Линклар

Шошилинч хабар
13 декабр 2019, Тошкент вақти: 02:29

Paxta o‘rniga handalak ekkani uchun yeri tortib olingan fermer o‘zini osdi (VIDEO)


Ozodlikka yo‘llangan videoda hushsiz yotgan fermerga "Tez yordam" mashinasida shifokorlar birinchi yordam ko‘rsatayotgani aks etgan.

Qoraqalpog‘istonning Beruniy tumanida 29 yoshli fermer 24 aprel kuni o‘z uyi molxonasida o‘zini osdi.

Hushidan ketgan fermerni qarindoshlari o‘z vaqtida arqondan bo‘shatib olgani tufayli u omon qoldi.

Beruniy tumani Ichki ishlar bo‘limi xodimi Ozodlik muxbiriga ''Lobar Shuhrat qizi'' fermer xo‘jaligi raisi Shuhrat Saparovning osish orqali o‘z joniga qasd qilishga uringani, og‘ir ahvolda tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilganini, hozirda ushbu holat yuzasidan tuman prokuraturasi surishtiruv olib borayotganini bildirdi.

Beruniy tumani hokimligining Ozodlik suhbatlashgan xodimi fermerning yeri shu oyda ruxsatsiz ekin ekkani uchun olib qo‘yilganini tasdiqladi.

Ozodlikka yo‘llangan videoda "Tez yordam" mashinasi ichidagi hushsiz fermerga shifokorlarning birinchi yordam ko‘rsatayotgani aks etgan.

Videotasvirdagi fermer qarindoshlari "tez yordamchilar"ga uning o‘zini osishdan oldin bir shisha uksus ham ichganini aytishadi.

Videoda ko‘rinmagan fermerning otasi suiqasd sababiga izoh bera turib¸ "hokim ko‘p azob berib yubordi axir", - deydi.

Шифокорлар ўзини осган фермерга биринчи ёрдам кўрсатмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:01 0:00

Ozodlik bilan ismi ochiqlanmasligini so‘rab gaplashgan qarindoshlaridan biri 2005 yildan buyon ''Lobar Shuhrat qizi'' fermer xo‘jaligiga raislik qilayotgan Shuhrat Saparov ydrini tortib olgan hokimning ta’na-dashnomlariga chiday olmay o‘zini osganini aytadi.

Bu suhbatdosh iddaosicha¸ tuman hokimi va hokimning qishloq xo‘jalik bo‘yicha muovini shu oyda bo‘lib o‘tgan majlisda fermerni paxta o‘rniga handalak ekkani uchun yeri olinganini bildirgan va uni haqoratlab fermerlar yig‘ilishidan haydab chiqargan.

2005 yildan buyon har yilgi davlat paxta, g‘alla va boshqa rejalarni ortig‘i bilan bajarib kelgan. Bu yil ozgina yerga handalak va poliz ekini ekkani uchun nega buncha xo‘rlandi? Axir tuman hokimi oddiy xalqning qayg‘usi, holidan xabar olishi kerak emasmi? Handalak ekilgan polizini buzib paxta yoki boshqa narsa eksa bo‘ladi, lekin bir mushtipar ona yoki qarib qolgan, yoshi 70 dan oshgan otaga bolasini, ayoliga va ikkita hali go‘dak bolalariga otasini kim qaytarib bera olardi? Bunday xo‘rliklar yana qachongacha davom etadi?”, - deydi o‘zini osgan fermerning ismi sir qolishini istagan qarindoshi.

Aytilishicha¸ o‘zini osgan fermer "Tez yordam" mashinasida hushsiz ahvolda Beruniy tuman markaziy kasalxonasiga olib kelingan.

Ozodlik bilan telefon suhbatida bu ma’lumotni tasdiqlagan kasalxona mutasaddisi¸ bemorning ahvoli haqida ma’lumot bera olmasligini aytdi.

Beruniy tumani Ichki ishlar bo‘limi xodimi 29 yashar fermer o‘zini osish orqali joniga qasd qilishga uringani, lekin omon qolganini tasdiqladi.

IIB xodimiga ko‘ra, ushbu holat yuzasidan tuman prokuraturasi surishtiruv olib bormoqda.

Ozodlik ''Lobar Shuhrat qizi'' fermer xo‘jaligi raisi hokimlikda tahqirlanganidan so‘ng o‘zini osgani haqidagi iddaolar yuzasidan Beruniy tumani hokimi Otabek Saparbaev va hokimning qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha muovini Anvar Yo‘ldoshevdan izoh olishga urindi.

O‘zini Jahongir deb tanishtirgan hokim yordamchisi Ozodlikning bu so‘rovini qondirish uchun rahbarlarning o‘zi telefon qilishini va’da etdi¸ ammo 25 aprel oqshomigacha hokimlikdan qo‘ng‘iroq bo‘lmadi.

Beruniy tumani hokimining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha muovini Anvar Yo‘ldoshevning mobil telefoniga ham kun davomida javob berilmadi.

Beruniy tumani hokimligining Ozodlik gaplashgan rasmiylaridan biri Saparovning yeri ruxsatsiz ekin ekkani uchun olib qo‘yilganini tasdiqladi.

''Lobar Shuhrat qizi'' fermer xo‘jaligi raisi Shuhrat Saparov qarindoshlari ayni paytda hokim va uning muovinlari bosim va tazyiqlari ustidan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev qabulxonasiga shikoyat qilish niyatida.

"Koshki shu bilan zo‘ravonliklar va qistov, aldov yullari bilan qora mehnat orqasidan kun ko‘rib kelayotgan ishchi xalqning yerlarini olib qo‘yishlar cheklansa", - dedi 25 aprel kuni Ozodlikka gapirgan fermer yaqinlaridan biri.

Mahalliy hokimlar tazyig‘idan qo‘rqib, o‘z joniga qasd qilayotgan fermerlar to‘g‘risida Ozodlik avval ham bir necha bor xabar qilgan.

Xususan¸ o‘tgan oy Farg‘ona viloyatining Yozyovon tumanida fermer Rahimov Shuhratjon o‘zini osgan, lekin omon qolgan edi.

Ozodlik bilan suhbatda Rahimov yeri hokim tomonidan olib qo‘yilgani, hokim o‘zini haqorat bilan mazax qilgani, 3 kun muhlat berib 4 gektar yerga yong‘oq ko‘chati ekishga topshiriq bergani, 38 million so‘m sarflab yerga yong‘oq ekkanidan keyin hokim ekilgan ko‘chatlarni tekislab tashlashni talab qilganini so‘zlab bergandi.

XS
SM
MD
LG