Линклар

Шошилинч хабар
22 ноябр 2019, Тошкент вақти: 17:12

Ekspert: 9 yashar bolaning ota-ona bosimi ostida ro‘za tutishi konvensiyaga zid!


Qo‘qon shahridagi 8-maktab direktori 6 may kuni darsdan so‘ng ro‘za tutgan boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini maktab hovlisida yugurtirgani ijtimoiy tarmoqning o‘zbek segmentida “e'tiqod uchun sazoyi” deya ta’riflandi.

Mahalliy nashrlar Qo‘qondagi maktab o‘quvchilari “ro‘za tutgani uchun jazo sifatida atayin issiqda stadionda yugurtirdi” deb yozdi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahridagi 8-sonli umumiy ta’lim maktabida ro‘za tutgan o‘quvchilar maktab hovlisida yugurtirilgani haqida tarqalgan xabarlar yuzasidan ma’lumot berdi.

"O‘rganish davomida, maktab direktori tomonidan joriy yilning 6 may kuni ro‘za tutgan boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini maktab hovlisida yugurtirgani holati o‘z tasdig‘ini topmadi", deyiladi prokuratura xabarida.

Ma’lum bo‘lishicha Qo‘qondagi 8-maktabda stadion ham yo‘q.

Maktab dunyoviy davlat qonuni asosida ishlaydi

Farg‘ona viloyat Xalq ta’limi boshqarmasining Ozodlik suhbatlashgan xodimi “6 may kuni 3-sinf o‘quvchilari rejadagi sport musobaqasida ishtirok etganligini” bildirdi.

Boshqarma mulozimiga ko‘ra¸ 3-sinf o‘quvchilariga ro‘za tutish tavsiya qilinmaydi va ular maktab rejasidagi mashg‘ulotda erkin qatnashgan:

- O‘quvchilarni sog‘lomlashtirish maqsadida darsdan keyin tashkil qilingan musobaqada 3-sinf bolalari o‘z ixtiyori bilan yugurishdi¸ dedi mulozim.

Taqvodor ota-onalar tahdidi bois ismi ochiqlanmasligini so‘ragan mulozim 3-sinf o‘quvchilarining ota-ona bosimi ostida ro‘za tutgani na islomiy va na dunyoviy normaga to‘g‘ri kelmasligini ta’kidladi:

- O‘zbekiston - dunyoviy davlat. Ta’lim tizimi davlat qonunlari asosida ishlaydi. Ro‘za tutdi, deb maktab rejasidagi mashg‘ulotlarni bekor qila olmaymiz. Ikkinchidan, 9 yashar bola ro‘za tutsin, degan talab yo‘qligini masjid imomining o‘zi bizga aytgan. Shunday ham yaxshi yeb-ichmaydigan kamqon bolalar salomatligi uchun xatar bu. Yaqinda siz aytgan 8-maktabda ro‘za tutgan o‘quvchi dars qilishga yaramay qolgani uchun uyiga qaytarildi¸ deydi boshqarma mulozimi.

Bola huquqlari bo‘yicha ekspert Nargiza Isamuhammedovaning 9 may kuni Ozodlikka aytishicha¸ O‘zbekiston ratifikatsiya qilgan “Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning 24-moddasi bolalarning sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan an’anaviy amaliyotga barham berishni talab qiladi:

- Konvensiyani ratifikatsiya qilgan davlat bu moddada ko‘zda tutilgan talabni bajarishi kerak. Bola salomatligiga zarar yetadigan amaliyotga majburlansa¸ davlat aralashib bunga chek qo‘yishi kerak. Yosh go‘dak ota-ona bosimi ostida 15 soat suvsiz¸ ovqatsiz qoldirilishini diniy e’tiqod bilan xaspo‘shlab bo‘lmaydi¸ deydi bola huquqlari bo‘yicha ekspert.

Qo‘qondagi voqea misolida to‘xtalgan suhbatdosh “maktab tashqi mafkuraviy ta’sirlardan xoli turishi kerak”ligini urg‘uladi:

- Mavzuni tarmoqlardan kuzatib turibman. Maktab o‘qituvchilari belgilangan dars rejasi va darsdan so‘nggi mashg‘ulotlarni o‘quvchilarga bajartirishi kerak. Ramazon oyi uchun imtiyoz belgilanmagan. Ota-onalarning o‘qituvchiga bosim qilgani ham noto‘g‘ri. Huquq-tartibot organlari¸ voyaga yetmaganlar bilan ishlash bo‘yicha inspektorlar o‘z farzandiga va o‘qituvchiga bosim o‘tkazgan ota-onalar bilan suhbat o‘tkazishi lozim¸ deydi ekspert.

XS
SM
MD
LG