Линклар

Шошилинч хабар
24 январ 2021, Тошкент вақти: 21:49

Jizzaxda tug‘ruq payti o‘lgan chaqaloqning otasi shifokorlarni ayblamoqda


Illyustrativ surat: O‘zbekistonda har ming bolaning beshtasi tug‘ilganidan sal o‘tmay olamdan o‘tadi.

Jizzax viloyati Yangiobod tumanida yashovchi Jasur Xudoyberdiev tug‘ruq payti chaqalog‘i nobud bo‘lishida shifokorlarni ayblamoqda.

Xudoyberdievning aytishicha, 3 may kuni to‘lg‘oq tutib kelgan turmush o‘rtog‘ini tug‘ruqxona vrachlari vaqtida qabul qilmagani oqibatida farzandi nobud bo‘lgan.

Tug‘ruqxona vrachlari esa ayol kech olib kelingani bois chaqaloqni saqlab qololmaganliklarini aytishdi.

Tuman prokuraturasi bola o‘limi yuzasidan tergovoldi tekshiruv o‘tkazayotganini bildirdi.

29 yoshli Jasur Xudoyberdievning iddaosicha, 4 may kuni ayolida to‘lg‘oq boshlangach, uni Yangiobod tuman tibbiyot birlashmasi tug‘ruq majmuasiga olib borgan.

Ammo navbatchi doya tushlikka chiqib ketgani sabab xomilador vaqtida qabul qilinmagan.

"O‘sha kuni soat 16 lar atrofida ayolimdan qon keta boshladi. Bizga Tez yordam mashinasi uzoqligi uchun vaqt cho‘zilmasin, deb qo‘shnimizdan shifoxonaga olib borishni iltimos qildik. 16.40 da yetib bordik, "navbatchi vrach yo‘q", deb turmush o‘rtog‘imni kirgizishmadi. Navbatchi vrach shaxsiy ishi bilan qaergadir ketib qolgan ekan".

Jasur Xudoyberdievga ko‘ra, rafiqasini tug‘ruqxonaga yetib kelganlaridan bir yarim soat o‘tib qabul qilganlar.

"Oxiri soat 18 lardan o‘tib qabul qilishdi. Shifokorlar ayolim ko‘p qon yo‘qotgani sabab viloyatga olib borish kerak deyishdi, lekin osma ukolsiz viloyatga yetib borolmasligini aytishdi. Bola o‘lik tug‘ildi. Ayolim ham ikki litr qon yo‘qotib, o‘lishiga sal qoldi, zo‘rg‘a o‘ziga keltirdik".

Yangiobod tuman tibbiyot birlashmasi bosh vrachi muovini O‘tkir Normamatov ayol kech olib kelingani oqibatida chaqaloq nobud bo‘lganini aytdi.

"Chaqaloq chala bo‘lgan, uyida qon ketgan, chunki to‘lg‘oq vaqtidan oldin bo‘lgan, sakkiz oylik davrda bo‘lgan. Ayolni vaqtida olib kelishmagan. Vaqtida kiritishmadi, degan narsa umuman noto‘g‘ri, bizni kasalxonada bu bo‘lishi mumkin emas".

Jasur Xudoyberdiev ayni paytda tug‘ruq payti chaqalog‘i o‘lgani yuzasidan tuman prokuraturasiga arz qilgan.

Jizzax viloyat Yangiobod tuman prokuraturasi tergovoldi tekshiruvlarini olib borayotganini aytdi, lekin, tekshiruv xulosasi haqida hozircha ma’lum berolmasligini bildirdi.

O‘zbekistonda go‘daklar o‘limi ko‘rsatkichi yuqoriligicha qolmoqda.

Britaniyadagi "Save The Children" - "Bolalarni Asrang" xalqaro xayriya tashkiloti hisobotiga ko‘ra, O‘zbekistonda har ming bolaning beshtasi tug‘ilganidan sal o‘tmay olamdan o‘tadi.

Dunyoga kelganidan so‘nggi 30 kun mobaynida ro‘y beradigan bolalar o‘limi hollari esa O‘zbekistonda har ming bolaga 15tani tashkil etadi.

Tug‘ruqxonalardagi tibbiy sharoit, malakali xodimlarning etishmasligi, shuningdek, oilaviy sharoit yomonligi buning sabablari sifatida tilga olinadi..

Dunyo bo‘yicha esa har yili 1 milliondan oshiq bola tug‘ilishi bilan o‘ladi.

XS
SM
MD
LG