Линклар

Шошилинч хабар
23 май 2019, Тошкент вақти: 20:59

OzodDayjest: Egizaklarga prezident ismini qo‘yish oshkora tamagirlik sifatida qoralandi


Illyustrativ surat.

Toshkent hokimiyatining drenaj tizimi xususidagi bayonoti savol ostiga olindi. Deputatlarning rasmiy murojaati – so‘roviga bepisandlik qilish holati ko‘paymoqda. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

Toshkent hokimiyatining drenaj tizimi uchun 500 milliard so‘m kerakligi haqidagi bayonoti savol ostiga olindi

Bahorgi seryog‘in kunlarda nafaqat hududlar, poytaxt Toshkent ko‘chalari va ob’ektlari ham suv ostida qolmoqda (“Oila davrasida”, 16 may).

Mazkur holatni izohlagan Toshkent shahri hokimiyati poytaxt irrigatsiya va drenaj tarmoqlari kapital ta’mirga muhtojligi va buning uchun 500 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ zarurligi haqida bayonot bergan edi.

Gazeta hokimlik bayonotini savol ostiga olgan. Ta’kidlanishicha, yog‘ingarchilik payti muammo faqat eski ob’ektlarda emas, yaqindagina qurib foydalanishga topshirilgan inshootlarda ham kuzatilmoqda.

“Nima, ular qurilayotganda irrigatsiya va drenaj masalalari ko‘zda tutilmaganmi? Agar ko‘zda tutilgan bo‘lsa-yu, ular sifatsiz va ishlamaydigan bo‘lsa, uning ta’miriga yana nima uchun milliardlab pul kerak?” deya savol qo‘yadi gazeta.

Nashrga ko‘ra, shahardagi yangi irrigatsiya va drenaj tarmoqlarini nobop holda barpo qilgan loyihachiyu quruvchilar ham javob berishi kerak.

Deputatlarga bepisand amaldorlarni jazolash taklif etildi

Deputatlarning rasmiy murojaati – so‘roviga bepisandlik qilish holati ko‘paymoqda (“XXI asr”, 16 may).

O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi vakili Yusufjon Yusupovga ko‘ra, joriy yilning 1-choragida partiyaning mahalliy kengash deputatlari tomonidan turli muammolar yuzasidan mas’ul mansabdorlarga 3466 ta so‘rov yuborilgan, ammo ushbu so‘rovlarning 123 tasiga vaqtida javob berilmagan, 85 ta deputatlik so‘rovi umuman e’tiborsiz qoldirilgan.

Qayd etilishicha, deputatlik so‘roviga bepisand amaldorlarni jazolash mexanizmi mavjud emasligi ushbu holatning ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda.

Gazetaga ko‘ra, deputatga bepisandlik xalqqa bepisandlik deb baholanishi va mas’ul mansabdorlarni jazolash mexanizmi ishlab chiqilishi kerak.

Egizaklariga prezident ismini qo‘ygan ota-onalar va ularga mashina sovg‘a qilgan rahbarlar tanqid qilindi

O‘zbekistonda uch egizak farzand tug‘ilsa, Shavkat, Miromon va Mirziyo deya davlat rahbari ismini qo‘yish va ota-onaga avtomobil sovg‘a qilish urfga kirmoqda (“Darakchi”, 16 may).

Gazeta bu holatni “oshkora tamagirlik” deb atagan. “Bir chorakning o‘zida 9-10 ta mana shunday xabarni eshitdik va juda xursand bo‘ldik. Ha, sirtdan qaraganda ancha quvonchli holat. Rahbariyat saxovatigayam gap yo‘q! Lekin... Buning tagida juda uyatli holat yotgani nahot sezilmasa?! Oriyatsizlik, tama, surbetlik, boqimandalik singari illatlarning isi kelmayaptimi? Saxovat va ezgulik bo‘lib ko‘ringan tadbir, aslida g‘urursizlik va pastkashlikni rag‘batlantirish bo‘lib qolmayaptimi?” deb yozadi muallif.

Maqolada farzandiga prezident ismini bergan ota-onaga avtomobil sovg‘a qilayotgan hokim va rahbarlarning xatti-harakati ochko ishlab olishga urinish deb baholangan.

Ta’kidlanishicha, ushbu oshkora tamagirlik holatiga nuqta qo‘yish vaqti keldi.

XS
SM
MD
LG