Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:07

Mirziyoevning qudasi rahbar bo‘lgan Milliy gvardiya vakolatlari yanada kuchaytiriladi


10 may kuni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi Milliy gvardiyaga ommaviy tadbirlar xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq yangi vakolatlar berishni ko‘zda tutadi.

2017 yili mustaqil vazirlik maqomi berilgan Milliy gvardiya bu qaror kuchga kirganidan so‘ng davlat va jamoat tartibini saqlashda Ichki ishlar vazirligi va DXX bilan ayni vakolatga ega bo‘ladi.

Milliy gvardiya qo‘mondonining birinchi o‘rinbosari prezident Shavkat Mirziyoevning qudasi Botir Tursunovdir.

Vakolat ustiga vakolat

10 may kuni O‘zbekiston respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamaga qo‘yiladigan rasmiy saytda Vazirlar Mahkamasining “Ommaviy tadbirlarni o‘tkazish qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” deb nomlangan qarori loyihasi e’lon qilindi.

25 maygacha muhokamaga qo‘yilgan bu hujjat muallifi deb Ichki ishlar vazirligi ko‘rsatilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 29 iyuldagi 205-sonli qaroriga kiritish taklif etilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar avvalgi hujjatdagi “ichki ishlar organlari” va DXX (MXX) degan so‘zlar yoniga Milliy gvardiya degan so‘zni qo‘shib chiqishdan iborat.

Hukumat qarori loyihasida “ommaviy tadbirlarni o‘tkazishda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi bo‘linmalarining majburiyatlari” qilib:

ichki ishlar organlari naryadlari bilan birgalikda xizmat olib borish va ularning faoliyatini jangovar panasini ta’minlash; ommaviy tadbir o‘tkaziladigan ob’ekt hududini o‘rab (to‘sib) olishda ishtirok etish;

ichki ishlar organlari bilan birgalikda zahira kuchlarini tashkil etish;

jamoat xavfsizligini ta’minlashda ichki ishlar organlarining bo‘linmalari hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralarga ko‘maklashish” etib belgilangan.

Joriy qonunchilikda Milliy gvardiyaga ommaviy tadbirlar paytidagi xavfsizlikni ta’minlash jarayoniga aralashuv vakolati berilmagan.

Milliy gvardiya qachon tug‘ildi va uning vazifasi nima?

1992 yili O‘zbekiston Mudofaa vazirligi tarkibidagi harbiylashgan tuzilma sifatida tashkil etilgan Milliy gvardiya shaxsiy tarkibi yaqinlargacha 1000 nafardan oshmagan va u asosan strategik ob’ektlarni qo‘riqlash bilan shug‘ullangan.

Milliy gvardiya Shavkat Mirziyoev hokimiyatga kelganidan keyin 2017 yili alohida vazirlik maqomidagi tuzilmaga aylantirildi.

Yangi harbiy tuzilma funksiya va vakolatlari aniq belgilangan qonun hozircha yo‘q. Prezident va Vazirlar Mahkamasi qaror va farmonlari asosida ishlayotgan bu tizim boshqa kuch ishlatish salohiyati berilgan idoralar kabi prezidentga bo‘ysunadi. Milliy gvardiya qo‘mondonining birinchi o‘rinbosari Mirziyoevning katta kuyovi – Oybek Tursunovning otasi general Botir Tursunovdir.

Milliy gvardiya rahbarlari. Rasmiy saytdan olingan surat.
Milliy gvardiya rahbarlari. Rasmiy saytdan olingan surat.

Hukumatga yaqin mulozimlarning Ozodlikka aytishicha¸ o‘rinbosar degan aniqlamaga qaramay¸ prezidentning qudasi hozirga kelib naqafat Milliy gvardiya¸ balki O‘zbekiston kuchishlatar tizimlarini nazorat qilayotgan asosiy shaxsga aylangan.

Botir Tursunov 90-yillar oxirida O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining Terrorizmga qarshi kurash bosh boshqarmasi rahbari bo‘lib ishlagan¸ so‘ngra lavozimi pasaytirilib¸ vazirlikning Toshkent viloyati boshqarmasida ishlagan.

2018 yilning 10 yanvar kuni O‘zbekiston Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida qilgan chiqishida Mirziyoev bu yangi tuzilma vazifasining “davlat xavfsizligini ta’minlash, inson huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish, aholini turli terrorchilik xatarlaridan, jinoiy va boshqa noqonuniy xatti-harakatlardan himoya qilish”dan iboratligini bildirgan edi.

2018 yil iyun oyida qonunchilikka kiritilgan o‘zgartishlar bilan Milliy gvardiyaga “davlat aviatsiyasi faoliyati sohasidagi boshqaruv va nazorat”¸ terrorizmga qarshi kurashishda, huquq-tartibotni, shuningdek, jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlash va terrorchilik harakatlarining oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etish vakolatlari berildi.

Milliy gvardiya vakolatlari kuchayib borayotgan bir paytda¸ DXX ortidan Bosh prokuratura vakolatlari qisqartirilmoqda.

2018 yil 16 fevral kuni Peshko‘ tumanida Buxoro viloyati faollari bilan bo‘lgan uchrashuvda Mirziyoev Milliy xavfsizlik xizmatini tanqid qilgan va :

- Bitta davlatning idorasiga shuncha vakolat berish, bu umuman davlatga bo‘lgan qip-qizil xiyonatchilik, - degan edi.

Prezident qudasi boshqarayotgan Milliy gvardiya vakolatlarining muttasil kengayib borayotgani bu tizimning Karimov MXXsi o‘rnini egallayotganiga oid xavotirlarni tug‘dirmoqda.

2019 yilga kelib vakolatlari DXX¸ IIVdan oshib borayotgan Milliy gvardiya harbiylari soniga oid aniq ma’lumot yo‘q.

XS
SM
MD
LG