Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 04:13

"Umid"chi o‘zbek olimi yaratgan sog‘lom rezina Britaniyada mukofot oldi


Anvar Bo‘ronov (o‘rtada) hamkasblari bilan. Surat Nova-BioRubber shirkati rasmiy saytidan olindi.
Anvar Bo‘ronov (o‘rtada) hamkasblari bilan. Surat Nova-BioRubber shirkati rasmiy saytidan olindi.

“Umid” jamg‘armasi yo‘llanmasi bilan xorijdagi nufuzli universitetni tugatib, Kanadadagi kauchuk ishlab chiqaruvchi yetakchi korxonalardan biriga rahbarlik qilayotgan Anvar Bo‘ronov asos solgan Nova-BioRubber shirkati Buyuk Britaniya sog‘liqni saqlash biznes mukofoti tanlovi - Medilink U.K. Healthcare Business Awardsning innovatsion materiallar nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib deb topildi.

Anvar Bo‘ronovning qarorgohi Kanadaning Surrey shahrida joylashgan shirkati rezina va boshqa mahsulotlar ishlab chiqaradi.

Medilink rasmiylarining ma’lum qilishicha, Nova-BioRubber allergiya keltirib chiqarmaydigan va turg‘un yo‘l bilan ishlab chiqariladigan biolateks, biorezina hamda inulin uchun mukofot bilan taqdirlangan.

Medilink e’lon qilgan matbuot bayonotida “Hakamlar ushbu material sog‘liqni saqlash sohasidagi muhim muammoni hal qilishga ko‘maklashishini, allergiya keltirib chiqarmaydigan hamda turg‘un biolateks sanoatga katta ijobiy ta’sir ko‘rsatishini aytishdi“, deyiladi.

Nova-BioRubber mukofot bilan taqdirlangan materiallarni ko‘ksaqich o‘simligidan ishlab chiqargan. Ko‘ksaqich qoqio‘tdoshlar oilasiga mansub ko‘p yillik o‘t bo‘lib, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistonda o‘sadi. Undan yuqori sifatli kauchuk olinadi.

Nova-BioRubber mahsulotlari lateksga allergiyasi bo‘lgan shaxslar uchun qo‘l keladi. Qolaversa, shirkat rezinaga talab kuchayib borayotgan bir paytda uni barqaror ishlab chiqarish yo‘lini taklif qilgan.

Mukofotni shirkat asoschisi va direktori Bo‘ronov Buyuk Britaniyaning Birmingem shahrida qabul qildi.

Bayonnomada yozilishicha, Medilink Buyuk Britaniyaning sog‘liqni saqlash texnologiyalarini ishlab chiqaruvchi shirkatlarning eng yirik tarmog‘i bo‘lib, uning 1,600 a’zosi bor.

Medilink shirkatining har yili o‘tkaziladigan Medilink U.K. Healthcare Business Awards tanlovi sog‘liqni saqlash texnologiyalari sohasida qilingan yangiliklar mualliflarini mukofotlaydi.

“Umid” jamg‘armasi yo‘llanmasi bilan xorijdagi nufuzli universitetni tugatib, Kanadadagi kauchuk ishlab chiqaruvchi yetakchi korxonalardan biriga rahbarlik qilayotgan 48 yashar olim va tadbirkor Anvar Bo‘ronov o‘tgan yili OzodNazar eshittirishi mehmoni bo‘lgan edi.

XS
SM
MD
LG