Линклар

Шошилинч хабар
27 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:20

Jahongir Otajonovning litsenziyasi 17 mln. so‘m qarzi tufayli to‘xtatilgani aytildi


O‘zbekiston madaniyat vazirligi mulozimi Ozodlik bilan suhbatda xonanda Jahongir Otajonovning jazolangani borasidagi iddaolari asossizligini bildirdi. Mulozimga ko‘ra, Otajonovning litsenziya muddati tugagan xolos.

Jahongir Otajonov o‘zining nohaq jazolangani tufayli Andijon shahrida iyun oyiga rejalashtirgan konserti barbod bo‘lgani haqida ijtimoiy tarmoqlar orqali bildirgan edi.

Qo‘shiqchilar Jahongir Otajonov va Abdulla Qurbonov o‘rtasida may oyida bo‘lib o‘tgan virtual jang ortidan “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi Abdulla Qurbonovni “san’atkor odobiga rioya qilmagani va litsenziya shartlarida ko‘zda tutilgan talablarni bajarmaganligi bois” 31 may kungi qarori bilan jazolagan - litsenziyasi bekor qilingan edi. Ayni paytda Jahongir Otajonovning ham litsenziyasi bekor qilingani ma’lum bo‘lgan.

Aynan o‘sha kuni xonanda Jahongir Otajonov tarmoqlarda chiqish qilib litsenziyasi olib qo‘yilganidan tashvish bildirgan va tarmoqning o‘zbek segmenti yuzerlari buni Abdulla Qurbonov bilan bog‘liq nizo oqibati sifatida talqin qilgan edi.

O‘zbekiston madaniyat vazirligi mulozimi bu iddaolarga aniqlik kiritdi:

- Ikkalasi bir kunda jazolandi degan gap noto‘g‘ri. Qo‘shiqchi Abdulla Qurbonovning litsenziyasi "O‘zbekkonsert" davlat muassasasining 31 may kungi qarori asosida tugatildi. Xonanda Jahongir Otajonovning litsenziya muddati 28 mayda tugadi. Orada 3 kun bor. Mana qo‘limda litsenziya nusxasi turibdi. Otajanov Jahongir Saparbaevich nomiga berilgan litsenziyaning amal qilish muddati 2019 yilning 28 mayigacha deb yozilgan. Takrorlab aytaman: Otajonov jazolanmadi. Otajonov kelib pulini to‘lab litsenziyasini cho‘zdirishi mumkin.

Mulozimning yana aytishicha, xonanda Otajonovning “O‘zbekkonsert” davlat muassasasidan 76 million 631 ming 940 so‘m qarzi bor:

- Otajonov mashhurlik reytingining ikkinchi guruhi bo‘yicha yillik to‘lovni amalga oshirmay kelgan. O‘zi va yetti nafar sozandasi uchun to‘lashi kerak bo‘lgan to‘lovni 9 iyungacha to‘laganidan keyingina yangi litsenziya olish masalasi ko‘riladi,- dedi mulozim.

Xonandalar Abdullla Qurbonov va Jahongir Otajonov o‘rtasidagi nizoga “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi 30 may kuni rasman munosabat bildirgan edi.

Rasmiy bildiruvda “Jahongir Otajonov va Abdulla Qurbonovlar borasida yuzaga kelgan vaziyat xonanda Abdulla Qurbonovning safardan qaytishi bilan belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi. Bundan tashqari “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi xonanda Jahongir Otajonovga muborak Ro‘zai Ramazon oyida ijtimoiy tarmoqlarda nojo‘ya xatti-harakatlar bilan san’atkorlar o‘rtasida nizo keltirib chiqarishga sabab bo‘luvchi masxaromuz videolarni tarqatmasligini so‘raydi”, deyilgan edi.

Ozodlik qo‘shiqchining qo‘l telefoniga bir necha bora telefon qilib tusha olmadi.

Shou-biznes yulduzi

41 yashar Jahongir Otajonov Xorazmda sozanda oilasida tug‘ilgan. O‘zbekiston xalq artisti, marhum Ortiq Otajonov Jahongir Otajanovga amaki bo‘ladi.

Jahongir Otajonov Toshkentdagi Glier nomidagi musiqa maktabini bitirib Toshkent davlat konservatoriyasida tahsil olgan.

O‘z ijodiy hayoti davomida o‘nlab ommabop qo‘shiqlar ijrosi bilan tanilgan Oatjonov tez-tez shov-shuvli janjallar figurantiga aylangani kuzatilgan.

Bundan oldin Jahongir Otajonov Internet va mobil telefonlarda tarqalgan videolavhalar tufayli 2013 yili litsenziyadan mahrum qilingan edi.

Jahongir Otajonov ishtirokidagi film-konsertda xonanda hovuzda o‘zini har ko‘yga solib, kuylab raqs tushayotgani, ikkinchisida to‘yda g‘ujanak bo‘lgancha yotib kuylayotgani, uchinchisida raqsga tushayotgan ayoldan bo‘sa olayotgani aks etgan.

XS
SM
MD
LG