Линклар

Шошилинч хабар
19 октябр 2019, Тошкент вақти: 14:32

Qamashida 16 yashar yigit o‘z jiyanini qasddan bo‘g‘ib o‘ldirish va jasadni bekitishda ayblanmoqda


Qashqadaryo viloyati, Qamashi tumanining Balandchayla qishlog‘idagi adirdan 20 aprel kuni 40-umuta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi jasadi topildi.

Jasadi topilgan o‘spirin joriy yilning 26 mart kuni adirga mol boqishga chiqqani bo‘yi bedarak yo‘qolgan va shundan so‘ng yaqinlari tomonidan qidirilayotgan bo‘lgan.

Bosh prokuratura Matbuot xizmatining 23 aprel kuni Ozodlikka bildirishicha¸ qotillikda gumonlanib, marhumning sinfdoshi qamoqqa olingan.

(Ozodlikka marhum va qotillikda gumonlanayotgan o‘spirin ismi-sharifi ma’lum - tahr.)

Qamashi tumanining Balandchayla mahalla faollaridan biri Ozodlik bilan suhbatda butun qishloqni larzaga solgan qotillik tafsilotlarini hikoya qildi.

“Bu bolalar shunchaki sinfdosh emas, balki tog‘avachcha va qalin oshna ham bo‘lgan. Ular mol boqish uchun 26 mart kuni dalaga chiqishgan. O‘sha yerda nimanidir talashib, urishib qolishgan. Bolalardan biri o‘rtog‘ini chilvir bilan bo‘qqanda, u o‘lib qolgan. Keyin nima ish qilganini tushunib¸ vahimaga tushgan bola o‘rtog‘ini o‘sha dalaga ko‘mib qo‘ygan. Bu bolani 25 kun davomida hamma qidirdi. Bola topilgan paytda uni ko‘milgan joyidan shoqolmi¸ tulkimi kavlab chiqarib, bir qo‘li va oyog‘ini yeb qo‘ygan ekan”.

Voqea tafsilotlaridan yaxshi xabardor balandchaylaliklardan biriga ko‘ra¸ o‘ligi topilgan bolaning yaqinlari 26 martdan beri uni qidirayotgan bo‘lgan.

"16 yashar bola¸ kimgadir achchiq qilib¸ Rossiya yo Qozog‘istonga ketib qoldimikan¸ deb yurishdi. Otasi o‘tgan yili Qamashidagi manzil koloniyasida o‘lgan¸ besh bola yolg‘iz ona qo‘lida qolgan edi. Akasi 20 aprel kuni adirda avvaliga ukasining yovvoyi hayvonlar chaynagan bir poy oyoq kiyimini topgan¸ keyin qarasa¸ g‘ajilgan oyoq chiqab turgan. Shundan keyin 26 mart kuni kim bilan¸ qaerga ketganini qaytadan so‘rab-surishtirish boshlandi"¸ deydi marhum oilasiga yaqin mahalladoshlaridan biri.

23 aprel kuni Bosh prokuratura Matbuot xizmati Ozodlikka voqeaning tergov davomida aniqlangan tafsilotlarini ma’lum qildi.

“26 mart, soat 14.00 larda Qamashi tumani, Balandchayla mahallasida yashovchi voyaga yetmagan, 16 yashar 40-maktabning 10-sinf o‘quvchisi maktabdoshi, 16 yashar bola bilan mol boqish navbatchiligi yuzasidan o‘zaro janjallashib qolib, natijada sinfdoshini uzunligi taxminan 70-80 santimetr bo‘lgan sintetik arqon bilan bo‘g‘ib, qasddan o‘ldirgan. Mazkur holat yuzasidan 20 aprelda tuman prokuraturasi tomonidan qotillikda gumonlangan shaxs ushlanib, unga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan”.

Voqea tafsilotlaridan yaxshi xabardor Ozodlik manbalari¸ o‘lik topilgan 20 aprel kuniyoq u bilan adirga mol boqishga chiqqan sinfdosh yigit so‘roq qilinganini tasdiqladi.

"Aytishlaricha¸ jiyanini o‘ldirgan bola uyiga kelib otasiga bo‘lgan voqeani aytib bergan. Otasi jim yuraver degan shekilli¸ adirda mendan keyin qoldi¸ boshqa ko‘rmadim¸ degan gapni aytib yurgan. Lekin so‘roq paytida qilmishiga iqror bo‘lgan. Otasi bilganini ham aytgan shekilli¸ bolaning fermer otasini ham olib ketishdi¸ degan gap chiqti bugun"¸ deydi qamashiliklardan biri.

Jasadi 20 aprel kuni topilgan bola 22 aprel kuni dafn etilgan va bu voqea Qamashida katta shov-shuvga sabab bo‘lgan.

"Hokim 40-maktabda majlis o‘tkazib¸ hammangni qamayman¸ deb po‘pisa qilgan. Maktabdagilar qotillik 26 mart - Navro‘z kanikulida bo‘lgan bo‘lsa¸ bizning nima aybimiz bor¸ deyapti. Kimnidir jazolash uchun hokimiyat endi aybni maktabga to‘nkashga urinayapti"¸ deydi marhum bola qishloqdoshlaridan biri.

O‘z jiyanini qasddan bo‘g‘ib o‘ldirib¸ jasadni bekitib qo‘yganlikda ayblanayotgan 16 yashar yigit aybi mahkamada isbotini topsa¸ u 15 yildan 25 yilgacha¸ yoki umrbod qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.

XS
SM
MD
LG