Линклар

Шошилинч хабар
13 декабр 2019, Тошкент вақти: 18:17

Mahalla oqsoqoli ilk bor "shaffof saylov"da saylandi


Marhamat tumanidagi saylov

Andijon viloyati Marhamat tumani, Yuqori Ravot mahalla fuqarolar yig‘inida (MFY) eksperiment sifatida muqobil nomzodlar ishtirokida shaffof saylov o‘tkazildi.

Uzoq yillar Davlat Bojxona qo‘mitasiga raislik qilgan, shu kunda mahalla oqsoqollari saylovini muvofiqlashtirayotgan Botir Parpiev, Ozodlik bilan suhbatda, bu saylovga "ochiq va shaffof o‘tdi", deb baho berdi.

Marhamatda eksperiment

Marhamat tuman hokimligi vakiliga ko‘ra, 2 may kuni to‘rtta mahalla oqsoqoli yangi uslubda saylangan.

Saylov komissiyasi raisi Tursunali Mamajonovning aytishicha, bu saylov 2018 yilning oktabrida prezident imzolagan "Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida"gi qonunga binoan o‘tkazilgan.

Saylov jarayoni aks etgan suratlarni Ozodlikka taqdim qilgan marhamatlik saylovchining aytishicha, "bunday erkin saylov" birinchi marta o‘tmoqda:

- Yuqori Ravot MFYda eksperiment sifatida birinchi marta mahalla raisi saylovi bo‘lib o‘tdi. 157ta saylovchidan 144tasi saylovda ishtirok etdi. Saylov birinchi bor tarixda o‘ta shaffof tarzda o‘tkazildi. Natijada biz ikki nomzoddan eng ma’qulini tanlash huquqidan to‘liq foydalandik va yangi mahalla raisini sayladik. Bunday erkin saylov Shavkat Mirziyoev olib borayotgan saylov borasidagi siyosatining demokratik ruhda o‘tganini isboti desak mubolag‘a bo‘lmaydi, - dedi o‘zini Solijon deb tanishtirgan saylovchi.

Mirziyoev topshirig‘i

Prezident Shavkat Mirziyoev yanvar kungi selektor yig‘inida "endi bundan buyon saylov erkin bo‘ladi, ko‘nikinglar», deya ta’kidlagan edi.

Ozodlikning o‘rganishicha, Toshkent shahri va respublikaning boshqa tumanlarida ham "nisbatan erkin" o‘tgan saylovda mahalla oqsoqollari saylangan.

Ayni paytda Ozodlik bilan suhbatlashgan Urganch shahridagi saylovchilar esa MFY raisi saylovi eski usulda o‘tayotganidan nolidi.

Urganchning Marifatchilar ko‘chasida yashaydigan saylovchi iddaosiga ko‘ra, bu saylov "oldindan tayyorlangan va hokimiyat maqullagan nomzod" saylanadigan spektakl, xolos.

Urganch shahar hokimligi tashkiliy bo‘limi mulozimi saylovchilar shikoyati borasidagi Ozodlik muxbiri savoliga javob bera olmadi.

"Demokratik saylov"

2018 yilning oktabrida “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida”gi qonun yangi tahrirda qabul qilindi.

Qonunda MFY (oqsoqoli) uch yil muddatga saylanishi, yashirin ovoz berish va muqobil nomzodlar bo‘lishi talab qilinadi.

Shuningdek saylovchilar kvotasiga ham e’tibor qaratilgan.

Yangi qonunga ko‘ra, saylovda saylovchilarning kamida 12 foizi ishtirok etgan taqdirdagina saylov o‘tgan, deb hisoblanadi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi raisining keksalar va faxriy masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Botir Parpievning 2 may kuni Ozodlikka aytishicha, saylov ochiq va shaffof o‘tmoqda.

Darvoqe, bugun mahalliy saylovlarni muvofiqlashtirayotgan Botir Parpiev muqaddam Davlat Bojxona qo‘mitasiga uzoq muddat davomida raislik qilgan.

XS
SM
MD
LG