Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:29

2018 yilda jahon bo‘ylab harbiy xarajatlar 2,6 foizga oshdi


Stalingrad qamali yakunining 75 yilligiga bag‘ishlangan parad
Stalingrad qamali yakunining 75 yilligiga bag‘ishlangan parad

2018 yilda Ukraina va boshqa bir necha Yevropa davlati harbiy xarajatlari keskin ko‘tarildi.

Bu haqda Tinchlik masalalari bo‘yicha Stokgolm xalqaro tadqiqot instituti (SIPRI) bildirdi.

Ushbu holatga Rossiya armiyasi solayotgan tahdid turtki bo‘lgan.

SIPRIning 29 aprel kuni e’lon qilingan hisobotida yozilishicha, o‘tgan yilda Ukrainaning harbiy xarajatlari 21 foizga oshib, 4,8 milliard dollarga yetgan.

Bolgariya, Ruminiya, Latviya va Litvada ham harbiy xarajatlar 18-24 foizga ko‘tarilgan.

Polsha harbiy xarajatlari esa 8,9 foizga ko‘tarilib, 11,6 milliard dollarga yetgan.

SIPRI tadqiqotchilaridan biri Piter Vezeman:

- Markaziy va Sharqiy Yevropadagi o‘sishlarining asosiy sababchisi Rossiya solayotgan tahdiddir. Bu holat Rossiyaning harbiy xarajatlari keyingi ikki yil davomida ozaygan bo‘lishiga qaramasdan kuzatilmoqda, - dedi.

2018 yilda Rossiya harbiy xarajatlari 2017 yilga solishtirganda 3,5 foizga ozaygan.

Bunga qaramasdan, harbiy xarajatlari 61,4 milliard dollarga teng bo‘lgan Rossiya armiyasiga eng ko‘p pul sarflaydigan dunyodagi oltinchi davlatdir.

Ukraina Rossiya 2014 yilda Qrimni anneksiya qilib olib, mamlakat sharqida rossiyaparast ayirmachilarni dastaklay boshlaganidan beri qator qiyinchiliklarga duchor bo‘lib keladi.

Harbiy xarajatlar solishtirilganda xarajati eng ko‘p oshgan davlatlar orasida Armaniston (33 foiz), Bosniya va Gersegovina (26 foiz), Bolgariya (23), Ukraina, Ruminiya (18 foiz), hamda Qozog‘iston (16 foiz) borligi aniqlangan.

Armanistonning harbiy xarajatlari 609 million dollarni tashkil qilgan.

Bu esa mamlakat YaIMning 4,8 foiziga tengdir.

Solishtirish uchun, Rossiya harbiy xarajatlari mamlakat YaIMning 3,9 foizini tashkil qiladi.

2018 yilda Eron harbiy xarajatlari 9,5 foizga qisqarib, 13,2 milliard dollarni tashkil qilgan.

Afg‘oniston harbiy xarajatlari esa 2018 yilda 6,7 foizga oshib, 198 million dollarga yetgan.

Bu esa mamlakat YaIPning atigi 1 foizini tashkil qiladi.

Mamlakat harbiy xarajatlarining yirik qismini AQSh to‘lab keladi.

Pokistonning yillik harbiy xarajatlari 11 foizga oshib, 11,4 milliard dollarga etgan. Bu esa mamlakat YaIMning 4 foiziga tengdir.

Pokiston qo‘shnisi va raqibi Hindiston esa harbiy xarajatlarini 3,1 foizga oshirgan.

Hindiston 2018 yilda o‘z armiyasiga 66,5 milliard dollar sarflagan.

Bu esa mamlakat YaIMning 2,4 foizni tashkil qiladi.

SIPRI hisobotiga ko‘ra, jahon bo‘ylab harbiy xarajatlar 2018 yilda 2,6 foizga oshib, 1,822 trillion dollarga yetgan.

Bu esa jahon YaIMning 2,1 foiziga tengdir.

Eng ko‘p harbiy xarajat qilgan besh mamlakat AQSh, Xitoy, Saudiya Arabistoni, Hindiston va Fransiya bo‘lib, butun dunyo bo‘ylab qilingan harbiy xarajatlarning 60 foizga aynan shu davlatlarga to‘g‘ri keladi.

AQShda harbiy xarajatlar 2010 yildan beri ilk marotaba oshib, 649 milliard dollarga yetgan. Bu esa AQSh YaIMning 3,2 foiziga tengdir.

Xitoy xarajatlari esa 5 foizga oshib, 250 milliard dollarga yetgan. Xitoyda harbiy xarajatlar 24 yildan beri davomli oshib keladi.

XS
SM
MD
LG