Линклар

Шошилинч хабар
23 май 2019, Тошкент вақти: 21:12

“Sahna farishtasi” deya ulug‘langan Yayra Abdullaeva olamdan o‘tdi (AUDIO)


Yayra Abdullaeva

O‘zbekiston Xalq artisti Yayra Abdullaeva 14 may kuni Toshkentdagi kasalxonada 89 yoshida olamdan o‘tdi.

1930 yil 14 avgustda Toshkent shahrida tug‘ilgan san’atkor ko‘zi tirik paytida Ozodlik bilan qilgan suhbatlarida “yuzdan ortiq turli-tuman rol ijro etib, xalq mehriga sazovor bo‘lganidan mamnuniyatini” izhor qilgan edi.

Abdulla Qahhorning “Shohi so‘zana”sida Hafiza, “Og‘riq tishlar”da Xumoraxon, Hamzaning “Boy ila xizmatchi”sida Gulbahor, Shayxzodaning “Mirzo Ulug‘bek” spektaklida Gavharshodbegim, Izzat Sultonning “Noma’lum kishi”sida Turg‘unoy, Oybekning “Qutlug‘ qon”ida Gulnor kabi rang-barang obrazlar yaratgan san’atkor kinoda ham faol ijod qildi.

“Shabbona” filmida ijro qilgan lo‘li kampir obrazi bilan Yayra Abdullaeva tomoshabinlarninng yangi avlodi mehrini qozondi.

Vilyam Shekspirning “Qirol Lir” tragediyasidagi Regina obrazi uchun Respublika Davlat mukofotaga sazovor bo‘lgan aktrisa bilan bundan 10 yil oldin Ozodlikka suhbat bergan edi.

Яйра Абдуллаева билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:19:52 0:00
Бевосита линк

Sahna farishtasi

Yayra Abdullaevaga 2006 yilda O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi “Sahna farishtasi” degan mukofotni berdi. "Men toki tanamda jonim bor ekan¸ sahnada tik turaman"¸ deya so‘z boshlagan edi 2009 yili suhbatdosh.

- Hozir teatrda bitta spektaklim bor. Uning nomi “Daraxtlar tik turib jon beradi”. Mana shu narsa hozir bizning teatrimizda ketayapti. Men shunda ishtirok etayapman¸ degan edi Ozodlik bilan suhbatlaridan birida san’atkor.

Hayot mazmunini belgilagan ism

Ozodlik bilan suhbatda Yayra Abdullaeva¸ O‘zbekistonda urfda bo‘lmagan o‘z ismining qanday qo‘yilganini ham hikoya qilgan edi.

- Mengacha bo‘lmagan bo‘lishi ham mumkin. Bu ismim menga juda g‘alati qo‘yilgan. 1930 yillarda Muzaffar Muhammedov degan juda katta rejissyor o‘tgan. Hamma uni Muzaffar ota derdi.

U kishi onamga “Liza o‘g‘il tug‘ilsa ham¸ qiz tug‘ilsa ham ismini o‘zim qo‘yaman”, degan ekan. Men tug‘ilganimda meni quchog‘iga olib¸ “Mana shu qiz Yayra bo‘lsin. Sahnada yayrab gullasin”, degan ekan. Qarang, Xudoning qudrati bilan xuddi dam solganday bo‘lib qoldi-da.

Mendan keyin Yayralar juda ko‘payib qoldi. Hattoki Yayra Abdullaeva degan yoshgina jurnalist qiz ham bor. Teatrga kelib “Yayra opa¸ men siz bilan suhbat o‘tkazmoqchiman”, dedi. Keling¸ dedim. Keldi. "O‘zingizni tanishtiring"¸ desam¸ "Yayra Abdullaeva" desa bo‘ladimi. Mana shunaqalar ham uchraydi bolam¸ degan edi taniqli aktrisa.

Birvarakayiga ikki maktab talabasi

Ozodlik bilan suhbatda Yayra Abdullaeva o‘zining teatr aktrisasiga aylanish tarixini ham aytib bergan edi.

- Endi buni juda uzoqdan boshlash kerak. Men o‘zim san’atkor oilasida¸ 1930 yil 14 avgustda tug‘ilganman. Mening xolalarim Tamaraxonim¸ Gavhar Rahimova¸ mening onam – bular beshta opa-singil bo‘lib ulardan uchtasi san’atkor bo‘lgan. Men shu oilada tug‘ilganman.

Tamaraxonimning hamma konsertlarida qatnashib¸ hamma repetitsiyalarida bolalikdan qatnashib juda ko‘zim pishib ketgan. Men san’atkor bo‘lamanmi yoki yo‘qmi buni hech o‘ylamagan edim. Drama aktrisasi bo‘laman¸ deb hech o‘ylamagan edim.

Kichkinaligimda ko‘pincha raqsga ishtiyoqim bor edi. Mening onam ham raqqosa¸ ham baletmeyster edi. Qoraqalpoq xalqiga juda ko‘p xizmat qilganlar. Qoraqalpoqlardan “Liza Petrosova kim?” deb so‘rasangiz hammasi biladi. Onamga "baletministr" deb nom qo‘yishgan.

Xullas shunaqa qilib men raqqosa bo‘laman, deb o‘ylagan edim. 1945 yil oktabr oyida Toshkent shahrida Teatralniy institut ochildi. Mana shu institutga men 15 yoshimda kirganman.

Ham institutni bitirganman¸ ham o‘rta maktabni bitirishim shart edi¸ chunki o‘shanda attestat bo‘lmasa¸ diplom berilmas edi. Shuning uchun men kechki o‘rta maktabda o‘qiganman. 1949 yilda ham maktabni¸ ham institutni bitirganman.

Qo‘limga maktabni bitirganim uchun attestat¸ institutni bitirganim uchun diplom olganman. 1950 yilda meni Hamza teatri (hozirgi O‘zbek Milliy akademik drama teatri)ga ishga olishdi. Shu paytgacha mana shu teatrda ishlab kelayapman¸ degan edi Ozodlik bilan 2009 yilgi suhbatda Yayra Abdullaeva.

XS
SM
MD
LG