Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:35

Toshkent timsoli bo‘lgan fontan Jahongir Ortiqxo‘jaev buyrug‘i bilan buzildi. Hokimlik buni "ta’mir" deb atadi


Toshkent ramziga aylangan Favvora kompleksi 11 iyun kuni mana shunday holga keltirildi.
Toshkent ramziga aylangan Favvora kompleksi 11 iyun kuni mana shunday holga keltirildi.

Toshkentning Mustaqillik maydonidagi gorizontal favvora 10 iyun kuni buzib tashlandi. Toshkent timsoli sifatida 52 yildan beri ishlab turgan fontanni buzishda bevosita qatnashgan mutasaddilardan biri uning Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaev buyrug‘i bilan buzilganini bildirdi.

Ozodlik gaplashgan bu qurilish mulozimi “gorizontal fontan va uning oldidagi maydonning gidrosistemasi va marmar qoplamasini demontaj qilish” bo‘yicha buyruqni Toshkent hokimligidan olganini bildirdi.

Ozodlik muxbiri Toshkent shahar hokimligi qurilish departamenti mulozimlari bilan bog‘langanida¸ rasmiylar “bu maydonning kelajakda nima bo‘lishi haqida aniq loyiha-reja yo‘qligi”ni aytish bilan cheklandi.

Ayni paytda shahar hokimligi Matbuot xizmati Ozodlikning favvora taqdiri haqidagi savolini e’tiborsiz qoldirdi.

Toshkent fontanlari ta’miri bilan shug‘ullanadigan ustaxona rahbarining Ozodlikka bildirishicha¸ mahalliy hokimlik avvaliga favvorani ta’mir qilmoqchi bo‘lgan va keyin bu rejadan voz kechgan.

"Agar ta’mirlanadigan bo‘lsa¸ men ta’mirlayman. Zotan bu fontan binoyidek ishlab turgan edi. Yigirmaga yaqin latun jo‘mraklarni bronzaga almashtirilsa¸ bo‘ldi edi. Menimcha¸ bu fontan o‘tmishda qoldi"¸ deydi fontanlar ta’miri bilan shug‘ullanadigan ustaxona rahbari.

Mustaqillik maydonida Vazirlar Mahkamasi binosiga yondosh favvorani buzish ishlari bilan shug‘ullanayotgan qurilish tashkiloti mutaxassisining 10 iyun kuni Ozodlik muxbiriga aytishicha¸ buzilgan fontan o‘rnida mulozimlar uchun mashina qo‘yadigan yer osti garaji quriladi.

Ammo bu iddaoning rasmiy tasdig‘i Ozodlikda hozircha yo‘q.

Ayni paytda fontan oldiga bevosita borgan Ozodlik mobil muxbiri favvora buzilayotgan hududning beton devor bilan o‘rab olinganini bildirdi.

Mobil muxbir¸ favvora yoniga borib ortiqcha sinchkovlik qilganlarning pogonsiz zobitlar tarafidan so‘roq-savolga tutilayotganiga guvoh bo‘ldi.

Ratsiyada gaplashgan qorovullardan birining gapidan kelib chiqilsa¸ buzilayotgan fontan hududi O‘zbekiston prezidentini qo‘riqlovchi guruh tarafidan qorovullanmoqda.

Nafaqat Toshkent timsoli¸ balki me’morlik san’ati namunasi

Taniqli qo‘shiqchilar Botir Zokirov¸ Mansur Toshmatov va Farrux Zokirovlarning musiqali kliplarida “Porlagan Toshkent “ timsoli o‘laroq vasf qilingan fontan 1967 yili taniqli sovet arxitektori tarafidan qurilgan edi.

Mashhur sovet arxitektori¸ Lenin va Stalin mukofoti sovrindori Boris Mezensev rahbarligida yaratilgan bu fontan majmuasi¸ san’atshunoslar e’tirofiga ko‘ra “Sharq va G‘arb me’moriy uslublari uyg‘unligidan iborat” bo‘lgan.

Toshkent vizual qiëfasini ta’minlashda ishtirok etgan taniqli haykaltarosh Petr Annenkov Ozodlik bilan 11 iyun kuni qilgan suhbatida favvorani buzgan hokimni “varvar va johil” deb atadi:

- Axir bu Toshkent qiyofasiku! Toshkentning tashrif qog‘ozi bu fontan! Toshkentning barchaga tanish chehrasi. Ikkinchidan¸ bu tarix. Bu favvora O‘zbekiston tarixining shonli voqealari guvohi. Uchinchidan¸ nostalgiya. Har bir o‘zbekning bu fontan bilan bog‘liq hissiyotli xotirasi bor. To‘rtinchidan¸ bu san’at asari. Boris Sergeevich Mezensevning sevimli asari bu. Boris Sergeevich ulug‘ me’mor. Moskvadagi Lermontov maydoni¸ Petrovka 38 dagi mashhur bino va Ulyanovskdagi Lenin memorialini yaratgan. Shunday ulug‘ rassom asari o‘rniga johil hokim Xitoydan keltirilgan kitch figuralar bilan shahar ko‘rkini buzmoqda. 30 yil mobaynida shaharga yuz bo‘ladigan biror bino yaratilmadi. Shahar ko‘rki bo‘lgan “Dom kino”¸ “Bahor” konsert zali va Navoiy kutubxonasi buzib tashlandi. Mana endi navbat fontanga kelibdi. Men qarshiman bunday vandalizmga¸ deydi hozir Moskvada yashayotgan taniqli haykaltarosh.

Petr Annenkov mustaqil O‘zbekiston gerbi va Mustaqillik maydoniga o‘rnatilgan Humo qushi haykali muallifidir.

Rasmiy munosabat

Ozodlikda bu maqola e’lon qilinganidan 26 daqiqa o‘tganidan so‘ng Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati Telegram kanalida favvora buzilishi borasida hokimlik munosabati elon qilindi.

"Ijtimoiy tarmoqlar orqali kutilmaganda Mustaqillik maydonidagi favvoraning olib tashlanayotgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi.

Ammo unday emas. Hozirda bu yerda to‘liq ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.

Mazkur favvoraning qurilganiga 50 yil bo‘lgan. Hozirda uning ayrim joylarida darz ketgan. Agar vaqtida ta’mirlanmasa metroga suv tushish ehtimoli bor.

Qolaversa, favvora u vaqtga nisbatdan 8 barobar ko‘p elektroenergiya iste’mol qiladi. Hozirgi kunda olib borilayotgan qurilish-montaj ishlari sabab elektr yanada tejaladi.

Shu yil oxiriga qadar favvora ta’mirlanib, zamonaviy ko‘rinishda qayta ishga tushiriladi"¸
deyiladi Toshkent shahar hokimligining Ozodlik maqolasiga bilvosita munosabatida.

Ayni paytda hokimlik o‘z bayonotida Toshkent markazidagi favvoraning nega aynan yoz chillasida "ta’mirlanayotgani"¸ uning yil oxiri - dekabrga borib ishga tushirilishda qanday mantiq borligini izohlamadi.

30 yildan beri buzilayotgan Toshkent

Keyingi yillarda O‘zbekistonda ko‘payib borayotgan tarixiy binolarni buzish ëki fasadlariga qoraytirilgan shisha qoplab tarzini o‘zgartirish holatlari san’atshunoslar tashvishiga sabab bo‘lmoqda.

2016 yili ToshMIning Nikolay davrida g‘ishtdan qurilgan eski binosi¸ Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika universiteti (TDPU) bosh binosining sirt qismi batamom buzib tashlangan edi.

Toshkentlik general Jo‘rabek tarafidan 1897 yili qurilgan va “Jo‘rabek “ masjidi deya tarixiy yodgorlik sifatida maxsus ro‘yxatga tirkalib, asrab kelinayotgan masjid butunlay buzilib¸ o‘rnida Islom Karimov nomidagi “alyukobond masjid” qurilgan edi.

XS
SM
MD
LG