Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:30

Prokuratura Qo‘qondagi kollejda bir necha o‘n qiz o‘z joniga qasd qilishga uringanini tasdiqladi


Qo‘qon shahar Maxsus yengil sanoat kasb-hunar kolleji 45 tarbiyalanuvchisining kesilgan yoki boshqa tan jarohatlari va ulardan qolgan chandiqlar bo‘yicha to‘plangan hujjatlar hozirda sudda ko‘rilayotgan jinoyat ishiga qo‘shilgan va jinoyat ishi doirasida baho beriladi.

Bu haqda Ozodlikka Bosh prokuratura matbuot xizmati bildirdi.

Ma’lum bo‘lishicha, prokuratura xodimlari tilga olingan kollejda Ozodlik 5 aprelda e’lon qilgan maqolada keltirilgan faktlar yuzasidan tekshiruv o‘tkazgan.

Ozodlik o‘z maqolasida Qo‘qon shahar Maxsus yengil sanoat kasb-hunar kollejida 2018 yil oktabridan buyon bir necha o‘n o‘quvchi qiz o‘z joniga qasd qilgani to‘g‘risida tibbiyot muassasasi hujjati va voqeaning bevosita guvohlariga tayanib xabar qilgan edi.

Quyida Bosh prokuratura matbuot xizmati bildiruvini to‘laligacha keltiramiz:

“Qo‘qondagi Tarbiyasi og‘ir qizlar kollejida 6 oyda 10 dan ortiq o‘quvchi o‘z joniga qasd qildi” nomli maqolada ko‘rsatilgan holatlar o‘rganilganda qo‘yidagilar aniqlandi.

Qo‘qon Maxsus yengil sanoat kasb-hunar kolleji mansabdor shaxslariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan olib borilayotgan dastlabki tergov harakatlari jarayonida, kollejda ta’lim olayotgan ayrim tarbiyalanuvchilar guvoh tariqasida so‘roq qilish uchun Qo‘qon shahar IIBga chaqirilgan va psixologlar ishtirokida so‘roq qilingan.

Ushbu jarayonda kollejda ta’lim olayotgan ayrim tarbiyalanuvchilar muassasa hududidan chiqish uchun, o‘zlariga turli darajada tan jarohatlari yetkazganliklari holatlari yuzasidan Qo‘qon shahar IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilib, qaror qabul qilingan.

Jumladan, 2018 yilning 16 oktabrida qorin og‘rig‘i shikoyati bilan 2002 yilda tug‘ilgan bemor D.A.ning oshqozon ichak tizimida yot jism aniqlanmaganligi sababli, mazkur holat yuzasidan Qo‘qon shahar IIB tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv natijasiga ko‘ra 2018 yilning 21 oktabrida JPK 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqida qaror qabul qilingan.

2018 yilning 20 oktabrida 2002 yilda tug‘ilgan F.M.ning piyola sinig‘ini yutganligi, I.D.ning igna yutganligi, X.A.ning piyola sinig‘ini yutib yuborganligi, X.K.ning sopol tovoq sinig‘ini yutganligi holati yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, natijasiga ko‘ra Qo‘qon shahar IIB tomonidan 2018 yilning 29 oktabrida JPK 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqida qaror qabul qilingan.

2018 yil, 20 oktabrda 2002 yilda tug‘ilgan bemor X.A. 2 hafta oldin qorin sohasiga igna tiqqanligini bildirgan. Tibbiy ko‘rik jarayonida chap qovurg‘a ostki sohasi qizargan bo‘lib, tikuv ignasi aniqlanib, olib tashlangan. Mazkur holat yuzasidan Qo‘qon shahar IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, 2018 yilning 29 oktabrida JPK 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqida qaror qabul qilingan.

Shuningdek, ushbu jarayonda ayrim tarbiyalanuvchilar muassasa hududidan chiqish maqsadida “igna yutib yubordim”, “piyolani sinig‘ini yutib yubordim” kabi bahonalar bilan sog‘lig‘i yomonlashganligini aytganligi sababli, ular shahar ShTTYoShga olib borilib, UZI apparatida tekshiruvdan o‘tkazilgan va “oshqozon-ichak tizimida yot jismlar yo‘q” deb tashxis qo‘yilib, javob berib yuborilgan.

Jumladan, 2018 yil 17 oktabrdan 31 oktabrgacha bo‘lgan sanada Qo‘qon shahar ShTTYoShga olib kelingan 20 nafar qizlar (ayrimlari takroran) tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilib, oshqozon ichak tizimida yot jismlar aniqlanmaganligi sababli ularga javob berib yuborilgan.

Bundan tashqari, kollejning 45 nafar tarbiyalanuvchilarining kesilgan yoki boshqa tan jarohatlari ulardan qolgan chandiqlar bo‘yicha to‘plangan hujjatlar hozirda sudda ko‘rilayotgan jinoyat ishiga qo‘shilgan va jinoyat ishi doirasida baho beriladi.

Qo‘qon maxsus yengil sanoat kasb-hunar kollejida tarbiyalanayotgan voyaga yetmaganlar – M.B., G.M., F.T. va S.A.lar 2018 yil, 15 noyabr kech soat 17:30 larda o‘zaro til biriktirishib muassasaning oshxonasi ortida mavjud bo‘lgan narvon yordamida muassasa devoridan oshib tushib qochib ketgan.

Qo‘qon shahar prokuraturasi va IIB tomonidan olib borilgan tadbirlar natijasida voyaga yetmagan M.B. 2018 yil, 16 noyabr soat 11:00larda o‘z ixtiyori bilan muassasaga qaytib kelgan.

Shu kuni tarbiyalanuvchi F.T. Oltiariq tumanida va qolgan 2 nafar tarbiyalanuvchilar (G.M., S.A.) Farg‘ona shahar hududida yurganliklari aniqlanib, IIB xodimlari tomonidan muassasaga olib kelingan.

Maqolada ko‘rsatilgan, 2019 yil, 2 fevralda kollej tarbiyalanuvchisi bo‘lgan “M.” ismli shaxsning o‘z tomirini kesib yuborganligi haqidagi vaj o‘rganilganda, haqiqatan ham shu kuni soat 20:20 larda bo‘lgan chaqiruvga asosan Qo‘qon shahar Tez tibbiy yordam shifoxonasi shifokori O.T. boshchiligidagi navbatchilik guruhi kollejga borganligi, kollej tarbiyalanuvchisi 2002 yilda tug‘ilgan M.M.ning chap qo‘l bilak sohasining o‘rta qismida tirnalgan jarohat bo‘lganligi sababli shahar ShTTYoShga olib kelinganligi, ambulator yordam ko‘rsatilganidan so‘ng kollejga qaytarib yuborilganligi aniqlandi.

Shifokor tomonidan bemor bilan o‘tkazilgan suhbatda, u derazani berkitayotgan vaqtida oyna sinib qo‘lini tirnab o‘tganligini bildirganligi sababli, bu holatda o‘z joniga suiqasd qilish yoki boshqalar tomonidan qasddan tan jarohati yetkazishga shubha uyg‘otadigan holat yo‘q deb xulosaga kelingan va bu haqda ichki ishlar organlariga xabar berilmagan.

Mazkur holat bo‘yicha Qo‘qon shahar prokuraturasi tomonidan tegishli tartibda rasmiylashtirilib, hozirda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda, - deyilgan Bosh prokuratura matbuot xizmati bildiruvida.

Qo‘qon shahar Maxsus yengil sanoat kasb-hunar kollejida 2018 yilning 14 oktabrida keng qamrovli tekshiruvlar boshlangan edi.

Farg‘ona viloyat huquq-tartibot idoralari ​Qo‘qon shahridagi Maxsus yengil sanoat kasb-hunar kollejida o‘quvchi qizlar jinsiy zo‘rlangani yuzasidan tergov boshlagani to‘g‘risida Ozodlik 23 oktabrda xabar qilgan edi.

Shu kunda 247 nafar tarbiyasi og‘ir qiz o‘qiydigan, 100 nafar atrofida pedagog va boshqa ishchi-xizmatchilar ishlaydigan Qo‘qon shahar Maxsus yengil sanoat kasb-hunar kollejining sobiq direktori, uning o‘rinbosari, xo‘jalik bo‘limi mudiri, qorovuli hamda kollejga aloqasi bo‘lmagan bir shaxs tergov izolyatorida saqlanayotgani, ular ustidan boshlangan sud jarayoni davom etmoqda.

Aynan shu jarayonni nazarda tutayapti Bosh prokuratura matbuot xizmati mana bu xabarida: "Qo‘qon shahar Maxsus yengil sanoat kasb-hunar kolleji 45 tarbiyalanuvchisining kesilgan yoki boshqa tan jarohatlari va ulardan qolgan chandiqlar bo‘yicha to‘plangan hujjatlar hozirda sudda ko‘rilayotgan jinoyat ishiga qo‘shilgan va jinoyat ishi doirasida baho beriladi".

Kollej sobiq rahbarlari muassasa hududida priton tashkil qilganlikda ayblanmoqda. Hozircha ular ustidan qachon hukm chiqarilishi Ozodlikka ma’lum emas.

O‘tgan yil oktabrida boshlangan tekshiruvlar ortidan kollejning 17 tarbiyachisi va 10 nafar qavat tarbiyachisi ishdan bo‘shatilgan. Ozodlikka shikoyat qilgan tarbiyachilar iddaosicha, ular ishdan noqonuniy bo‘shatilgan.

XS
SM
MD
LG