Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 14:37

Andijon hokimi "prezident sovg‘asi"dan ayrilgan ayol aldanganini tan oldi (VIDEO)


Prezident sovg‘asi deb “uy berilib” uysiz qolgan Xurshida Tillaeva va Andijon viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov
Prezident sovg‘asi deb “uy berilib” uysiz qolgan Xurshida Tillaeva va Andijon viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov

Andijon viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov prezident sovg‘asi sifatida “uy berilib”, keyin uydan chiqarilgan tikuvchi Xurshida Tillaevani aldashganini tan oldi.

Kuni kecha voqea yuzasidan mahalliy jurnalistlarga izoh bergan viloyat hokimi Tillaeva va yana bir necha ayolga prezident tashrifi arafasida yolg‘on uy berilishini "xatolik", deb baholadi.

Xurshida Tillaeva hamda "prezident sovg‘asi sifatida uy berildi" tomoshasida ishtirok etishga majburlanganini da’vo qilgan yana ikki ayol shikoyati haqida Ozodlik maqola chop etgan.

Hokimning izohi

Youtube tarmog‘idagi Zamon TV kanalida berilgan videoda viloyat hokimi Xurshida Tillaevaning Ozodlik radiosiga bergan intervyusiga to‘xtalgan.

Andijon viloyat hokimligi saytida berilishicha, Shuhrat Abdurahmonov bu bayonotni respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalari jurnalistlari uchun matbuot anjumanida bergan.

"Endi bu yerda bitta xatolik o‘tgan bulardan endi, olib kirishib shu uylarga, mana shu uylar sizlarniki, deb, haligi otdel kadrimi, shu yerda ishlayotgan gapirgan. Gap ketgan xolos, tema ketgan xolos, bu yerda. Lekin u qiz intervyu bergan bo‘lsa, onasining uyida intervyu berdi. Bu yerda ham onasi bilan birga yashab kelgan-ku, shu paytgacha. Nima bo‘pti onasining uyida intervyu bergan bo‘lsa? Nima xatoligi bor buni? Endi chiroylik ko‘rinib ketib, u qizimiz haligi to‘qlikka sho‘xlik degan narsani, sizlarga uch marta qaytaraman. Nima yerda yashayotuvdingizu, nima yerga olib chiqyapmiz sizni? Qanaqa holatda edingizlaru, qanaqa holat, yurtboshimiz bosh, sizga sharoit yaratib berayapmiz", deya e’tiroz bildiradi viloyat hokimi.

Bunga qadar viloyat hokimining Xotin-qizlar ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Manzura Yunusova ham Gazeta.uz nashriga bergan intervyusida "ayollar yangi uyga olib borilgani va ularga "bu uylar sizlarga", deb aytilganini tan olgandi.

"Biz "O‘zdaryotrans" tashkilotidan ularning yuklarini tashib berishni so‘radik. Bu uylar sizlar uchun qurilyapti, deb ularga aytdik. Buni ularni yaxshi ishlashga ruhlantirish uchun qildik", degan edi mulozim.

Onasining uyi

Viloyat hokimligi saytida berilishicha, prezident viloyatga tashrifi davomida Xurshida Tillaeva ichida turib, mahalliy televideniega intervyu bergan yangi kottej uy Xo‘jaobod tumanidagi “Mustaqillikning 27 yilligi” mahallasida joylashgan va bu uy uning "onasi, singlisi va nogiron ukasiga berilgan".

Shuningdek, hokimiyat saytida Tillaevaning opasiga ham shu massivdagi yangi uylardan yana biri berilgani aytilgan.

"Xurshidaning o‘ziga esa ushbu oilaning og‘ir sharoitda yashayotgani, 2 nafar voyaga yetmagan farzandi borligi, onasining xonadonida unga yashash uchun sharoit yetmasligi e’tiborga olinib, ko‘p qavatli uylardan kvartira ajratilishi belgilangan", deyiladi hokimlik saytida.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, uy shu yilning avgust oyiga qadar ayolga beriladi.

Ozodlikka videomurojaat

O‘zbekiston prezidentining 16 may kuni Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida "uy berildi" deb TVda ko‘rsatilgan 35 yashar Xurshida Tillaeva Ozodlikka aslida hech qanday uy olmaganini aytib, 28 may kuni murojaat qilgan edi.

Murojaatida Tillaeva prezident tashrifi paytida unga berilgani aytilgan uydan, ertasi kuni chiqarilgani va unga "bu uyning boshqa odamga berilgan"ini aytib, shikoyat qilgan edi.

30 may kuni Andijondagi «Mustaqillik tikuvchilik majmuasi» chevarlaridan yana ikki nafari Muyassar Rahimova va Shohista Bakirova Ozodlikka “prezidentdan uy olgan baxtiyor ayol obrazini adras ko‘ylak kiyib" o‘ynab berganidan shikoyat qilgan.

30 yashar Muyassar Rahimovaga ko‘ra, "prezident sovg‘asi"ni olganlar ro‘yxatidan faqat bir ayolga uy berilgan, boshqalar "quruq va’daga ishonib uysiz” qolgan.

Andijon viloyat hokimligi vakili esa Ozodlik bilan suhbatda uy olganlarning berilgan xonadonlardan chiqarib yuborilganini rad qilgan. Mulozimga ko‘ra, Qorako’l stroy engineering mas’uliyati cheklangan jamiyati ishlab chiqqan loyihaga ko‘ra shahardagi 7,5 gektar yerda 108 ta taunxaus uy qurilib, unga muhtoj oilalar ko‘chib o‘tgan.

Iste’fo chaqirig‘i

Bi-bi-si O‘zbek xizmati 1 iyun kuni "Ko‘zbo‘yamachilikdan so‘ng Andijon viloyat hokimi iste’fosi so‘ralmoqda" sarlavhali maqola chop etdi.

Maqolada keltirilishicha, Telegram ijtimoiy tarmog‘idagi Safari kanali bu vaziyatda iste’fo berish ehtimolidan so‘z ochgan.

"Barcha faktlar o‘z o‘rnida turipti. Inkor qilinmadi. U ayollarga uy beriladimi yo‘qmi bu ahamiyatsiz. Ahamiyatlisi aynan o‘sha kuni O‘zbekiston24 telekanali yordamida yolg‘on axborot tarqatildi. Prezidentga ham noto‘g‘ri ma’lumot berildi. Jamoatchilik ommaviy dezinfomatsiya qilindi. Demokratik tamoyillarga rioya qiladigan jamiyatlarda odatda ushbu hol hokimdan tortib, bu ishga bog‘liq barcha mas’ullarning ixtiyoriy iste’fosi​ bilan yakun topgan bo‘lar edi. Lekin biz ko‘ryapmizki, iste’fo uyoqda tursin hatto ayb tan olinmayapti", deyiladi kanalda qoldirilgan postda.

Quyidagi maxsus dasturda Xurshida Tillaeva va uning tegrasidagi voqealarga oid tafsilotlar bilan to‘liq tanishishingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG