Линклар

Шошилинч хабар
14 апрел 2021, Тошкент вақти: 22:46

Toshkentga yana reketchilar qaytayotgani, ularning “formalilar”ga ishlayotgani iddao qilindi


Moldovan savdogari Toshkent ko‘chasida idish-tovoq sotmoqda.

Ozodlikka murojaat qilgan bir necha oddiy tadbirkor, kriminal avtoritetlarga yaqin shaxs hamda adliya tizimi mulozimi joriy yil boshidan buyon Toshkent shahri va viloyati hududiga “tizginsiz 90-yillar” alomatlari qayta boshlaganini bildirdi.

Xususan¸ Toshkent viloyat, Yangiyo‘l tumanidan Ozodlikka murojaat qilgan ayrim tadbirkorlar o‘zini “Toshkentning polojenetsi” deb atagan shaxsning tumandagi moldovan tadbirkorlari¸ ular yashayotgan mehmonxona va bu savdogarlarga xizmat ko‘rsatayotgan haydovchilardan “dolya” talab qilayotganini bildirdi.

Bunday jarayon boshlanganini tasdiqlagan kriminal dunyodagi ishlardan yaxshi xabardor shaxs¸ dolya so‘rovchilarning o‘zi Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasi va hokimiyatning eng yuqori lavozimli ayrim vakillari bilan “dolyada” ekani va ular himoyasida ish ko‘rayotganini iddao qildi.

Bu ayblovga javob berishni rad qilgan Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati rahbari¸ ularni “asossiz mish-mish” deb atadi.

Reketchilar nishoni – moldovan savdogarlari

Toshkent viloyat, Yangiyo‘l tumani poytaxtning eng yirik ulgurji bozorlari – Abu Saxiy¸ Ippodrom va Chinni bozorga yaqin joylashgan. Ana shu ulgurji bozorlardan mol olib¸ uni eshikma-eshik yurib sotadigan yuzlab moldovalik savdogarlar¸ Ozodlik gaplashgan mahalliy aholi vakillariga ko‘ra¸ oilasi bilan Yangiyo‘l tumanidagi arzon mehmonxonalarda yashaydi.

Yangiyo‘l ichki ishlar tizimi mulozimining aytishicha¸ moldovanlar chet el fuqarosi sifatida ro‘yxatga olingan¸ patent asosida savdo qiladi va soliq inspeksiyasi bular faoliyatini nazoratga olgan.

Ular Yangiyo‘ldagi mehmonxonalarda chet ellik turistdek yashashadi. Turishi ham¸ ishlashi ham qonuniy¸ bo‘lmasa¸ deport bo‘lib ketadi. Ularning aniq sonini bilmoqchi bo‘lsangiz¸ rasmiy maktub bilan murojaat qiling”¸ - dedi Ozodlik gaplashgan Yangiyo‘l tuman IIB mulozimi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ ana shu moldovalik ko‘chmanchi savdogarlar Toshkentda bosh ko‘tarayotgan reketchilarning ilk nishonlaridan biriga aylangan.

Ozodlik bilan xavfsizlik xavotirlari bois ismi sir qolishini so‘rab gaplashgan mahalliy tadbirkorning aytishicha¸ Yangiyo‘l shahrining o‘zida 100 dan oshiq moldovan savdogari bor.

Ular bir yildan beri Xalqobod¸ Yangiyo‘l mehmonxonalarida bola-chaqasi bilan yashaydi. Abu Saxiy¸ Chinni bozordan optomga idish-tovoq¸ Septer setlari¸ adyol (odeyalo) sotib olib¸ keyin ularni mahallalarning ichida sotib yurishadi. Hech qanaqa kriminal ish qilishmaydi¸ aqlli¸ yaxshi insonlar. Ukraina¸ Rossiyada sayyor savdo bilan shug‘ullanib¸ O‘zbekistonga kelib qolishgan. Havo issiqroq bo‘lganiga¸ bizda uzoqroq turib qolishdi”¸ deydi bu suhbatdosh.

Ana shu yuzdan oshiq moldovalik sayyor savdogar 2019 yil yanvaridan boshlab reketchilar qurboniga aylangan.

Yanvar oyida Ramiz va Temur deganlari kelib¸ ularning har biriga “lafa tugadi¸ o‘tgan yil uchun har biring 6000 dollardan berasan¸ bundan buyog‘iga esa¸ oyiga 50 dollardan berasan”¸ dedi. Patent bilan ishlovchi moldovanlar shundoq ham hamma uchun yemish bo‘p qolgan – melisa ham¸ soliqchi ham¸ mehmonxona va turizm ham ularni talaydi. Endi ko‘cha ham bulardan dolya so‘rayapti. Bir-ikkitasi yo‘q¸ deb ko‘rgandi¸ hamma molini tortib olishdi. Qo‘rqqanidan¸ 6000 dollarniyam topib berishdi¸ oylik dolyaniyam berishayapti”¸ deydi Ozodlikka bog‘langan moldovan savdogarlariga yaqin mahalliy tadbirkor.

Bu suhbatdosh iddaosicha¸ yanvar oyidan beri oyning har beshinchi kuni “o‘zini Baxti Tashkentskiy (O‘zbekiston hududidagi “vor v zakone” rutbasiga ega bo‘lgan Baxtiyor Qudratillaev nazarda tutilmoqda -tahr.) odami” deb aytadigan Ramiz va Temur ismli shaxslar moldovanlar yashovchi mehmonxonalarda ochiqdan-ochiq dolya yig‘adi.

“Mehmonxona egalarini ham rosa qo‘rqitishgan. Videokameralarini o‘chirtirishgan bo‘lsa kerak¸ mehmonxona hovlisida bemalol sxodka qilib¸ moldovanlardan pul yig‘ayapti”¸ deydi Ozodlik gaplashgan yangiyo‘llik tadbirkorlardan biri.

Bu suhbatdosh iddaosicha¸ reketchilar moldovanlarga “eng tepaga aloqador odamlar himoyasida ekani”ni ochiq pisanda qilgan va militsiyaga shikoyat qilgudek bo‘lsa¸ ish yana o‘zlariga qaytishidan ogohlantirgan.

Bularning ikkita-uchtadan bolasi bor. Toshkentga to‘rtta bo‘lib kelgan bo‘lsang¸ ikkita bo‘lib qaytib ketasan – bolalaringni o‘ldiramiz¸ deb qo‘rqitishdi”¸ deydi moldovanlarning reketchilar ustidan shikoyat qilmasligini izohlagan Ozodlik suhbatdoshi.

Ayni paytda yangiyo‘llik tadbirkor¸ “ko‘cha"ning moldovanlar yashaydigan mehmonxona¸ ularga xizmat ko‘rsatadigan haydovchilar haqida ma’lumot yig‘ib¸ ulardan ham dolya so‘ray boshlaganini qo‘shimcha qildi.

“Ko‘cha" izohi

O‘zbekistondagi kriminal avtoritetlarga yaqin shaxs¸ kimligi sir tutilishi sharti bilan reketning O‘zbekiston¸ xususan¸ Toshkentga qayta boshlaganini tasdiqladi.

Ramiz tatar o‘zini Toshkent bo‘yicha polojenets deydi. Aslida uni Baxti Tashkentskiy emas¸ 02 qo‘ygan (02 – Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasidagi yuqori lavozimli mulozimning kriminal dunyodagi taxallusi va uning shaxsi Ozodlikka ma’lum – tahr.). Baxtiga bosim bo‘lgan. Yonida Temur bolshoy bilan yuradi¸ faqat moldovanlarmas¸ sekin-asta hammani dolyaga o‘tirtirayapti. Jinoyat olamini boshqarayotganlar ko‘cha emas¸ formalilarning o‘zi. O‘zbekistonda haqiqiy ko‘cha yo‘q hozirgi kunda - hammasi militsiyaning quloqlari, shuning uchun o‘zini ko‘chani bolasiman deganlar bularni priznavat va hurmat qilmaydi. Bu polojenetslar bunaqa qilib yurgandan ko‘ra¸ militsiya formasini kiyib yursin¸ deyishayapti”¸ deydi O‘zbekistondagi kriminal avtoritetlarga yaqin shaxs.

Ozodlik suhbatlashgan toshkentlik advokatlardan biri poytaxtliklar¸ xususan¸ tadbirkorlardan tamagirlik qilayotgan shaxs va guruhlar ustidan shikoyatlar bo‘layotganini bildirdi.

Shu yil ichida 3-4 ta tadbirkor dolya so‘raganlar ustidan men va hamkasblarimdan huquqiy yordam so‘rab keldi. Bu narsa Jinoyat kodeksining 164 (Bosqinchilik) va 165-moddasi(Tovlamachilik)da ko‘zda tutilgan og‘ir jinoyatlarga kiradi va militsiya uni qayddan o‘tkazishga majbur. Oldiga reketchilar kelganlarning qo‘rqib shikoyat qilmasliklari boshqa narsa. Advokat sifatida bu turdagi jinoyatlar bo‘yicha shaxsan o‘zimga bo‘layotgan murojaatlar ko‘payganini ayta olaman. Lekin rasman registratsiya qilinayotgan holatlar soni bo‘yicha aniq ma’lumotga ega emasman”¸ dedi Ozodlik gaplashgan toshkentlik advokat.

“Ko‘cha”ning o‘zi formalilar bilan dolyada”

Ozodlik bilan bir-biridan mustaqil holda gaplashgan tadbirkor va jinoyat olamiga aloqador shaxs ayni iddaoni qilar ekan¸ nafaqat Toshkent¸ balki O‘zbekistonga qayta boshlagan reketchilarning bosh homiysi hokimiyat boshqaruvi tepasida o‘tirganlar ichida ekanini iddao qildi.

Bu suhbatdoshlar bir-biridan bexabar holda¸ ayni shaxslar va ayni oilalar nomini tilga oldi.

Bu iddaolarning hikoyalarga asoslangani va ularni qo‘llovchi dalillar yo‘qligi bois Ozodlik hokimiyatdagi qudratli bu shaxslar nomini hozircha ochiqlamayotir.

Nomlari tilga olingan ayrim shaxslar Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasi tizimida ishlashi bois¸ bu iddaolarga munosabat olish uchun Ozodlik mazkur boshqarma Matbuot xizmati rahbari bilan bog‘landi.

Bularning hammasi shaxsi ochiqlanmayotgan odamlarning quruq gapiga asoslangan. Hozir odamlar qo‘rqmay qolgan¸ bemalol portalga yozishayapti. Boshqarmamizning qaysi mulozimi qachon¸ qaerda¸ kimdan dolya so‘ragan¸ fakt va dalillar bilan bizga yozishsin¸ tekshirib ¸ javob qilamiz. Aks holda¸ bularning hammasi ko‘chadagi mish-mishdan boshqa narsa emas”¸ degan mazmunda javob berdi Ozodlik murojaatiga Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasi matbuot kotibi.

XS
SM
MD
LG