Линклар

Шошилинч хабар
23 май 2019, Тошкент вақти: 20:53

Oliygohlarga hujjat va test sinovi topshirish tartibi o‘zgartirildi


Adliya vazirligining 13 mayda xabar berishicha, prezidentning “Oliy ta’lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qaroriga asosan 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab oliygohlarga hujjat va test sinovi topshirish tartibi o‘zgartirildi.

Олийгоҳларга ҳужжат ва тест синови топшириш тартиби ўзгартирилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:00 0:00

Qarorda belgilanishicha, 2019/2020 o‘quv yili qabulidan boshlab, abiturientlardan oliygohlarning bakalavriatiga o‘qishga kirish uchun hujjatlar faqat Davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilinadi.

“Test sinovlari tashkil etilayotgan o‘quv yilidan avvalgi yillarda ta’lim muassasalarini tugatgan abiturientlardan (nogironligi bo‘lgan yoki to‘liq davlat ta’minotidagi shaxslar bundan mustasno) test sinovlarida ishtirok etishi uchun eng kam ish haqining yarim baravari miqdorida (101 ming 365 so‘m) to‘lov undiriladi”, deyiladi Adliya vazirligining rasmiy bildiruvida.

Abiturientlar bundan buyon bakalavriat yo‘nalishi bo‘yicha birdaniga uchta oliygohda o‘tkaziladigan tanlovda ishtirok etishi mumkin. Buning uchun test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi bir xil bo‘lishi shart.

Qarorga asosan 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab oliygohlarga kirish uchun test sinovlari iyul-avgust oylarida o‘tkaziladi.

Davlat test markazi abiturientning test sinovidan to‘plagan ballari haqidagi ma’lumotni sinov o‘tkazilgan kunning ertasiga, abiturientning talabalikka tavsiya etilgani yoki etilmagani bo‘yicha natijani test sinovlari to‘liq yakunlanganidan keyin bir hafta ichida rasmiy veb-saytida e’lon qilishi shart.

2020/2021 o‘quv yili qabulidan boshlab test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi ikki bo‘limga ajratiladi.

Birinchi bo‘limga barcha test topshiruvchilar uchun majburiy bo‘lgan ona tili (o‘zbek, rus yoki qoraqalpoq tili), matematika va O‘zbekiston tarixi kiritiladi.

Ikkinchi bo‘lim abiturient tanlagan bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga mos ikkita fanga oid savollardan iborat bo‘ladi.

Bundan avvalroq qator toifalarga oliygohlarga imtihonsiz o‘qishga kirish imtiyozi berilgani xabar qilingan edi.

Bosh vazir Abdulla Aripov 6 may kuni imzolagan qarorga ko‘ra, Mudofaa vazirligi, ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Bojxona qo‘mitasi xodimlari farzandlari oliygohlarga imtihonsiz qabul qilinadi.

Hukumatning 27 apreldan boshlab kuchga kirgan yana bir qarorida esa To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Ishoqxon Ibrat nomidagi maktab-internatni a’lo baholarga bitirgan bitiruvchilar xorijiy til va adabiyot, filologiya va tillarni o‘qitish yo‘nalishi bo‘yicha qo‘shimcha davlat grantlari asosida oliygohlarga imtihonsiz qabul qilinishi belgilangan.

Shuningdek, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti va qism qo‘mondonligi tavsiyanomasiga asosan har bir harbiy qismdan bittadan yosh harbiy xizmatchilar ham oliygohlarga imtihonsiz kirish huquqiga ega bo‘ldi.

XS
SM
MD
LG