Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:32

Andijonlik farmatsevt: "Dori-darmon" bizni muddati o‘tgan dorilarni sotishga majburlayapti


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Shahrixonlik farmatsevtning Ozodlikka bildirishicha, ​Andijon viloyatidagi dorixonalar egalari "yaroqliklik muddati o‘tib bo‘lgan va muddati o‘tishiga juda oz qolgan dorilarni sotishga “Andijon Dori-Darmon" AJ tomonidan majburlanmoqda".

"Andijon Dori-Darmon" vakili Ozodlikka farmatsevt aytayotgan holatga yo‘l qo‘ygan jamiyatning ikki rahbari 2018 yilning dekabrida o‘z lavozimidan ozod qilinganini bildirdi.

Biroq 30 yashar farmatsevt Nodir Xojimetovning iddao qilishicha, rahbarlar almashgani bilan vaziyat deyarli o‘zgargani yo‘q, o‘z iddaosiga dalil sifatida 30ta nomdagi yaroqlilik muddati o‘tishiga oz vaqt qolgan dorilarni realizatsiya qilish so‘ralgan rasmiy maktub fotonusxasini va boshqa hujjatlarni Ozodlikka taqdim qildi.

Joriy yilning 22 aprel sanasi yozilgan Bildirishda 30 nomdagi jami 1484 dorining sotilishiga amaliy yordam so‘ralgan. Bildirishni “Andijon dori-darmon” AJ ning 2- bo‘limi boshlig‘i R. Abduvaliev imzolagan.

Apteka egalariga jo‘natilgan hujjat
Apteka egalariga jo‘natilgan hujjat

Andijon shahridagi aptekalardan birining o‘zini Umar deb tanishtirgan egasi bu hujjat tagiga bir nusxa oldim deb qo‘l qo‘yganini aytdi:

- Srogi o‘tgan dorilarni olmasam menga kerak dorilarni ham bermay qo‘yadi. Dokumentda sotishga amaliy yordam ko‘rsating deb yozilgani bilan¸ aslida majburiy buyruq bu.

“Andijon Dori-Darmon" AJning Ozodlik 22 may kuni suhbatlashgan vakili bu muammolar bartaraf qilingani va bu holatga yo‘l qo‘ygan jamiyatning ikki rahbari o‘z lavozimidan 2018 yilning dekabrida ozod qilinganini bildirish bilan kifoyalandi:

- Prokuratura tekshirdi. Siz aytgan o‘sha ikki rahbar vazifasidan ozod qilindi. Muammolar bartaraf qilindi.

Farmatsevt Nodirbek Xojimatov esa rahbar almashgani bilan dorixonalarda vaziyat eskicha qolayotgani haqida gapirdi:

- Uchta muammo o‘zgarishsiz qolmoqda. Birinchidan, muddati o‘tgan dorilar sottirilmoqda. Ikkinchidan, omborga kirim qilingan dori-darmonlarga jamiyat ustamasidan tashqari yana qo‘shimcha vositachi ustamasi mavjud qoidalarga zid tarzda qo‘yib sotilmoqda. Uchinchidan, muammo maksimum 5 ming minimum 2 ming nomdagi dori bo‘lish kerak bo‘lgan Andijon aptekalarida bor yo‘g‘i 154 nomdagi dori bor xolos. Bu juda achinarli hol.

Farmatsevt Nodirbek Xojimatovning yana aytishicha¸ bu holat hozir ishdan olingan “Andijon Dori-Darmon" AJning rahbar xodimlari Ravshan Qambarov va Abdulahad Ahmadjonov muddati o‘tgan dorilarni korruptsion sxema asosida sotuvga chiqargani bilan bog‘liq:

- Andijon viloyat prokuraturasining o‘tgan yilgi tekshiruvidan keyin bu ikki rahbar ishdan olindi. Ammo muammoga yechim bo‘lmadi. O‘ta kam ishlatiladigan dorilar bo‘ladi. Shu dorilardan katta partiyasini shu rahbarlar shubhali shirkatlardan otkat evaziga sotib olgan. Bu dorilarnig ozgina qismi sotilib, qolgan katta qismi omborda muddati o‘tib yotibdi. Ayni paytda har kuni ishlatiladigan dorilar olinmagani bois assortiment juda kamayib ketgan. Odamlar Toshkentga borib dori olishga majbur bo‘lmoqda.

Shahrixonlik farmatsevt eski rahbar davridagi yana bir muammo yechimsiz qolganiga e’tibor qaratdi:

- Narx qimmat. Nega Toshkent aptekasidagi ayni dori Andijonda qimmat? Yuk xatini qarasam, dorining asosiy narxiga ikkita ustama qo‘yilgan. Jamiyat ustama qo‘ygani to‘g‘ri. Ammo vositachi ustamasi qonunda ko‘rsatilmagan. Shu holat bugun ham davom etmoqda.

“Andijon Dori-Darmon" AJ ning Ozodlik 22 may kuni suhbatlashgan vakili “vositachi ustamasi noqonuniy qo‘yilgani va muddati o‘tgan dorilar sotilishi qonunga xilof" ekanini e’tirof qilish bilan cheklandi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xodimi Ozodlik muxbiri savollarini diqqat bilan eshitdi va Andijon dorixonalarida muddati o‘tgan dorilar sotilayotganini izohlamadi.

XS
SM
MD
LG