Линклар

Шошилинч хабар
20 январ 2020, Тошкент вақти: 09:38

Rossiyalik bloger "Putin - afsonaviy *****", deb yozgani uchun jazolandi


Bloger Yuriy Kartijev

Rossiyaning Novgorod viloyatida yashovchi 34 yashar Yuriy Kartijev “VKontakte” ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilgan videosi tagiga “Putin - afsonaviy ****” (Putin - skazochniy *****") deb yozgani uchun 30 ming rubllik jarimaga tortildi.

U Rossiya parlamenti tomonidan qabul qilingan hokimiyatni haqorat qilganlarni jazolash to‘g‘risidagi yangi qonun bo‘yicha sudlangan birinchi rossiyalik bo‘ldi.

Sudning bu qaroridan norozi bo‘lgan rossiyaliklar tarmoqlarda “Putin - afsonaviy ******” fleshmobini boshlab yubordi.

2019 yilning 23 aprel kuni Novgorod viloyat, Chudovo shahar sudi Malie Visheri shaharchasida yashovchi 34 yoshli Yuriy Kartijevni ikkita videorolikni "VKontakte"da e’lon qilib, keyin o‘zining YouTube-kanalida repost qilgani va videolariga “Putin - afsonaviy ****” degan tagxat yozgani uchun javobgarlikka tortildi.

“Sud tomonidan aniqlandiki, 2019 yilning 31 martida Kartijev Internet tarmog‘idagi erkin foydalanish sahifasiga inson qadri va jamoatchilik ma’naviyatini haqoratlovchi hamda jamiyat, davlat, Rossiya Federatsiyasi davlat hokimiyati vakolatli organlarini kamsituvchi ikkita videoyozuvni joylashtirgani uchun 30 ming rubl ma’muriy javobgarlikka tortildi”, deyiladi sud rasmiy xabarnomasida.

Hukm chiqargan sudya Yuriy Kartijev davlat organiga tenglashtirilgan Vladimir Putinni haqorat qilganlikda aybdor topdi. Endi bloger bu summani to‘lash uchun pul yig‘ayotgani ma’lum.

Novgorodlik bloger Rossiyada hukumatni haqorat qilgani uchun jarimaga tortilgan birinchi odam bo‘ldi. Joriy yil apreli boshlarida “Roskomnadzor” “Putin - ****” degan yozuvli fotosuratni chiqargan qator saytlarni bloklagandi. Putinni haqoratlangan, deb baholangan fotograffitilar olib tashlanganidan keyin, saytlar yana ishlashga izn oldi.

Ozodlik bilan suhbatlashgan bloger Yuriy Kartijev ancha yillardan beri adolatsizlikka qarshi kurashib kelayotgani, “VKontakte”dagi akkaunti maxsus xizmatlar tomonidan buzilgani va u yerdagi boshqa mazmundagi yozuv o‘zgartirilganini bildirdi.

- Ular qamoqxona qoidalari bo‘yicha yashashadi, qonunlar asosida emas. Ular mening sahifamni yorib kirib, “Putin - afsonaviy ****” so‘zlarini yozib qo‘ygan, vaholanki men u yerda “Putin - afsonaviy do***” so‘zlarini yozib, oxiriga ko‘p nuqta qo‘ygandim, deya iddao qildi Yuriy.

Sudlangan Kartijev Internetda keng tarqalgan “Daun Xaus” komediyasidan olingan sitatadan foydalangani ma’lum.

Bloger uni sudlashga asos bo‘lgan hokimiyatni haqorat qilganlarni jazolash to‘g‘risidagi qonunni ham noqonuniy deb atadi va sudning bu qarori ustidan Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudiga arz qilganini aytdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda, jumladan Tvitterda, #PutinSkazochniy******* fleshmobi (fleshmobning deyarli hamma ishtirokchilari nuqta o‘rniga haqoratli so‘zni ishlatmoqda) avj olib ketdi. Tarmoq aksiyasiga qo‘shilganlar bu xeshteg ostida mavzuga doir turli hazil-mutoyibalarni joylashtirib, uni Tvitterning top mavzulariga olib chiqishga urinmoqda.

Rossiyada bloklangan “Grani.ru” nashri bu jumlani ingliz tiliga qanday o‘girish mumkinligi yuzasidan so‘rov boshlagan bo‘lsa, siyosatchi Aleksey Navalniy bu jumlani o‘zining yangi dasturida bir necha marotaba takrorladi.

Rossiya prezidenti huzuridagi Inson huquqlari bo‘yicha Kengash a’zosi, “Agora” xalqaro huquq himoyasi tashkiloti rahbari Pavel Chikov va politolog Yekaterina Shulman Yuriy Kartijevga huquqiy yordam ko‘rsatishini bildirdi.

Joriy yilning 13 martidan boshlab rossiyaliklarga o‘z hukumatlarini tanqid qilish yoki haqoratlash taqiqlangandi.

Yangi o‘zgartishlarga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda tiliga erk bergan shaxs akkaunti bloklanishi, jarimaga tortilishi yoki hatto qamoqqa tashlanishi mumkin.

XS
SM
MD
LG