Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:31

Bellingcat guruhi MN17 halokatiga aloqador yangi gumonlanuvchilar ismlarini e’lon qildi


Avstraliyalik va niderlandiyalik nozirlar Malaysia Airlines uchog‘i qoldiqlarini tekshirmoqda
Avstraliyalik va niderlandiyalik nozirlar Malaysia Airlines uchog‘i qoldiqlarini tekshirmoqda

Bellingcat tergov guruhi 2014 yili Ukraina sharqida Malayziyaga qarashli MH17 reysi bilan uchib ketayotgan yo‘lovchi samolyotning urib tushirilishiga aloqador yangi gumonlanuvchilarni aniqladi.

Ayni damda bugun, 19 iyun kuni MH17 halokatini tergov qilib kelayotgan rasmiy Qo‘shma tergov guruhi kamida to‘rt gumonlanuvchini ko‘rsatishi hamda ilk jinoiy ayblovlarini e’lon qilishi kutilmoqda.

Bellingcat 19 iyun kuni e’lon qilgan hisobotda ko‘rsatilgan gumonlanuvchilar Ukrainaning Donetsk viloyatidagi ayirmachilar tuzgan Mudofaa vazirligiga bo‘ysunuvchi guruhlarga a’zo shaxslardir.

Ushbu guruhlarning biri Donetskdagi ayirmachilarning GRU DNR harbiy razvedka guruhi bo‘lib, MH17 urib tushirilganda unga rossiyalik ofitser Sergey Dubinskiy yetakchilik qilayotgan bo‘lgan.

Hisobotda tilga olingan boshqa guruhlar orasida ukrainalik Oleksandr Xodakovsiy yetakchilik qilgan “Vostok” batalyoni hamda ukrainalik Ihor Bezler yetakchilik qilgan “Bezler” guruhi bor.

Bellingcat hisobotida aniqlangan yangi gumonlanuvchilar MH17ni adashib harbiy mo‘ljal sifatida belgilashga hamda BUK raketasini Ukraina hududiga olib kirib, undan foydalanishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqador shaxslar ekanligi aytiladi.

Yangi aniqlangan gumonlanuvchilar orasida Leonid “Krot” Xarchenko, Ole “Gyurza” va “Xalif” Pulatovllar, Eduard “Ryazan” Hilazov, Oleh “Zmey” Sharpov, Serhiy “Botsman” Povalyaev, Valeriy “Nayomnik” Stelmax, Ihor “Minyor” Ukrainets hamda Oleksandr “Sanich” Semyonovlar bor.

Hilazov (2015 yilning 27 iyulida halok bo‘lganiga ishoniladi) va Povalyaevdan (2016 yilning 6 yanvarida halok bo‘lganiga ishoniladi) tashqari bu shaxslarning barchasi hamon tirik va Rossiyada yoki Ukrainaning okkupatsiya qilingan hududida yashamoqda“, deyiladi Bellingcat e’lon qilgan bayonnomada.

19 iyun kuni NOS niderland telekanali Qo‘shma tergov guruhi rasman e’lon qilishi kutilayotgan gumonlanuvchilar Muchkaev, Dubinsky, Oleh Pulatov hamda Ivan Bezizkovlar ekanligini xabar qildi.

MH17 reysi uchog‘i halokati bo‘yicha ochiq ma’lumotlarni to‘plab, tahlil qilib kelayotgan Bellingcat avvalroq fojiaga aloqador bir necha shaxs ismini e’lon qilgan edi.

Ular orasida Dubinskiy ham bor bo‘lib, guruhga ko‘ra aynan Dubinskiy BUK raketasini Ukrainaga olib kirishda qatnashgan.

O‘tgan yilda guruh Oleg Ivannikov ismli Rossiya GRU ofitseri shaxsini aniqlagan edi.

“Orion“ laqabi berilgan Ivannikov qo‘shni Lugansk viloyatida turib faoliyat yuritgan.

Qo‘shma tergov guruhi 19 iyun kuni samolyot fojiasi bo‘yicha jinoiy tergovdagi o‘zgarishlarni ham e’lon qiladi.

- Ismlar e’lon qilinadi. Ayblovlar qo‘yiladi, - dedi 8 iyun kuni Ukraina tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olena Zerka.

Tergovchilar so‘zlariga ko‘ra, keyingi qadam o‘laroq ular individual gumonlanuvchilarni aniqlaydi va ularning har birini sudga tortishga harakat qiladi.

Qo‘shma tergov guruhining ma’lum qilishicha, 2016 yilda MH17 uchog‘ini urib tushirishda foydalanilgan BUK raketasi Rossiyadan olib kirilgani aniqlangan.

2018 yilning mayida esa BUK tizimini Ukrainaga Rossiyaning 53-zenit raketa brigadasi olib kirgani va qayta olib chiqib ketganini xulosa qilindi.

Moskva 2014 yilning martida Ukrainaning Qrim mintaqasini anneksiya qilib olib, Ukraina sharqida rossiyaparast ayirmachilarni qo‘llab keladi.

Ukraina sharqidagi to‘qnashuvlarda bugunga qadar 13 mingdan oshiq odam halok bo‘ldi.

MH17 uchog‘i 2014 yilning 17 iyulida urush zonasi ustida, Ukraina hukumati boshqaruvida bo‘lmagan hududda urib tushirilgan.

Rossiya fojiaga aloqasini rad etib, Ukraina hamda AQSh Markaziy razvedka agentligini ayblab keladi.

Qo‘shma tergov guruhi Avstraliya, Belgiya, Malayziya, Niderlandiya hamda ukrainalik tergovchilardan iborat.

XS
SM
MD
LG