Линклар

Шошилинч хабар
20 ноябр 2019, Тошкент вақти: 16:24

Qashqadaryolik tadbirkorlar Jizzaxdagi obodonchilik ishlariga pul o‘tkazishga majburlanyapti


Qurilish mollari do‘koni. Illyustrativ surat.

Qashqadaryo viloyat, Yakkabog‘ tuman soliq inspeksiyasi xodimlari tadbirkorlarni Jizzax viloyatining Forish tumanidagi obodonlashtirish ishlariga pul o‘tkazishga majburlayapti.

Bu haqda Ozodlikka shikoyat qilgan tadbirkorlarning aytishicha, soliq inspeksiyasi xodimlari har bir savdo do‘koniga birma-bir kirib, pul o‘tkazilishi lozim bo‘lgan hisob raqamini taqdim qilmoqda yoki naqd pul olib ketmoqda.

Yakkabog‘ tumani soliq inspeksiyasi boshlig‘i bu haqda Ozodlik bilan gaplashishdan bosh tortdi.

Xayriya pul mablag‘lari tushadigan jamoat birlashmasi rahbari bu tadbir "mutlaqo ixtiyoriy tarzda" amalga oshirilayotganini aytdi.

Yakkabog‘ tumanida savdo do‘koni bor, soliq inspeksiyasi tomonidan bosimga uchrashi mumkinligidan ismi sir qolishini so‘ragan tadbirkorlardan birining aytishicha, u soliq inspeksiyasi xodimlariga 300 ming so‘m naqd pul berishga majbur bo‘lgan:

“Soliqchilar har bitta do‘konga kirib, “Hududlar ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirish” jamoat birlashmasining bank hisobi yozilgan qog‘ozni taqdim qilib, eng kami 300 ming so‘m pul o‘tkazish lozimligini aytishmoqda. Bu ixtiyoriymi yoki majburiy, deb so‘rasam, ixtiyoriy-majburiy qanday tushunsangiz, shunday tushuning”, deb aytyapti. Bu degani o‘tkazmasang, o‘zingdan ko‘r, baribir bitta aybingni topib, jazolaymiz degani. Buni tadbirkorlar yaxshi biladi. Shuning uchun 300 ming so‘m naqd chiqarib berdim. Lekin, buncha pulni olgani haqida birorta hujjat bermadi”.

Jamoat birlashmasi maktubi
Jamoat birlashmasi maktubi

​Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa tadbirkor soliqchilar taqdim etgan hisob-raqamiga 500 ming so‘m o‘tkazganini aytdi:

“Mening dorixonam bor. Soliqchilar kelib, pul o‘tkazing deb, turib olishdi. Qog‘ozni o‘qib ko‘rsam, Jizzax viloyatidagi Forish tumanini obodonlashtirish uchun ekan. Men ularga, o‘zimizning Yakkabog‘da ham kam ta’minlangan oilalar bor, ko‘chalarga qarab bo‘lmaydi, nega endi o‘zimizga emas, boshqa viloyatga yig‘yapsizlar, desam, bizga shunday topshiriq bo‘lgan, deydi. Majbur o‘tkazib berdim. Karimov davridan beri bor bu odat, goh unga, goh bunga pul o‘tkaz, ixtiyoriy, deydi. Hozir ham davom etyapti. Lekin, qanaqa “ixtiyoriy” ekanligini yaxshi bilamiz. O‘tkazmasam, ular qasdlashib qoladi”.

Homiylik pullari o‘tkazilayotgan “Hududlar ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirish” jamoat birlashmasining (Toshkent shahri) rahbari Xudoyberdi Xolboev, Ozodlik bilan suhbatda bu tadbir mutlaqo ixtiyoriy tarzda amalga oshirilishi lozimligini aytdi:

- Biz prezidentimizning Jizzaxda aytgan gaplaridan kelib chiqib, tumanlarni obod qilish uchun imkoniyat doirasida homiylik yordami ko‘rsatilishini so‘raymiz, deb respublika tashkilotlariga xat chiqarganmiz. Birov 50 ming, birov 100 ming, birov bir million so‘m beryapti. Hech qanaqa majburlash yo‘q, bu yerda, hammasi ixtiyoriy, homiylik, homiylik va yana homiylik.

Yakkabog‘ tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘i Asliddin Rustamov, tadbirkorlarning shikoyatlariga oid Ozodlik savolini eshitib, aloqani uzib qo‘ydi va keyingi qo‘ng‘iroqlarga javob bermadi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2017 yilning noyabrida Samarqand viloyat kengashining navbatdan tashqari sessiyasida yana tadbirkorlar faoliyatiga to‘siq bo‘layotgan mahalliy rahbarlar va hokimlarni yana bir ogohlantirgan edi:

“Masalan, biznes sohasida joriy etilayotgan yangiliklar joylarda, jumladan, Samarqand viloyatida qanday qo‘llanmoqda, tadbirkorlar berilayotgan engilliklarni amalda sezmoqdami yoki yo‘qmi, degan savollarga, afsuski, to‘la ijobiy javob topolmaymiz. Shu munosabat bilan barcha bo‘g‘indagi rahbarlar, ayniqsa, joylardagi hokimlar va mansabdorlarni ogohlantirib aytmoqchiman: tadbirkorga madad berish o‘rniga uning yo‘liga to‘siq qo‘yish – bu Prezident siyosatiga qarshi chiqish, deb baholanadi va shunga yarasha chora ko‘riladi", degan edi prezident.

XS
SM
MD
LG