Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:54

“Prezident uyi” spektakli qahramoni Xurshida Tillaeva 3 kun uydan chiqarilmagani ma’lum bo‘ldi


Muyassar Rahimova ham o‘zini aldov qurboni deb hisoblamoqda
Muyassar Rahimova ham o‘zini aldov qurboni deb hisoblamoqda

Xurshida Tillaeva hamda "Prezident sovg‘asi sifatida uy berildi tomoshasi"da ishtirok etishga majburlanganini da’vo qilganlardan biri - Muyassar Rahimovaning Ozodlikka aytishicha, Andijon hokimligi "tomosha"dan keyin jurnalistlarga gapirgan Xurshida Tillaevaga va yana kamida ikki ayolga uch kun uyidan chiqishga izn bermagan.

Aldov qurboni bo‘lganlardan biri - Muyassar Rahimova O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboeva qabulida bo‘lgani va kottej olish niyatidan qaytmaganini Ozodlikka bildirdi.

Bu ma’lumotni Xurshida Tillaevaning qo‘shnilari ham tasdiqladi. Ayni paytda “kottej va’da qilinib, keyin berilmagan” boshqa ayollar ham mahalliy hokimiyat bosimi ostida qolayotgani aytilmoqda.

Prezident kelganida kottej berilib keyin chiqarib yuborilganlardan Shohista Bakirova bilan Muyassar Rahimovalar 10 iyun kuni viloyat prokuraturasiga chaqirilgan.

Muyassar Rahimovaning Ozodlikka aytishicha, prokuratura xodimlari undan “xo‘jako‘rsin uy“ voqeasi yuzasidan tushuntirish olgan.

O‘zini hokimiyat “sahnalashtirgan o‘yin qurboni" deya bilgan Muyassar Rahimova “hokimiyatni fosh“ qilgan uch nafar ayolning Ozodlikka suhbat berganidan keyin ko‘rgan- kechirganlarini gapirib berdi:

- Hozir prokuraturaga ham ko‘rsatma berib keldim. Ularga aytgan gapimni sizga ham aytaman. Andijon rahbarlari Xurshida Tillaevaning o‘zini aybdorga, noshukurga chiqarish uchun uni uch kun uy qamog‘ida saqlab tavbasiga tayantirishdi. Ozodlikda maqola chiqqanidan keyin bizni ham ustimizdan qulflab, uy qamog‘ida o‘tirishga majbur qilishdi. Ammo men o‘z talabimdan voz kechganim yo‘q. Prezident sovg‘asi deya menga berilgan kottej qaytarilsin. Menga dom uy kerak emas.

Spektaklning davomi

Muyassar Rahimovaning Ozodlikka aytishicha¸ Andijon hokimligi Ozodlik muxbiriga suhbat bergan Xurshida Tillaevani uch kun uy qamog‘ida saqlaganidan keyin¸ u "O‘zbekiston 24" telekanaliga 16 may kuni intervyu bergan “obstanovkali kottejga” onasini yana qaytarib ko‘chirib oborishgan:

- Maqola chiqqanidan uch kun o‘tib, 31 may kuni Xurshidaning onasini u televizorga chiqib suhbat bergan Xidirsha massividagi kottejga ko‘chirib oborishdi. Chunki Toshkentdan jurnalistlar kela boshlagan edi.

Voqeani o‘rgangan va xavfsizligini o‘ylab ismi aytilishini istamagan andijonlik blogerning Ozodlikkka aytishicha¸ Ozodlik maqolasidan keyin tezda Xurshida Tillaevaning onasi kottejga qaytarib ko‘chirib qo‘yilishi “spektaklning davomi xolos”:

-Toshkentdan kelgan jurnalistlar ko‘rsin, deb ko‘chirishdi. Qarang, prezident 16 mayda kelib ketdi. Spektakl fosh qilingan maqola 28 may kuni chiqdi. Xurshidaning onasi 31 may kuni kottejga “ko‘chib o‘tdi”. Men kadastr idorasidan surishtirdim, kottej hali Tillaevaning onasiga rasmiylashtirilmagan.

31 may kuni Andijon viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov prezident sovg‘asi sifatida “uy berilib”, keyin uydan chiqarilgan tikuvchi Xurshida Tillaeva bilan bog‘liq voqeaga to‘xtalib, "o‘sha uyda onasi yashayaptiku" deb pisanda qilgan edi.

Andijon viloyat hokimligi saytidagi gap xatoni tan olishdan boshlanadi:

"Endi bu yerda bitta xatolik o‘tgan bulardan endi, olib kirishib shu uylarga, mana shu uylar sizlarniki, deb, haligi otdel kadrimi, shu yerda ishlayotgan gapirgan. Gap ketgan xolos, tema ketgan xolos, bu yerda. Lekin u qiz intervyu bergan bo‘lsa, onasining uyida intervyu berdi. Bu yerda ham onasi bilan birga yashab kelgan-ku, shu paytgacha. Nima bo‘pti onasining uyida intervyu bergan bo‘lsa? Nima xatoligi bor buni? Endi chiroylik ko‘rinib ketib, u qizimiz haligi to‘qlikka sho‘xlik degan narsani, sizlarga uch marta qaytaraman. Nima yerda yashayotuvdingizu, nima yerga olib chiqyapmiz sizni? Qanaqa holatda edingizlaru, qanaqa holat, yurtboshimiz bosh, sizga sharoit yaratib berayapmiz", deya e’tiroz bildiradi viloyat hokimi.

Kottej va’da qilingan, lekin berilmagan 23 ayol ishdan bo‘shab ketgani ma’lum bo‘ldi

Muyassar Rahimovaning aytishicha¸ o‘zi va o‘nlab boshqa ayollar kottej olish uchun Andijon viloyat Xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan ochilgan "Mustaqillik tikuvchilik majmuasi"ga o‘tgan yili ishga kirgan:

- O‘tgan yili Prezident maslahatchisi Tursunxon Xudoyberganov Andijonga kelib bizni to‘plab yig‘ilish o‘tkazdi. Yig‘ilishda uyga muhtoj, ishsiz ayollar uchun olti oylik ishlagan puli boshlang‘ich to‘lovga o‘tishi sharti bilan tikuvchilik sexi ochilganini aytdi. Shundan so‘ng, 2018 yil oktabrida viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Manzura Yunusova barcha 63 ayol kottej olishini aytib, sexga ishga qabul qildi.

Ammo prezident kelishi arafasida kottej oladiganlar ro‘yxati 8 kishiga tushirilgan:

- Andijon shahar xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Ravshanoy To‘xtasinova tikuv sexiga kelib, ishchilarga kottej emas dom beriladi, dedi. Shundan keyin kottej olamiz deb ishlayotgan 63 nafar ayoldan 23 nafari ishdan bo‘shab ketdi¸ - deydi Rahimova.

Muyassar Rahimovaning aytishicha, u va yana 7 nafar ayolga “prezident sovg‘asi sifatida tekinga kottej berilishi” va’da qilinadi:

- Buning evaziga men televizorga chiqib gapirishim lozim edi. Navro‘z bayrami paytida qurilayottan kottejlar fonida turib "O‘zbekiston 24" kanaliga intervyu berganman.

Muyassar Rahimovaning yana aytishicha¸ kottej oluvchilar ro‘yxatiga kirgan 8 ayol bilan prezident kelishidan bir hafta oldin Andijon viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Manzura Yunusova “muttasil ish olib borgan”:

- Viloyat hokimi o‘rinbosari, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Manzura opa bizni uchrashuvga tayyorladi. Adras kuylak oldirdi. Pulim yo‘q desam¸ qarzga oling kuylakni mana kottejli bo‘lyapsiz meni umidlantirdi.

Rahimovaga ko‘ra¸ prezident Andijonga kelgan 16 may kuni jami 8 nafar ayol kottejlarga ko‘chib kirgan va ulardan yetti nafari prezident ketishi bilanoq¸ uylardan chiqarib yuborilgan.

TV dagi yolg‘on qanday yasaldi?

O‘zbekiston prezidentining 16 may kuni Andijon viloyatiga tashrifini yoritgan "O‘zbekiston 24" kanali taunxaus tipidagi hovlili uylardan iborat yangi massivga 164 oila ko‘chib kirganini aytgan. Tashrifni yoritishda ishtirok qilgan mahalliy jurnalistlardan biri ismi sir qolish sharti bilan Ozodlikkka ba’zi tafsilotlarni aytib bergan edi.

Prezident bilan uchrashadiganlar shortlistiga kirgan bir soatlik “uy bekalaridan” biri Muyassar Rahimovaning aytishicha¸ “spektaklning ishonarli chiqishi uchun” tashkilotchilar sidqidildan harakat qilishgan:

- O‘sha televizorda ko‘rgan uydagi jihozlarning hammasini hokimiyat vaqtincha olib kelib qo‘ygan. Oshxonadagi ziravor soladigan ko‘zalar va devordagi palmalar rasmigacha. "Prezidentga ortiqcha savol bermang¸ faqat duo qilib¸ minnatdorchilik bildiring"¸ deb uqtirishdi.

Muyassar Rahimova
Muyassar Rahimova

Keyinchalik xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Manzura Yunusova mahalliy matbuotga bergan suhbatida ayollar aldanganini tan olib, faqat bu aldov ezgu maqsadlar yo‘lida qilinganini tasdiqlagan edi.

Bu aldov qurboni bo‘lganlardan biri - Muyassar Rahimova O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboeva qabulida bo‘lgani va kottej olish niyatidan qaytmaganini Ozodlikka bildirdi.

XS
SM
MD
LG