Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2020, Тошкент вақти: 23:35

Pilla rejasini bajarmagan fermerlardan naqd pul undirib olinmoqda


Pilla terimi

Samarqandlik va farg‘onalik fermerlar mahalliy hokimliklar pilla yig‘imi rejasini bajarmagani uchun ulardan naqd pul undirib olayotganidan Ozodlikka shikoyat qildi.

Xususan, Farg‘onada fermerlar pilladan qarzini bankdan kredit olib qoplashga majbur bo‘lmoqda. "Agrobank" vakili fermerlardan olingan bu ma’lumotni tasdiqladi.

1 kg pillaga 40 ming so‘m

Samarqand viloyat, Qo‘shrabot tuman, "Qiyqim" qishlog‘idan bo‘lgan fermerga ko‘ra, pilla rejasini bajara olmayotgan fermerlardan reja bajarishga yetmay qolgan pillaning har bir kilogrammi uchun 40 ming so‘mdan undirib olmoqda.

"Fermerlarga tazyiq o‘tkazib, 1kg pilla uchun 40 ming so‘mdan pillaxona ichida sanab olib, tarozidan hujjat qilib bermoqda," dedi ta’qibga uchrashidan qo‘rqib shaxsi sir qolishni so‘ragan fermer.

U natijada fermerlar 20 ming so‘mdan zarar ko‘rayotganini iddao qildi.

"1 kg pillaning xarid bahosi 19- 20 ming so‘m. Fabrika tomonidan shuncha to‘lanadi. Fermer 1kg pilla uchun o‘rtacha 20 ming so‘m ziyon ko‘rmoqda. Bunday ko‘zbo‘yamachilik va qo‘shib yozish prezidentimiz olib borayotgan rivojlanish siyosatiga ziddir," deya arz qildi qo‘shrabotlik fermer.

Pillakashlarga zug‘um

Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida pilla yetishtirayotgan fermerning iddao qilishicha, rejani bejarmagan pillakashlarga zug‘um o‘tkazish avj olmoqda:

"Misol uchun "Bahrin" QFY uchastka noziri so‘kib, ba’zan urib pillakashlarga zug‘um qilmoqda. Prezidentimiz pillakashlarga yengilliklar va imkoniyatlar yaratib berish haqida farmonlar chiqargan bo‘lsa-da, amalda teskarisi bo‘lmoqda. Hattoki, "15 sutkaga qamab qo‘yishim mumkin", deb dag‘dag‘a qilmoqda".

Ammo Ishtixon tuman hokimining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha muovini Alisher Sadatov fermer arzini asossiz deb atadi:

- Rejani to‘ldir deyapmiz. Lekin bu yerda "40 ming pul ber, milisaxonaga olib borib tiqaman" degan gap yo‘q. Unaqa narsa yo‘q.

Pilla qarzini yopish uchun mikrokredit

Ozodlikka Farg‘ona viloyat, Uchko‘prik tuman fermerlari nomidan shikoyat qilgan fermer esa, dehqon xo‘jaliklari "Agrobank"dan kredit olib, pilla qarzini to‘lashga majburlanayotganini iddao qildi:

"Qurtlar qirilib o‘lib ketgan bo‘lsa, bunday ko‘zbo‘yamachilik bilan to‘ldirilgan plan hurmatli viloyat hokimimizga qanday naf keltirar ekan? Hayronmiz!"

Uchko‘priklik fermer Ozodlik bilan Telegram messenjeri orqali bo‘lib o‘tgan yozishmada "Agrobank"dan 10 million so‘m kredit olishga majbur bo‘lganini qo‘shimcha qildi.

Ozodlik ayni iddaoni o‘rganish maqsadida "Agrobank"ning Uchko‘prik tumani bo‘linmasiga bog‘landi.

Ism-familiyasini aytmagan bank xodimi pilla rejasini bajarmagan fermerlarga mikrokreditlar berilayotganini tasdiqladi:

"Mikrokreditlar berilayapti g‘alla terimi boshlangunga qadar. Qarz keyin g‘alla hisobidan berkitiladi. Hozircha fermerlar qarzni har oyiga 2,1 foiz bilan to‘lab turishibdi".

Prezident pillachilikka oid qaror qabul qilgan edi

O‘zbekistonda 2018 yilda 18 ming tonna pilla yetishtirilgan edi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev pillachilik sohasini isloh qilish va rivojlantirish maqsadida “O‘zbekipaksanoat” assotsiatsiyasi tashkil etish haqida 2017 yilning 29 martida qaror qabul qilgan.

Bu haqda qarorga ilova qilingan sharhda mana bunday deyilgan:

“2023 yil 1 yanvargacha [pillachilik sohasi] korxonalari yagona soliq, yagona ijtimoiy to‘lov va bojxona to‘lovlari (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari)dan ozod qilinishi, kasanachilarning jismoniy shaxslarga hisoblanadigan daromad solig‘idan ozod qilinishi, shuningdek, pilla boquvchilar va kasanachilarning pilla mavsumidagi davrda bajargan ishlari ularga pensiya ta’minlashda bir yillik ish staji deb hisoblanishi alohida belgilab qo‘yilgan”.

XS
SM
MD
LG