Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:08

Toshkentlik aka-uka tadbirkor o‘n besh kundan buyon advokat ishtirokisiz tergov qilinmoqda(VIDEO)


Ubaydulla va Ismatulla Bahromovlar.
Ubaydulla va Ismatulla Bahromovlar.

Toshkent shahrining Uchtepa tumanida yashaydigan aka-uka tadbirkor Ubaydulla va Ismatulla Bahromov va ularning do‘sti Hamidulla Hakimov 20 aprel kuni ma’muriy huquqbuzarlikda ayblanib 15 sutkaga qamalganidan so‘ng, o‘n besh kun davomida na yaqinlariga, na advokatiga ko‘rsatildi.

Tadbirkorlar yaqinlarining aytishlaricha, ular ikki hafta davomida aka-ukalarning qaerda saqlanayotgani haqida hech qaerdan javob ololmagan, advokatga ham rad javobi berilgan.

Ozodlik olgan ma’lumotga ko‘ra, aka-uka va ularning do‘stiga diniy ayblov qo‘yilgan.

​Toshkent shahrida tadbirkorlik qiladigan 34 yashar Ubaydulla Bahromov, uning ukasi 32 yashar Ismatulla va 32 yashar Hamidulla Hakimovlarni 20 aprel kuni Uchtepa tumani ma’muriy sudi mayda bezorilikda ayblab, 15 sutkaga qamash haqida hukm chiqargan edi.

Aka-ukalar singlisi Noiba Bahromovaning Ozodlikka aytishicha, bular yolg‘on ayblov bilan o‘g‘irlab ketilgan:

- Akalarim eshigimizning oldida go‘yoki kimnidir haqorat qilgani uchun shunday jazo berishibdi. Sud qarorida shunday yozilgan. Lekin, uyimizning oldida bunday voqea bo‘lgani yo‘q. Hech kim ko‘rmagan. Guvohlar ham yo‘q. Akalarimni qamoqqa olish uchun shu ayblovni to‘qib chiqarishgan. Akalarim va uning do‘stini qaerdan olib ketishganini ham bilmaymiz.

Bu voqeadan so‘ng, aka-ukalarning yaqinlari o‘n besh kun davomida ularning qaysi qamoqxonada ekanligini ham topisholmagan:

- Akamlarni olib ketishganidan keyin, “panelniy”ga bordik. Bu yerda yo‘q, deyishdi. Toshkentda barcha idoralarga murojaat qildik, 16 joyga shikoyat yozdik. Hech qaysi bir idora javob bermadi. Keyin prezident qabulxonasiga bordik. U yerda, “bo‘ldi panelniyga borsangiz hozir bolangizni ko‘rsatishadi”, deyishdi onamga. Bordik, yana yo‘q, deyishdi. Keyin onam bilan advokatimiz qattiq talab qilganidan so‘ng, shahar GUVDsiga boringlar, o‘sha yerda tushuntirishadi, deb aytishdi.

Noiba Bahromovaning aytishicha, Toshkent shahar IIBBda ham ularni besh kun sarson qilishgan:

- O‘n kun sarson bo‘lganimizdan keyin, yana besh kun GUVD oldida o‘tirdik. Kattasi, besh minutdan keyin tushaman, tushdan keyin kelinglar, ertaga kelinglar, deb tushmadi. Advokat ham har kun shu yerda o‘tirdi, uni ham kirgizishmadi. O‘n besh kundan buyon akalarimning ahvoli qanday ekanligi haqida ma’lumot berishmadi, ichkarida ularni nima qilishyapti, Xudo biladi.

Noiba Bahromova akalarining oddiy namozxon yigitlar bo‘lganini aytadi:

- Akamlar besh mahal namoz o‘qishadi. Masjidda namozini o‘qib, darhol uyga qaytib kelishadi. Ularning qandaydir g‘ayriqonuniy diniy tashkilotlar bilan aloqada bo‘lishi mumkin emas. O‘n besh kun ichida ularni nima ahvolga solib, qanday “iqror”lik olishganini ham bilmayman. Akamlar Turkiyaga borib kelishmoqchi edi. Endi ularni Suriyaga ketmoqchi bo‘lgansizlar degan ayb qo‘yishmoqchi bo‘lganini eshitdik. Katta akamning buyragi kasal, u dialez olib turadi. Unga sovuq joyda yotish, bosim o‘tkazish mumkin emas. Bilmadim, bu o‘n besh kunda akamning ahvoli nima bo‘ldi ekan.

Aka-ukalar va ularning do‘sti qamoqqa olinganidan 15 kun o‘tib, advokat 4 may kuni ular bilan uchrashishga muvaffaq bo‘lgan.

Tadbirkorlar yaqinlarining aytishlaricha, bu yigitlar diniy ayblovda gumonlanib, tergov qilinmoqda.

Ozodlik Toshkent shahar IIBBga qo‘ng‘iroq qilib, tadbirkor aka-ukalarga qo‘yilayotgan ayblovlar haqida surishtirdi. Ammo, telefon go‘shagini olgan mulozim telefon orqali bu haqda ma’lumot berilmasligini aytdi.

Bu voqeani kuzatib kelayotgan, Frantsiyada yashayotgan inson huquqi faoli Mo‘’tabar Tojiboeva dindorlarga nisbatan qatag‘on davom etayotganini aytadi:

- Bu uch nafar yigitga nisbatan sodir qilinayotgan g‘ayriqonuniy harakatlar Shavkat Mirziyoev zamonining qatag‘oni davom etyapti deyishga asos bo‘ladi. Chunki 2016 yilda Islom Karimov vafotidan keyin xorazmlik yetti oila ham xuddi shunday soxta ayblar bilan avval ma’muriy hibsga olib, keyin ularga terrorizm va boshqa diniy aylovlar e’lon qilingan edi. Bu yigitlarga ham xuddi shunday g‘ayriqonuniy usul qo‘llanilgan. Agar haqiqatan ham ichki ishlarda bu yigitlarga nisbatan dalillar bo‘lsa, nima uchun qonuniy yo‘l bilan chaqirib, advokati yordamida so‘roq qilmaydi. Nega soxta aylov bilan 15 sutkaga qamaydi, tashqi dunyodan ajratadi, advokatini yoniga qo‘ymaydi, oial a’zolaridan yashiradi? Ma’muriy qamoq bilan boshlash bu diktator Islom Karimov usuli edi, afsuski Mirziyoev davrida ham bu davom etmoqda.

Fransiyada yashayotgan o‘zbekistonlik siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov o‘zining Feysbukdagi sahifasida bu haqda shunday deb yozdi:

“O‘zbekistonda kuch ishlatar tizimlarining noqonuniy, g‘ayri-insoniy tafakkuri, repressiv fikrlashi, ko‘ngliga kelganini qilish odatlari yo‘qolgani yo‘q. Mana bu videoni ko‘ring, unda bu onai zor o‘z o‘g‘illarini o‘n kundan ortiq qaerdaligini bila olmaydi. Bu kabi amaliyotlar dunyodagi eng totalitar davlatlarda, fashistik-odamxo‘r rejimlarda sodir bo‘ladi. Onaizor o‘g‘illarini topa olmay aqldan ozay deb qolibdi, shu qadar qattiq stress qilganki, gaplarini to‘g‘ri gapira olmayapdi. Agar o‘g‘illarining aybi bo‘lsa, nega hamma jarayonni shaffof qilishmaydi? Nega bu ayolni o‘g‘illarini onasidan va advokatlaridan yashirishadi? Nega, O‘zbekiston qonunchiligi shunaqami? Yo‘q, qonunchilikka ko‘ra bu protsessual qonunbuzarlik, jinoyat hisoblanadi!”

XS
SM
MD
LG