Линклар

Шошилинч хабар
17 апрел 2024, Тошкент вақти: 00:26

Samarqandda chaqalog‘i o‘lgan yana bir ota: Arosatda qoldik, qizimiz tirikmikin?!


Bu - illyustrativ surat. Uning Samarqand tug‘ruqxonasida o‘lgan chaqaloqlarga aloqasi yo‘q.
Bu - illyustrativ surat. Uning Samarqand tug‘ruqxonasida o‘lgan chaqaloqlarga aloqasi yo‘q.

Samarqand viloyat Perinatal markazi​da bir kunda nobud bo‘lgan, biri esa almashib qolgan 5 chaqaloqdan yana birining ota-onasi tergovga chaqirildi.

Samarqand shahrida istiqomat qiluvchi M.Mning aytishicha, uning qizi 25 fevral tunda - o‘z muddatida sog‘lom tug‘ilgan, ammo 28 fevral kuni "to‘satdan" nobud bo‘lgan.

Ota 19 iyun kuni - Ozodlik bu hodisa haqida maqola e’lon qilganidan bir kun o‘tib - kutilmaganda o‘tkazilgan so‘roq-savoldan so‘ng o‘lgan chaqaloq biznikimi-yo‘qmi, deya arosatda qolgani, ammo eksgumatsiyaga rozilik bermaganini aytmoqda.

IIB chaqiruvidan keyingi g‘ulg‘ula

18 iyun kuni Ozodlik Samarqand shahridagi viloyat Perinatal markazi​da 2019 yil 28 fevral kunidan 1 martga qadar 5 chaqaloq o‘lganini xabar bergandi​.

5 chaqaloqdan birining onasi ularga berilgan jasad qiz o‘rniga o‘g‘il bo‘lib chiqqani, eksgumatsiyadan so‘ng esa uning boshqa ota-onaga oidligi aniqlanganini bildirgan.

Ozodlik Samarqanddagi manbalar orqali topgan yana bir oila - 25 fevral tunda tug‘ilgan qizaloqning otasi 19 iyunda tergovga chaqirilgunga qadar hech bir gapdan xabari bo‘lmaganini aytmoqda.

(Chaqaloqning otasi Ozodlik bilan suhbatining yozib olinishiga rozilik berdi, ammo audiosuhbat e’lon qilinishini istamadi, ismini ham to‘liq oshkor etmaslikni so‘radi.)

M.M.ning aytishicha, mahalla noziri ularni shaxsan Samarqand shahar Ichki ishlar boshqarmasiga tergovga olib borgan.

Tergovda u va rafiqasidan shahar Perinatal markazida nobud bo‘lgan chaqalog‘iga oid tafsilotni so‘ragan.

M.M. ana shu suhbatdan so‘ng nobud bo‘lgan chaqalog‘i almashtirib qo‘yilgan va hatto, tirik bo‘lishi mumkinligidan "arosat"da qolganini aytmoqda.

"Men o‘sha o‘lgan 5 chaqaloqning ichidagi 1 ta qizning otasiman. Kecha GUVDda (Samarqand shahar Ichki ishlar boshqarmasi - tahr.) "Qizim tirik bo‘lishi mumkinmi, shunaqasi bo‘lishi mumkinmi?" deganimda, shunday bo‘lishi mumkin, tergovda aniqlanadi, deganday gapni qilishdi. Keyin internetda o‘qib ko‘rsam, shunaqa gaplar ekan. Hozir arosatda qoldik - haqiqatda ham o‘lgan bizning chaqaloqmidi-yo‘qmidi?!" deydi M.M.

"Chaqaloqning jinsini ko‘rsatishmagan"

M.M.ning aytishicha, xotini shu yilning 25 fevralga o‘tar kechasi shahardagi 4-sonli tug‘ruqxona - viloyat Perinatal markazi​da ko‘zi yorigan.

"Bu uchinchi farzandim edi. 24 fevral kuni kechqurun xotinimni dard tutishni boshladi. 4-roddom bizga yaqin, ikkovimiz piyoda bordik. 26 fevralga aytishgan edi, 25 fevralga o‘tar kechasi tug‘ildi. Yig‘ladi, sog‘ligi hammasi yaxshi, deyishdi. O‘zim ham ko‘rib chiqdim. Lekin qo‘limga olmadim, faqat yuzini ko‘rdim, jinsini ko‘rsatishmadi. Keyin birdan xotinim og‘irlashib qoldi... U bilan ovora bo‘lib qoldim, 28 fevral kuni esa qizim yo‘q bo‘ldi (o‘ldi - tahr.)", deydi M.M.

Uning aytishicha, qizining o‘limidan 1 soat oldin xotini ikkisi chaqaloqning tepasida turgan, shifokorlar esa chaqaloqning hayotini saqlab qolishga muvaffaqiyatsiz harakat qilganlar.

"Ko‘nglimda g‘ulg‘ula endi - haqiqatda ham o‘lgan chaqaloq biznikimi? Chaqaloqni endi borib, ko‘milgan joydan chiqarib ekspertiza o‘tkazamiz, deyapti. Men rozi emasman, musulmonchilikka to‘g‘ri kelmaydi, tovba qildim astag‘furulloh. Boshqa tarafdan o‘ylaysiz, bizning qizimiz tirik bo‘lsa-chi?! Shunaqa ikki xil o‘yda qoldik. Lekin, eksgumatsiyaga ruxsat bermadik", deydi nobud bo‘lgan 2 kunlik qizaloqning otasi.

Boshqaning farzandini ko‘mgan ona

18 iyun kuni ​Samarqand viloyati Perinatal markazida o‘lgan chaqaloqlardan birining onasi - 21 yashar Guljahon Karimova unga avvaliga qiz tug‘ildi, deb keyin o‘g‘il bola jasadini berishganini aytgandi.

Oila talabi bilan chaqaloq ko‘milishidan oldin o‘tkazilgan DNK tahlili natijasida chaqaloq boshqaniki ekani aniqlangan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Ozodlikka Karimovalar aytgan ma’lumotlar to‘g‘riligini tasdiqlagan.

Matbuot xizmatining bildirishicha, mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 124-moddasi - Bolani almashtirib qo‘yish bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.​

"Mazkur to‘plangan hujjatlar bo‘yicha Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi TB tomonidan 06.06.2019 yilda holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 124-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan", deyiladi Bosh prokuraturasi bildiruvida.

Bir kunda bitta tug‘ruqxonada beshta bola o‘ldi!

Bosh prokuratura Matbuot xizmatining bildirishicha, Samarqand viloyat Perinatal Markazida joriy yilning 27 fevral soat 08:00 dan 2019 yil 1 mart kuni soat 08:00 ga qadar bo‘lgan vaqt mobaynida 36 ayol tuqqan, 37 chaqaloq tug‘ilgan.

"Ushbu chaqaloqlardan 2019 yil 28 fevral kunidan 1 mart kuniga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida 5 nafar chaqaloqlar turli tashxislar bilan vafot etganligi qayd etilgan. Bunday nihoyatda jiddiy holatga huquqiy baho beriladi. Bosh prokuratura bu holatni alohida nazoratga oldi", deyildi bildiruvda.

Ozodlik mazkur bolalar o‘limi va chaqaloqlar almashib ketgani yuzasidan izoh olish uchun Samarqand shahridagi 4-tug‘ruq markazi ma’muriyati bilan bog‘landi, ammo aniq ma’lumot ololmadi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining bolalar o‘limi bo‘yicha so‘nggi hisobotiga ko‘ra, 2017 yili O‘zbekistonda tirik tug‘ilgan har 1000 chaqaloqdan 20 tasi nobud bo‘lgan.

Bu esa, O‘zbekistonda tirik tug‘ilgan har 50 chaqaloqning bittasi o‘layotganini anglatadi. Samarqand viloyat tug‘ruqxonasida 37 chaqaloqdan beshtasining bir kunda o‘lgani, bu nisbatning har yetti boladan bittasi o‘lganini ko‘rsatadi. Bu esa, O‘zbekistondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan qariyb besh baravarga ko‘pdir.

XS
SM
MD
LG