Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:50

Fura sotib olish uchun yo‘lga chiqqan ikki o‘zbekistonlik tushgan Matiz Polshada yonib ketgani bildirildi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

18 may kuni Polshaning S-3 avtoyo‘lida yonib ketgan bir o‘zbekistonlik jasadi tekshirilmoqda. Yonayotgan mashina ichidan qutqarilib vertolyotda kasalxonaga yetkazilgan ikkinchi o‘zbek 27 mayga kelib ko‘zini ochgan bo‘lsa ham hali tilga kirmagan.

Bu ma’lumotlarni Ozodlik radiosiga O‘zbekistonning Polshadagi elchixonasi 27 may kuni bildirdi.

Bundan oldin Ozodlik Xorvatiyadan fura sotib olish uchun Polshadan yo‘lga chiqqan ikki O‘zbekiston vatandoshining 14 maydan beri bedarak ekani haqida yozgan edi.

Varshavadagi O‘zbekiston elchixonaning Ozodlikka taqdim qilgan ma’lumotiga ko‘ra¸ Matiz avtomobili Shchechin (Szczecin ) va Gojuv (Gorzów) shaharlari o‘rtasida yonib ketgan. Elchixona vakili aynan bunday dedi:

- Mashinadagi bir kishi voqea joyida halok bo‘lgan, ikkinchisi og‘ir kuyish jarohatlari bilan xushsiz holda politsiya vertolyotida Shchechin shahri shifoxonasiga olib kelingan. Tekshiruv olib borayotgan Pijitse​ (Pyrzyce) shahar politsiyasidan olingan xabarga ko‘ra, ularning ikkalasi ham O‘zbekiston fuqarolari bo‘lishi mumkin. Politsiya taxminiga ko‘ra, Farg‘ona viloyatidan bo‘lgan O‘zbekiston vatandoshi 60 yashar Mamadaliev Shuhratjon Vahobovich halok bo‘ldi. Namangan viloyati Chust tumanidan bo‘lgan Lutfullaev Baxtiyor Erkin o‘g‘li shifoxonaga yotqizilgan. Hozir Shchechindagi shifoxonada qolaëtgan Lutfullaev Polshaning Torun shahridagi Bank oliy maktabi magistraturasida o‘qigan.

Ayni paytda elchixona vakili “Matiz avtomobili ichidagi jasad va kasalxonaga kuyish tashxisi bilan yotqizilgan yana bir kishining O‘zbekiston vatandoshi ekani bu politsiya taxmini ekanligini ta’kidladi:

-100 foiz aniq ma’lumot DNK analizi chiqqanidan keyin va kasalxonadagi shaxs tilga kirganidan keyin ochiqlanadi.

Elchixona vakiliga ko‘ra¸ o‘zbek diplomatlari extimoliy qurbonlarning qarindoshlari va Polsha hokimiyat organlari bilan aloqa o‘rnatgan va muammolarni tezkor hal qilishda ko‘maklashish uchun vaziyatni nazoratda ushlab turibdi:

- O‘sha mashinada yonib ketganligi taxmin qilinayotgan kishining qarindoshlari bilan va voqeani tekshirayotgan tergovchilar bilan yaqin aloqadaman. Qarindoshlari hali Polshaga kelishmadi.

O‘zbekiston vatandoshlari farg‘onalik Shuhrat Mamadaliev halok bo‘lgani va chustlik Baxtiyor Lutfullaevning kasalxonaga yotqizilgani haqidagi Polsha tergov organlari taxmini O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi saytida ham e’lon qilindi.

Voqea haqida Ozodlikka habar bergan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga yaqin manbaning aytishicha¸ bu ikki O‘zbekiston vatandoshi Polshadan Xorvatiyaga yuk mashinasi sotib olish uchun ketaëtgan bo‘lgan.

2018 yili 20 tonnagacha bo‘lgan yuk mashinalarini O‘zbekistonga olib kirish uchun bojxona to‘lovi bekor qilingani ortidan Yevropa davlatlaridan fura sotib olishga kelayotgan o‘zbeklar sonining ko‘paygani aytilmoqda.

Hozircha bu Yevropa davlatlarida fura sotib olish jarayonida muammoga duch kelgan o‘zbekistonliklar haqida Ozodlikka yetib kelgan birinchi xabardir.

Ikki o‘zbekistonlikning bedarak yo‘qolgani to‘g‘risida ularning yaqinlari Ozodlikka 22 may kuni bildirgan edi.

- Ular Polshada qayd qilingan eski Matiz mashinasida 13 may kuni Germaniya va Chexiya orqali Xorvatiyaga yo‘l olishgan. 14 may kuni ular bilan aloqa uzildi¸ degan edi¸ shu kunlarda halok bo‘lgani aytilayotgan Mamadalievning yaqini.

Yaqinlari Ozodlik bilan suhbatda Xorvatiyadagi mashina sotmoqchi bo‘lgan odam bilan gaplashishgani va bu sotuvchi o‘zbek mijozlarning yetib kelmaganini aytganini bildirgan edi.

Polshadagi O‘zbekiston elchixonasiga yaqin bo‘lgan faollardan biri¸ “elchixonaning bu ikkala o‘zbekni qidirish ishiga astoydil kirishgan”ini bildirgan edi.

Otingni sot¸ molingni sot¸ fura ol...

2018 yili prezident qaroriga muvofiq O‘zbekistonga olib kiriladigan g‘ildirakli traktor va 20 tonnagacha bo‘lgan yuk mashinalari, shuningdek pritseplar bojxona boji va aktsiz solig‘idan ozod etilgan.

Bundan oldin bu transport vositalariga ularning bojxona qiymatidan 70 foiz bojxona to‘lovi olib kelingan.

“Bu qaror chiqishi ortidan minglab o‘zbekistonlik chet eldan fura olib kela boshladi” deydi o‘zbekistonliklarga minilgan furalarni sotish bilan shug‘ullanadigan tadbirkor.

- Oyiga 200¸ ba’zan 300 furani Brestdagi chegaraga oborib beramiz. Brestda yotoqxonalar tashkil qilganmiz. O‘zbekistonlik oluvchi o‘sha yerga kelib¸ mashinasini kutib o‘tiradi. Asosiy mijozlar shu tariqa fura olayapti. Germaniya va Avstriyadagi mashina jamlog‘iga borsangiz¸ bir kunda kamida bitta o‘zbek yuk mashina olayotganini ko‘rasiz¸ deydi shaxsi ochiqlanishini istamagan suhbatdosh.

Uning aytishicha¸ Germaniya va Avstriyada fura olmoqchi bo‘lgan o‘zbeklar hozirga qadar muammoga yo‘liqmagan.

- Xorvatiya¸ Litva¸ Polsha va Ruminiya xatarli. O‘zbeklar katta pulni sumkaga solib¸ ko‘tarib yuradi. Bu pulni ulardan tortib olmoqchi bo‘lgan talonchilar ham ko‘p¸ deydi suhbatdosh

O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasi ochiqlagan ma’lumotga ko‘ra¸ 2019 yilning dastlabki uch oyi davomida O‘zbekistonga xorijdan umumiy qiymati 100 million dollardan oshiq avtomobil olib kirilgan.

Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 2,2 baravar ko‘pdir.

XS
SM
MD
LG