Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:25

MIBning Uychidagi xodimlari yarim tungacha ishlashga majburlanayotgani haqida arz qildi


Uychi tumani MIB xodimlari Ozodlikka yo‘llagan surat. 
Uychi tumani MIB xodimlari Ozodlikka yo‘llagan surat. 

Namanganning Uychi tumani Majburiy ijro byurosining bir guruh xodimlari har kuni tong sahardan yarim tungacha ishlashga majburlanayotganliklari haqida Ozodlikka arz qildi.

O‘zbekiston Mehnat kodeksida xodimlarni ish vaqtidan tashqari ishlarga jalb etishga faqat ularning roziligi bilangina yo‘l qo‘yilishi aytilgan.

Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi markaziy apparati Jamoatchilik bilan aloqalar va axborot bo‘limi mudiri Farrux Toshpo‘latov 25 may kuni Ozodlik bilan suhbatda byuroda ish tamomila mehnat kodeksiga asosan tashkil etilganini aytdi va Uychi MIB xodimlarining shikoyati o‘rganib chiqilishini va’da qildi.

Uychi tumani Majburiy ijro byurosi xodimlarining 25 may kuni Ozodlikka yo‘llagan arznomasida shunday deyiladi:

“Boshliqlar bizni ertalab soat 5.30.dan kechqurun soat 23.30.gacha, gohida soat 00.30.gacha olib o‘tiradi idorada. Bizlar “ertaroq ketaylik” desak “arizani yozib ketaverlaring” deydi. Bir oydan buyon halovatimiz yo‘q. Mehnat shartnomamizda ertalab soat 9.00.dan kechki 18.00.gacha ish vaqti yozilgan. Shanba yakshanba dam olish kuni. Har oy 22 kunga tabel ishlaydi, kuniga 8 soatdan. Lekin, bizni kuniga 15 soatlab ishlatishyapti. Bizni uyda farzandlarimiz bor. Biz kimga murojaat qilishni bilmay qoldik”, - deyiladi Ozodlikka Uychi tumani Majburiy ijro byurosining bir guruh xodimlari 25 may kuni yo‘llagan murojaatida.

Uychi tumani MIB xodimlari Ozodlikka yo‘llagan surat.
Uychi tumani MIB xodimlari Ozodlikka yo‘llagan surat.

Uychi MIBida xodimlar belgilangan ish vaqtidan ortiqcha ishlashga majbur qilinayotganini bo‘limning boshqa xodimi ham tasdiqladi.

“Bizda aniq ish grafigi yo‘q. Kerak bo‘lsa yarim tunda chaqirtirib oladi, ishimiz shunaqa”, - dedi Uychi tumani Majburiy ijro bo‘limi xodimi.

Uychi tumani MIB xodimlari Ozodlikka yo‘llagan surat.
Uychi tumani MIB xodimlari Ozodlikka yo‘llagan surat.

MIB xodimlari Ozodlikka yo‘llagan suratlarda xodimlar ish joyida o‘tirgani, surat ostida esa uning qaysi vaqtda olingani yozilgan.

Ozodlik Uychi tumani MIBi xodimlarining ushbu arzi yuzasidan Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi markaziy apparati Jamoatchilik bilan aloqalar va axborot bo‘limi mudiri Farrux Toshpo‘latovga murojaat qildi.

Toshpo‘latov 25 may kuni Ozodlik bilan suhbatda ishchilarning ushbu murojaatini nazorat ostiga olishini aytdi.

“Biz buni o‘rganamiz, lekin bir narsani aniq aytishim mumkin, bizda xodimning shanba va yakshanba kuni ishlashi yoki kechroq ishlashi faqat uning o‘z xohishiga ko‘ra bo‘ladi. Ulgurolmay qolsa unga ortiqcha ishlashiga ruhsat beramiz. Bizda 18.00da ish vaqti tugaydi. Qo‘shimcha vaqt yoki dam olish kunlari ishlagan bo‘lsa Mehnat kodeksiga ko‘ra qo‘shimcha haq beriladi yoki boshqa kuni dam berilishi mumkin”, - dedi Toshpo‘latov.

Uychi tumani MIB xodimlari Ozodlikka yo‘llagan surat.
Uychi tumani MIB xodimlari Ozodlikka yo‘llagan surat.

O‘zbekiston Mehnat kodeksining 124-moddasiga ko‘ra, xodim uchun belgilangan kundalik ish (smena) muddatidan tashqari ishlash - ish vaqtidan tashqari ish, deb hisoblanadi.

Ish vaqtidan tashqari ishlarga jalb etishga faqat xodimning roziligi bilangina yo‘l qo‘yiladi.

Mehnat kodeksining 157-moddasiga ko‘ra ish vaqtidan tashqari ishlar uchun kamida ikki hissa miqdorida haq to‘lanishi lozim.

"Xodimning iltimosiga binoan ish vaqtidan tashqari ish uchun belgilangan ish vaqtidan tashqari bajarilgan ish soatlariga teng keladigan miqdorda otgul berilishi ham mumkin.

Ish vaqtidan tashqari bajarilgan ish uchun boshqa dam olish kuni berilgan taqdirda, bunday ishlar uchun kamida bir hissa miqdorda mehnat haqi to‘lanishi lozim", - deyiladi O‘zbekiston Mehnat kodeksida.

XS
SM
MD
LG