident kelish ehtimoli qishloqdagilar hayotini ostin-ustun qilib yuborganini bildirdi.

“Bir haftadan beri xalqqa tinchlik yo‘q!”

Ozodlikka murojaat qilgan Boysun tumanining tog‘li hududida joylashgan Padang qishlog‘ida yashovchilaridan biri¸ shu kunlarda Surxondaryo viloyatida bor rahbarning barchasi ayni qishloqda “o‘rnashib olgani”ni bildirdi.

Qishlog‘imizga muhtaram Prezidentimiz kelishlari kerak ekan. Bir haftadan buyon oddiy xalqqa tinchlik yo‘q. Viloyatda vakolatli organki bor¸ hammasining rahbari hozir shu yerda. Tunu kun minglab odam¸ yuzlab mashina hamma joyni asfalt qilayapti¸ hokim va prokuror qishloqdagilarni majburan ishlatib¸ ko‘ziga yoqmagan narsani “yo‘qot” deb yuripti. Qishloq notinch¸ hamma yoqni harbiylar bosgan”¸ - dedi shaxsi ochiqlanmasligini so‘ragan padangliklardan biri.

Bu suhbatdosh o‘z qishlog‘ida shu kunlarda borayotgan hozirlik manzarasi aks etgan video va suratlarni Ozodlikka taqdim etdi.

Сурхондарë президент келишига тайëрланмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:37 0:00

Ozodlik gaplashgan bu va yana bir necha padanglikning aytishicha¸ festivalga hozirlik 24 soat to‘xtovsiz davom etmoqda va qishloq aholisidan o‘z uyi va eshik-darvozasini bir xil rangga bo‘yash talab qilinmoqda.

Hozir butun qishloq trevoga holatida yashayapti. Rahbarlar uyma-uy yurib¸ kraska tarqatayapti. Ko‘cha-ko‘ylarni tozalatib¸ hamma eshik-derazangni bir xil kraska qilasan¸ deyapti. Lekin qishloqda nafas olish qiyin darajadagi chang-to‘zon¸ qishlog‘imizga tashlangan yuzlab mashina to‘xtovsiz ishlayapti. Minglab odam supur-sidir qilib¸ gul ekib yuripti. Shu vaqtgacha jig‘ildonini deb yurgan rahbarlar festivalga sanoqli kun qolganda¸ yana xalqni azoblayapti”¸ dedi Ozodlik gaplashgan padangliklardan biri.

Surxondaryo viloyati¸ qolaversa¸ Boysun tumani hokimligining Ozodlik gaplashgan mulozimlari¸ shu kunlarda kattayu kichik rahbarning Padangda o‘tadigan festivalga hozirlikka bosh-qosh bo‘layotganini tasdiqladi.

Aniq aytolmaymiz¸ lekin prezidentimizning kelishlari kutilayapti. Hozir hamma Padangda. Bu festivalga chet eldan ham mehmonlar keladi¸ shunga ish qizg‘in hozir”¸ dedi mahalliy hokimlik mulozimi.

Tuman ta’lim tizimi mutasaddilaridan biri 22 aprel kuni Ozodlik bilan suhbatda tumandagi maktab direktorlaridan to farroshlarga qadar folklor festivaliga tayyorgarlikka jalb qilinganini bildirdi.

O‘zim ham shu yerdaman hozir. Katta rahbarlarning hammasi ish ustida turipti. Boysun va atrof rayonlardan qari kampirlar borki¸ ularni ham olib kelishgan – o‘tov tikishayapti. Yoshlarimiz o‘tov tikishni bilmaydi¸ shunga kampirlarni ishlatayapmiz. Adirlikda yo‘llar qurilib¸ asfalt qilinib¸ hamma yoq alg‘ov-dalg‘ov”¸ dedi tumandagi maktab direktorlaridan biri Ozodlik bilan suhbatda.

Bu mulozim¸ “Boysun bahori”ga qo‘shni davlatlardan ham folklor guruhlari kelishi¸ ular uchun tuman markazida yotoq va mehmonxona hozirlash ishlari ham jadal ketayotganini bildirdi.

Padang - tog‘ qishlog‘i. Mehmonlar Boysun markazida yotib¸ festival uchun qishloqqa maxsus avtobuslarda qatnashadi. Shunga adirdagi yo‘llarni kengaytirib¸ asfalt qilishayapti”¸ deb qo‘shimcha qildi mahalliy mulozim.

Ozodlikka murojaat qilgan boysunliklardan biri¸ “Boysun bahori” festivaliga tayyorgarlikdan yana asosan tadbirkorlar zarar ko‘rayotganini bildirdi.

Uning aytishicha¸ bir tomondan hokimlik tadbirkorlarni “homiylik”ka majburlayotgan bo‘lsa¸ ikkinchi tomondan prokuratura xodimlari kelib¸ ulardan do‘konlarini yopishni talab qilmoqda.

Bugun ham rayon prokurori kelib bitta tadbirkorni “narsalaringni yo‘qot¸ do‘koningni yop¸ bo‘lmasa hamma narsangni musodara qilaman”¸ deb so‘kib-haqoratladi. Endi urmoqchi bo‘lgan edi¸ kamera borligini ko‘rib¸ so‘kinib mashinasiga chiqib ketib qoldi”¸ - dedi bu voqea guvohlaridan biri.

“Boysun bahori” tarixi

2001 yili YuNESKO Boysun folklor merosini “Insoniyatning og‘zaki va nomoddiy merosi durdonalari” ro‘yxatiga qo‘shgani ortidan 2002 yilda ilk bor “Boysun bahori” festivali o‘tkazilgan edi.

2004 yilda to‘xtab qolgan bu festival Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan qayta tiklandi.

2016 yilning 17 noyabrida saylovoldi dasturi doirasida surxondaryoliklar bilan uchrashgan Mirziyoev “Boysun bahori” festivalini qayta tiklashni va’da qilgan edi.

Ko‘p o‘tmay Vazirlar Mahkamasi 2017 yil 23 yanvar kuni Surxondaryo viloyati bo‘yicha maxsus qaror chiqargan va unda bu festivalni har yili o‘tkazishni belgilab qo‘ygan edi.

2017 yil may oyida qayta tiklangan bu festival ishida hozircha Shavkat Mirziyoev shaxsan ishtirok etmadi.

Mirziyoevning yana bir tashabbusi bilan joriy yilning 5-10 aprel kunlari Termizda ilk marta o‘tkazilgan Xalqaro baxshilar festivali oldidan Bosh vazir Abdulla Aripov 1 aprel kuni Surxondaryo viloyat hokimi Bahodir Po‘latovni ishdan oldi.

Viloyat hokimining bo‘shatilishiga prezident keladigan festivalga yetarlicha tayyorgarlik ko‘rmagani¸ xususan¸ “festival bilan bog‘liq tadbirlarda qatnashmagani” sabab qilib ko‘rsatildi.

Ozodlik gaplashgan surxonliklar¸ “Boysun bahori”ning qanday o‘tishi viloyat muvaqqat hokimi To‘ra Bobolovning hokim etib tayinlanish-tayinlanmasligini belgilashini taxmin qilmoqda.

XS
SM
MD
LG