Линклар

Шошилинч хабар
12 ноябр 2019, Тошкент вақти: 13:50

OzodDayjest: Blogerlar davlat siyosatini obro‘sizlantirishga harakat qilayotganlikda ayblandi


Buzg‘unchi g‘oyalarni tarqatayotgan blogerlarni jazolash taklif etildi. O‘zXDP mablag‘i o‘zlashtirilgani fosh qilindi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

IIV vakili ayrim blogerlarni radikal g‘oyalarni tarqatishda aybladi

"Facebook, Twitter va Telegram ijtimoiy tarmoqlarida faoliyat yuritayotgan “Fayzbog.uz” va “Tanqidchi.uz” kanallari blogerlari davlat siyosatini obro‘sizlantirishga qaratilgan ma’lumotlar tarqatmoqda", deb yozadi IIV Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash bosh boshqarmasi yetakchi mutaxassisi, kapitan Abdumalik Karimov (“Postda”, 22 may).

Qayd etilishicha, bir necha ming a’zoga ega ushbu ikki kanalda diniy vaziyatni murakkablashtirish va radikal g‘oyalarni targ‘ib etuvchi materiallar berilmoqda.

IIV yetakchi mutaxassisiga ko‘ra, blogerlar norozilik kayfiyatidagi shaxslardan foydalangan holda davlat organlarini obro‘sizlantirish va ularga nisbatan fuqarolarda ishonchsizlik kayfiyatini uyg‘otishga harakat qilmoqda.

Ta’kidlanishicha, shu kabi materiallarga rasmiy shaxslar munosabat va raddiyalar berib borishi, buzg‘unchi fikrlar bildirgan shaxslarni ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortish masalasi ko‘rib chiqilishi lozim.

Xorazmda bemor o‘limiga sababchi bo‘lgan shifokorlar jazodan ozod etildi

Xorazm viloyati Urganch tumani tibbiyot birlashmasi qabul bo‘limi mudiri Q.Ro‘zimov va bo‘lim shifokori M.Niyazmetovlarning o‘z vazifasiga beparvoligi natijasida 1991 yilda tug‘ilgan bemor O.Umarova vafot etdi (“Darakchi”, 23 may).

O.Umarova ikkinchi farzandini dunyoga keltirgach, tug‘ruqxonadan uyiga javob berilgan. Ammo bir necha kundan keyin bemor tanasida kuchli og‘riq bilan shifokorlarga murojaat qilgan.

Bo‘lim mudiri bemorga noto‘g‘ri tashxis qo‘yib, uni yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yuborgan. O.Umarova yuqumli kasalliklar shifoxonasidan qaytib kelganidan keyin ham yana noto‘g‘ri tashxis qo‘yilgan.

Oqibatda bemorda asosiy kasallik asorati sifatida og‘ir sepsis, septik shok, DVS sindromi va poliorgan yetishmovchiligi kelib chiqqan va u tibbiyot birlashmasida vafot etgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Xonqa tuman sudi raisi Maqsud Qilichevga ko‘ra, ikki shifokor JKning 116-moddasi 3-qismida aybdor deb topilgan va jabrlanuvchi tomonning ularga da’vosi yo‘qligi sabab jazodan ozod etilgan.

Buxorodagi eski ko‘prik qulasa yuzlab odam halok bo‘lishi haqida bong urildi

Buxoro viloyati Kogon tumanidagi katta temiryo‘l ustidagi ko‘prik allaqachon ta’mirga muhtoj holatga kelib qolgan (“Oila davrasida”, 23 may).

G‘uzor – Buxoro – Nukus – Beyneu avtomobil yo‘lining 208 kilometridagi yo‘lo‘tkazgich qulagudek bo‘lsa, yuzlab odamning hayotiga xavf solishi mumkin.

Qayd etilishicha, ushbu ko‘prik 1967 yilda qurilgan. Vazirlar Mahkamasining 2017 yildagi 148-sonli bayonnomasiga ko‘ra, yo‘l o‘tkazgichni qayta qurish “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga qarashli “Ko‘prikqurilishinvest” korxonasiga yuklangan.

Ammo hozirga qadar ob’ektda ta’mirlash olib borish uchun buyurtmachi va pudratchi korxona o‘rtasida shartnoma tuzilmagan. Holbuki, ko‘prikning qatnov qismi konstruksiyalari butunlay yaroqsiz holga kelgan, unda ko‘ndalang yoriqlar va o‘yiqlar hosil bo‘lgan.

Eski ko‘prikdan esa har kuni yuzlab mashinalar, o‘nlab poezdlar fuqarolar hayotini tahlikaga qo‘yib o‘tmoqda.

XS
SM
MD
LG