Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 19:41

Kambag‘al qozog‘istonliklar hukumatdan ipoteka qarzlaridan kechishni so‘ramoqda


Qozog‘istonning eng yirik shahri Olmaotada asosan, ayollardan iborat o‘nlab uy egasi kelasi oy o‘tkaziladigan navbatdan tashqari prezident saylovi oldidan mitingga chiqdi. Ular hukumatdan ipoteka kreditini to‘lay olmayotgan kambag‘al oilalar va yolg‘iz onalarning qarzidan kechish hamda davlatning o‘zlariga ko‘proq moliyaviy yordam berishini talab qildi.

21 may kuni “Nur-Otan” partiyasining Olmaotadagi ofisi oldida bo‘lib o‘tgan miting neftga boy Qozog‘istonda oddiy oilalarning qanday iqtisodiy qiyinchiliklarga duch kelayotganini ko‘rsatuvchi so‘nggi signal bo‘ldi. Navbatdan tashqari saylov avtoritar prezident Nursulton Nazarboevning 30 yillik hukmronlikdan so‘ng iste’fo bergani sabab o‘tkazilmoqda

78 yashar Nazarboev “Nur-Otan” partiyasi rahbarligini saqlab qoldi. U hokimiyatning uzil-kesil o‘zi tanlagan voris Qosim-Jo‘mart To‘qaev qo‘liga silliq o‘tishini nazorat qilishga intilmoqda. Qog‘ozistonda siyosiy jarayonlarning qattiq nazoratga olingani bois To‘qaevning 9 iyunga belgilangan saylovda yutib chiqishi kutilmoqda.

Olmaotadagi namoyishchilar kam daromadli oilalar olgan qarzlar¸ xususan ularning 2004-2009 yillardagi global moliyaviy inqirozdan oldin olgan ipoteka kreditlaridan inflyatsiya sabab kechib yuborish kerakligini so‘radi.

Ular shuningdek saylov oldidan qozog‘istonliklar huquqini sudda himoya qilish imkoniyatini mustahkamlash uchun sud tizimini isloh qilishni ham talab etdi.

“Nur-Otan” partiyasi vakillari namoyishchilar talabini hukumatga yetkazishga va’da berdi.

Ushbu mitingdan bir hafta burun ilgari Ostona deb nomlangan poytaxt Nursultonda o‘nlab ayol ijtimoiy nafaqalarni ko‘paytirish talabi bilan namoyishga chiqqan edi.

Fevral boshida poytaxtdagi xonadonlaridan birida bitta oilaning besh farzandi tiriklay yonib ketgandan so‘ng mamlakatning turli shaharlarida yashash sharoitlarini yaxshilash talabi bilan norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgan edi.

3 oylikdan 13 yoshgacha bo‘lgan qizlarini uyda yolg‘iz qoldirib¸ tungi smenada ishlashga majbur bo‘lgan ota-ona fojiasidan g‘azablangan onalar poytaxt hokimiyatidan bunday dahshatga yo‘l qo‘ymaslik uchun aniq choralar ko‘rishni talab qilgan edi.

Ayollar 15 fevralda Ostonadagi konsert zali yoniga munosib turarjoy, bolalarga davlat bog‘chalaridan ko‘proq joy ajratish, farzandi bir nafardan ko‘p bo‘lgan oilalarga beriladigan nafaqa pulini oshirish talablari bilan to‘plangan edi.

Ushbu fojia ko‘plab qozog‘istonliklarni larzaga soldi. Odamlar bir nafardan ko‘p farzandi bo‘lgan ota-onalar oilani boqish yo‘lida jonini jabborga berib ishlamasligi uchun davlat oilalarni qo‘llab-quvvatlashi zarurligini talab qilib, namoyishlar uyushtirgan edi.

XS
SM
MD
LG