Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:21

Bosh prokuratura: “Quvasoysement” ustidan jinoyat ishi tiklandi. Hissadorlar dividendini oladi


Illyustrativ rasm
Illyustrativ rasm

Farg‘ona viloyat prokuraturasi tomonidan “Quvasoysement” OAJ mansabdor shaxslariga nisbatan 2012 yili muzlatib qo‘yilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari 3 iyun kuni tiklandi.

Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati Ozodlikka ma’lum qildi.

Ozodlik suhbatlashgan “Quvasoysement” OAJ hissadorlarining 5 iyun kuni aytishicha¸ bu holat 7 yildan beri to‘lanmayotgan dividendlar to‘lanishiga yo‘l ochadigan ijobiy qadamdir.

Joriy yilning 2 iyun kuni Ozodlikka “Quvasoysement” OAJ hissadorlari Murod Mo‘minjonov¸ Valentina Mikiforova. Ikromjon Jabborov¸ Timur Abduvaliev¸ Shokir Sahobov imzo chekkan maktub keldi. Maktubda ular 7 yildan beri dividend ola olmaganidan shikoyat qilgan.

Ozodlik bu hissadorlardan to‘rt nafari bilan 3 iyun kuni suhbatlashdi. Ularning Ozodlikka bildirishicha¸ dividend uchun ajratilgan pullar 2012 yildan beri Farg‘ona viloyat prokuraturasi tarafidan arest qilinganicha yotgan edi. “Dividend berilmayotganiga asosiy sabab qilib shuni ko‘rsatishdi”, dedi “Quvasoysement” Ozodlik suhbatlashgan hissadorlar.

Hissadorlar haqini himoya qilgan advokat ismi oshkor qilinmaslik sharti bilan Ozodlikka hujjatlar to‘plamini taqdim qildi.

Farg‘ona viloyat prokuraturasiga oid hujjatlardan birida Quvasoytsement OOO bank hisobi arest qilingani, bank hisobidagi 57 milliard so‘m Farg‘ona viloyat prokuraturasi depozit hisobiga o‘tkazilgani aks etgan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati Ozodlik so‘rovi ortidan 57 milliard so‘m xatlanganini tasdiqladi:

«Quvasoysement» OAJ bosh direktori, Qozog‘iston fuqarosi S.D. ( “Quvasoysement”ning sobiq Bosh direktori Sergey Deneshchuk) va boshqalar tomonidan tamagirlik, o‘zganing ishonib topshirilgan juda ko‘p miqdordagi mulkini talon-taroj qilish, mansab vakolatini suiiste’mol qilish, mansab soxtakorligi, savdo qoidalarini hamda ekologiya xavfsizligiga oid normalarni buzish jinoyatlarini sodir etishib, davlat va aksiyadorlar manfaatlariga 58 mlrd. so‘m moddiy zarar yetkazishgan.

Ushbu zararning undirilishini ta’minlash maqsadida 57,5 mlrd. so‘m pul xatlangan».

Jinoyat ishi qidiruvdagilar kelgunicha muzlatilgan edi

Hujatlardan yana birida 2012 yilda Farg‘ona viloyat prokuraturasi tarafidan ochilgan jinoyati ishi figurantlari mamlakat tashqarisida bo‘lgani uchun ish vaqtincha yopilgani aytiladi.

“Vaqtincha” degan muddat 7 yilga cho‘zilib hissadorlar puli arestda qolishda davom etayotgan edi. Hissadorlar haqini himoya qilgan advokatning fikricha, arest qilingan pulni prokuratura harajatlari uchun ishlatilishi mavjud qoinunlar mantig‘iga to‘g‘ri kelmaydi. Advokat Ozodlikka bunday dedi:

- Bizga ma’lum bo‘lishicha¸ prokuratura va bank depozitga qo‘yilgan “Quvasoysement” pullarining ustama foizini prokuraturaga o‘tkazib turish bo‘yicha bitim tuzishgan. Bu yiliga 600 million so‘m degani. 7 yil ichida qancha bo‘lishini o‘zingiz hisoblab oling.

Prokuratura va bank o‘rtasida depozitga qo‘yilgan puldan foiz olish borasida bitim borligini isbotlovchi hujjat yoki rasmiy ma’lumot Ozodlikda yo‘q.

Hissadorlar obro‘li yuridik shirkatlarni yollab o‘z haqini qaytarishga urinayotganini 3 iyun kuni Ozodlikka bildirgan edi.

Rasmiy javob

Bosh prokuratura o‘z rasmiy izoxida jinoyat ishining nima sababdan to‘xtatilganini ochiqladi:

« S.D. (“Quvasoysement”ning sobiq Bosh direktori Sergey Deneshuk) tergovdan yashiringanligi sababli unga JKning 165-moddasi 3-qismi «a» bandi va boshqa moddalari bilan sirtdan ayblov e’lon qilinib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilib, qidiruv e’lon qilingan va ishni unga nisbatan qismi JPKning 364-moddasi 1-qismi 2-bandiga asosan to‘xtatilgan.

Bosh prokuraturaning Ozodlikka yo‘llagan bildiruvida hissadorlarning olishi kerak bo‘lgan dividendlari masalasiga oydinlik kiritilgan.

«Quvasoysement» OAJ bosh xisobchisi D.M. va boshqalarga nisbatan jinoyat ishining qismi sudga yuborilib, depozit hisob-raqamda saqlanayotgan pullardan 38,1 mlrd. so‘mi qonuniy egalariga o‘tkazilgan.

Qolgan 19,4 mrd. so‘m pullar S.D. e’lon qilingan ayblov bilan bog‘liq bo‘lganligi va u qidiruvda ekanligi sababli ularning taqdiri tergov natijasiga ko‘ra sud tomonidan qonuniy hal etiladi.

03.06.2019 yilda Farg‘ona viloyat prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari tiklangan.

Hissadorlarning dividendlari masalasiga kelsak, pul summasining katta qismi sud hukmi bilan qonuniy egalariga qaytarilgan. Qolgan qismi borasida sudning hukmi asosida hal etiladi".

Bundan oldin Farg‘ona shahridagi “Garantiya zakonnost” advokatlik shirkati joriy yil boshida Farg‘ona viloyat prokuraturasiga so‘rov jo‘natgani, shirkat o‘z so‘rovida “Quvasoysement” OOOning arest qilingan pullari taqdirini so‘ragani Ozodlikka bildirilgan.

Farg‘ona viloyat prokurorining birinchi o‘rinbosari¸ adliya katta maslahatchisi B. Ismoilov imzo chekkan 21-122-19 raqamli maktubda “Quvasoysement”ning qidiruvga berilgan sobiq direktori tergovga kelishi jinoyat ishining ochilishi uchun asos bo‘lishi aytilgan.

Ozodlikda hozir Qozog‘istonda qochuvda yurgan “Quvasoysement”ning sobiq Bosh direktori, 65 yashar Sergey Deneshchukning O‘zbekiston Bosh prokurori Otabek Murodovdan huquqiy ko‘mak so‘rab yozgan maktubining nusxasi bor.

Farg‘ona viloyat prokuraturasidan javob maktub
Farg‘ona viloyat prokuraturasidan javob maktub

Ëpiq halqa

Sobiq Bosh direktor Bosh prokuraturaga yo‘llagan maktubida o‘zi ustidan ochilgan jinoyat ishini “o‘sha vaqtdagi boshqacha rejim” bilan izoxlaydi.

“Huquq-tartibot organlari xohlagan ishini qonuniy protseduralarga hilof tarzda qilib turgan payt bo‘lgani uchun men qochishga qaror berdim”, deb yozgan “Quvasoysement”ning sobiq rahbari.

O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 167- moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) da ayblanayotgan Sergey Deneshchuk o‘ziga nisbatan ochilgan jinoyat ishi to‘xtatilib va arestda turgan 57 milliard so‘m hissadorlarga qaytarilsagina O‘zbekistonga qaytishini o‘z maktubida yozgan.

Farg‘ona viloyat prokurori javobida “Quvasoysement” sobiq rahbari Sergey Deneshchuk qaytsa, qidiruv bekor qilinishi, ammo jinoyat ishi qaytadan tiklanishi aytiladi. O‘zbekiston Bosh prokuraturasi javobida esa¸ dividendlarning bir qismi Sergey Daneshchuk bilan bog‘liq bo‘lgani bois "19,4 mrd. so‘m miqdoridagi dividendning qaytarilishi tergov natijasi va sud hukmidan so‘ng" hal qilinajagi aytilgan.

Hissadorlar haqini himoya qilgan advokatning aytishicha, bu “oxiri yo‘q ishga” aylangan:

- Sergey Grigoryevich qaytsa, jinoyat ishi tiklanib arest qilingan pul masalasi ko‘rib chiqilishi mumkin, deyildi. Agar u kishi kelmasa, demak arest qilingan pul prokuratura depozitida yotaveradi yillab. Bu puldan foiz olayotgan prokuratura vaziyatning o‘zgarishini istamaydi. Xulosa shunday chiqyapti.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi «xatlangan» 57 milliard so‘mdan yiliga 6 million foiz pulini olib Farg‘ona viloyat prokuraturasi o‘z harajatlari uchun ishlatgani borasidagi hissadorlar iddaosini izohlamadi.

Gulnora Karimova izi

2012 yilning yozida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Farg‘onadagi “Quvasoysement” zavodining Qozog‘istonning United Cement Group shirkatiga tegishli aksiyalarini hibsga olgan edi.

Ozodlik tasarufidagi hujjatlarda O‘zbekistondagi boshqa yirik tashkilotlar singari Quvasoydagi Kvarts va Sement zavodlarini ham Gulnora Karimova nazorat qilgani iddao qilinadi.

Gulnora Karimova Twitter sahifasi yopilishidan avval (2013 yilning noyabrida) e’lon qilgan shov-shuvli ma’lumotlar bitilgan maktubida Farg‘onadagi ushbu korxonalardagi noqonuniy ishlar onasi Tatyana Karimova "qanoti ostida xamirdan qil sug‘urgandek" amalga oshirilgani haqida yozgandi.

Gulnoraning o‘sha maktubida Farg‘onadagi bir nechta zavoddagi mansabdor shaxslarni qamash jarayoni 2012 yilning boshida boshlangani va xolavachchasi Akbarali Abdullaevning qamalishi ushbu kampaniyaning "avj nuqtasi" bo‘lgani haqida yozilgan.

XS
SM
MD
LG