Andijonlik Yodgora Yunusovaning 4 iyun kuni Ozodlikka aytishicha, uni 16 may kuni Andijon shahar hokimligi mulozimlari hokimlikning xalq qabulxonasida olti soat davomida majburan ushlab turgan.
Yodgoraning iddao qilishicha, mulozimlar shu yo‘l bilan Andijon viloyatiga kelgan O‘zbekiston prezidentiga mahalliy hokimiyat ustidan uning arz qilishining oldini olishga uringan.
38 yashar Yodgora Yunusovaning aytishicha, uning uch farzandi bor yolg‘iz onadir. So‘nggi uch yil ichida hokimiyatning turli organlariga uy so‘rab 156 marta ariza yo‘llaganini aytdi.
Yodgora Yunusovaga ko‘ra, uch so‘tixlik hovlida uch oila yashaydi va u yashayotgan xonadon uning sobiq eriga tegishlidir.
Yodgora Yunusova hozirga qadar Andijon shahri rasmiylari uy berish va’dasi bilan uni bir necha bor aldaganini da’vo qildi.
Quyida Yodgova Yunuosova bilan bo‘lgan suhbatni tinglang.