Линклар

Шошилинч хабар
18 ноябр 2019, Тошкент вақти: 13:20

OzodDayjest: Toshkent hokimi Ortiqxo‘jaevning qonunni buzayotgani aytildi


Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaev.

Hukumat idoralarida o‘zbek tilini bilmaydiganlar ishlamasligi lozimligi ta’kidlandi. Xorazmda bemor o‘limiga sababchi bo‘lgan shifokorlar jazodan ozod etildi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

Tilshunos olim hukumatni o‘zbek tilini mavqeini oshirish uchun amaliy harakatga undadi

Tilshunos olim, turkolog Baxtiyor Isabek asrlar davomida turli tillar qisuvida yashab kelayotgan o‘zbek tili hali ham O‘zbekistonda davlat tili bo‘lib ulgurmadi, deb hisoblaydi (www.minbar.uz, 20 may).

“Konstitutsiyada belgilangan maqomini amalga oshirish uchun hukumat chora ko‘rmayapti. Yonimizdagi qo‘shni-qardoshlarimiz konstitutsiyasiga prezidentlikka nomzod davlat tilini bilish darajasini aniqlash uchun imtihondan o‘tishi lozimligi qoidasining kiritilishi davlat tili mavqeini ko‘tarishga xizmat qilishini ko‘rsatib turibdi”, deydi olim.

Olimga ko‘ra, o‘zbek tilining qo‘llanish hududini kengaytirish uchun hukumat jahd qilmog‘i kerak.

“Sir emaski, O‘zbekiston mustaqil bo‘lgan kunidan boshlab hozirgi O‘zbekiston hududidan tashqarida azaldan yashab kelayotgan o‘zbeklar va ularning tilni saqlab qolishi haqidagi burchidan voz kechdi. Shuning uchun Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Afg‘oniston o‘zbeklari uchun O‘zbekistonning barcha oliy o‘quv yurtlari taqa-taq yopildi. Shuning uchun bu mamlakatlardagi o‘zbek maktablari soni qisqarib bormoqda. O‘zbekcha o‘qish kerak bo‘lmay qoldi”, deydi tilshunos Baxtiyor Isabek.

Olim davlat idoralarida barcha ishlar o‘zbek tilida olib borilishi, davlat va hukumat idoralarida o‘zbek tilini bilmaydiganlar bo‘lmasligi lozimligini ham ta’kidlagan.

Toshkent hokimi Ortiqxo‘jaev qonun buzayotgani aytildi

Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaev ham davlat va shaxsiy biznesni birgalikda yuritishda davom etib, qonunchilik talabini buzmoqda (Hook.report, 16 may).

Poytaxt rahbari yaqinda o‘zbekistonlik bloger Kirill Altmanga bergan intervyusida endilikda Akfa kompaniyalari guruhi benefitsiari emasligini ma’lum qilgan edi.

Hook.report nashriga ko‘ra esa, hokimning ushbu bayonoti haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, J.Ortiqxo‘jaev Dream city development, Akfa, Discover invest, Crafers kabi brendlarga egalik qilayotgan “J-United Group” MChJning yakka ta’sischisi bo‘lib qolmoqda.

Qayd etilishicha, hokim biznesni davom ettirar ekan, eng kamida “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonunning “Hokim, uning o‘rinbosarlari, hokimlikning boshqa xodimlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining mansabdor shaxslari boshqa haq to‘lanadigan lavozimni egallashlari mumkin emas” degan talabini buzmoqda.

Muassislik haq to‘lanadigan lavozim sanalmasa-da, ammo u tadbirkorlik faoliyati hisoblanadi, deb yozadi elektron nashr.

J.Ortiqxo‘jaev bloger Kirill Altmanga bergan intervyusida ijtimoiy tarmoqdagi o‘ziga nisbatan tanqidlar xorijdagi va O‘zbekistondagi buyurtmachilar tomonidan uyushtirilayotgani va bu borada dalillarga ega ekanini iddao qilgan edi. Hook.report nashri hokimdan o‘sha dalillarni ochiqlashni so‘ragan.

Buxoroda O‘zXDP mablag‘i o‘zlashtirilgani aniqlandi

O‘zbekiston xalq-demokratik partiyasi Buxoro viloyat kengashi bosh hisobchisi partiya mablag‘larini talon-taroj etishda aybdor deb topildi (“Huquq”, 23 may).

Bu haqda prokuratura departamenti vakili Ulug‘bek Esonov ma’lum qilgan.

Ismi oshkor etilmagan bosh hisobchi xo‘jalik ehtiyojlari uchun foydalanish maqsadida ochilgan bank korporativ kartasidagi 71 million so‘mdan ziyod mablag‘ni o‘zlashtirgan.

Jinoiy ishga oid boshqa tafsilotlar ochiqlanmagan. Shaxsiy manfaatni o‘ylab, umummanfaatini unutgan har qanday kishi alaloqibat aziyat chekishi ta’kidlangan.

XS
SM
MD
LG