Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 03:06

O‘quvchi kaltaklanib reanimatsiyaga tushdi; zo‘ravonlik IIBda qaydga olinmadi


Sinfdoshi tomonidan kaltaklangan Asror Toshmurodov.
Sinfdoshi tomonidan kaltaklangan Asror Toshmurodov.

Qashqadaryo viloyat G‘uzor tuman 1-umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi Asrorbek Toshmurodov dars paytida boshqa o‘quvchi tarafidan kaltaklanib kasalxonaga yotqizildi. Kaltaklangan o‘quvchining onasiga ko‘ra¸ maktab direktori voqea yuzasidan yozilgan shikoyat arizasini qaytib olishga majbur qilgan.

Ozodlikka gapirgan ona farzandini mayib qilgan zo‘ravon jazolanishini talab qildi.

G‘uzor tuman IIB voyaga yetmaganlar bilan ishlash inspektori va uchastka noziri “statistikani semirtirmaslik uchun delo ochilmaganini” tan oldi.

Ozodlik ixtiyorida joriy oy boshida maktabda kaltaklangan bolaning salomatligiga jiddiy zarar yetgani haqidagi tibbiy xulosa nusxasi bor.

Nima bo‘lgan edi?

Ozodlik G‘uzor tumanidagi 1-maktabning ayrim o‘quvchi va o‘qituvchilari bilan suhbatlashib¸ 1 may kuni yuz bergan janjal tafsilotlarini aniqladi. Kaltaklangani ortidan kasalxonaga tushgan Asrorbekning Ozodlikka aytishicha¸ u maktabdoshi Sardor Mavlonov tarafidan asossiz va ayovsiz kaltaklangan:

- Darsdan aldab olib chiqib¸ maktab teplitsasining yoniga olib borib yuzimga bir musht solganida¸ burnimdan tirqirab qon ketib yiqildim. Hushimga kelsam¸ G‘uzordagi kasalxonaning reanimatsiya bo‘limida yotibman¸ dedi Ozodlik bilan 14 may kuni gaplashgan o‘quvchi.

Uni kaltaklagan Sardor Mavlonov yaqinlaridan biri Ozodlik bilan suhbatda mojaro Sardorning singlisi bilan bog‘liqligini aytib berdi:

- Asrorbek zinadan chiqayotgan paytda Sardorning singlisiga tegajog‘liq qilgan. Singlisi yig‘lab¸ akasiga aytgan. Akasi kachok bola. Trenirovka qilib¸ sport bilan shug‘ullanadi. Shartta borib Asrorni urib tashlagan. U achchiq ustida qattiqroq urib qo‘yganidan pushaymon¸ deydi Sardor yaqinlaridan biri.

Kaltaklangan bola esa hech kimga tegajog‘lik qilmaganini aytadi.

Voqeaga guvoh bo‘lgan 10-sinf o‘quvchilaridan biri ismi aytilmasligi sharti bilan Ozodlikka voqeaning boshqacha bo‘lganini aytadi.

"Sardor sinfga kirib¸ "Asror qani"¸ deb so‘radi. Keyin Asrorning yelkasiga qo‘lini qo‘yib¸ olib chiqib ketdi. Asror kelavermagach¸ ortidan chiqdim. Borsam parnikning oldida qoniga belanib yotibdi. Sardor uni shu holida ham tepkilayotgan edi. Borib ajratdik. "Tez yordam" kelib olib ketdi"¸ deydi suhbatdosh.

Ozodlikda nusxasi mavjud bo‘lgan rentgen tasvirlari ilova qilingan tibbiy xulosada “Toshmurodov bosh miya chanog‘i¸ ko‘z osti suyagi va burni sinib¸ jiddiy jarohat olganligi” qayd qilingan.

"Maktab nomiga dog‘ tushmasin¸ deya bosti-bosti qilishdi"

Kaltaklangan Asrorning Ozodlikka aytishicha, kasalxonada yotgan ilk kunidayoq sinf rahbari kelib¸" onang arizasini qaytib olsin" deb bosim qilgan.

- Men kasalxonada yotganimda o‘qituvchilarim kelib tezroq kasalxonadan chiq. Ko‘p yotib qolsang jinoiy ish ochilib¸ bizga yomon bo‘ladi¸ deyishdi. Onangga ayt¸ arizasini qaytib olsin¸ deb tayinlashdi¸ deydi kaltaklangan o‘quvchi.

Kaltaklangan bolaning onasi Lobar To‘raqulova Ozodlik bilan suhbatda maktab direktori qattiq bosim qilgani bois arizasini qaytib olishga majbur bo‘lganligini aytadi:

- Qattiq bosim qildi menga maktab direktori. Bolam reanimatsiyada yotgan paytida bu bosimga chiday olmay arizamni qaytarib oldim. Men maktab direktorining bu ishni bosti-bosti qilganidan noroziman. Mayli¸ bolalar o‘zaro urishadi. Lekin nega mansabdan ayrilaman¸ deb ishni yopib yubordi. Men bu yuzadan prokurorga ham¸ prezident portaliga ham shikoyat qilaman¸ deydi kaltaklangan bolaning onasi.

G‘uzor tuman 1-umumta’lim maktab direktori Lola Usmonova Ozodlikka bu borada izoh bermadi.

G‘uzor tuman IIBning voyaga yetmaganlar bilan ishlaydigan inspektori va uchastka inspektori “statistikani semirtirmaslik uchun delo ochilmaganini” tan olib¸ “bachalar urishib yarashaveradi¸ buni xat-pat qisak¸ statistika oshib ketadi”¸ deya izoh berdi.

O‘zbekiston prezidentining joriy yil 10 yanvar kungi yig‘ilishda jinoyatchilikni kamaytirish bo‘yicha bergan topshirig‘i ortidan¸ ayrim turdagi jinoyatlarni ichki ishlar tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish qiyinlashib borayotgani aytiladi.

XS
SM
MD
LG