Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:44

OzodDayjest: Jamoatchilik deputatlar ishini tanqidiy baholadi


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

O‘zbekistonliklar parlament va mahalliy kengashlar deputatlari faoliyatini qoniqarsiz, deb baholamoqda. Zulfiya mukofoti uchun pora talab qilgan mansabdor ushlandi. Bolalar uchun chop etilayotgan ertaklardagi syujet va epizodlar tanqid qilindi.

_____________________________________________________________

O‘zbek jamoatchiligi deputatlar ishidan qoniqmayapti

O‘zbekiston jamoatchiligi parlament va mahalliy kengashlar deputatlari faoliyatini qoniqarsiz, deya baholadi (“Darakchi”, 20 iyun). Gazeta tomonidan o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovda qatnashganlarning 67 foizi o‘z hududidan saylangan deputatni tanimasligini bildirgan. Respondentlarning 62 foizi deputatlarning faolligiga “ikki” baho qo‘ygan. Qayd etilishicha, barmoq bilan sanarli deputatlar faolligini hisobga olmaganda, aksar parlamentariylar hamon uyquda, elektorat ishonchini oqlamayapti. 2018 yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga qonunchilik tashabbusi bilan 145 ta qonun loyihasi kiritilgan bo‘lib, ularning bor-yo‘g‘i 15 foizi (23 tasi) deputatlarga tegishli.

Surxondaryoda Zulfiya mukofoti uchun pora olgan mansabdor ushlandi

Surxondaryo viloyati Termiz xalq ta’limi bo‘limi mansabdori Zulfiya nomidagi davlat mukofoti uchun pora olgani fosh etildi (“Huquq”, 20 iyun). Ismi oshkor etilmagan ayol xalq ta’limi bo‘limi sho‘’ba mudiri vazifasida ishlagan. Mansabdor qizi Zulfiya mukofoti uchun tanlovda qatnashishini istagan onaga iqtidorning o‘zi kamlik qilishi, tepadagilarga pora ham berish kerakligini aytgan. Viloyat bosqichi g‘olibligi uchun dastlabki to‘lov sifatida 200 dollar pora talab qilgan. XTB sho‘’ba mudiri pora ustida qo‘lga olingan. Qayd etish joizki, keyingi yillarda mahalliy matbuotda Zulfiya mukofotini berish jarayonidagi tamagirlik va nayranglar haqida bir qator maqolalar e’lon qilinmoqda.

Ertaklar yomonlikka yetaklayotgani aytildi

O‘zbekistonda bolalar uchun chop etilayotgan aksar ertaklarda odob-axloqqa to‘g‘ri kelmaydigan epizod, syujet hamda qahramonlar uchramoqda (“Oila davrasida”, 20 iyun). Masalan, “Kanizak va podsho” kitobidagi “Zulm va qasos” ertagida o‘z qiziga uylanmoqchi bo‘lgan podsho va otasidan qasos olgan qiz haqida so‘z boradi. Maqolada mazkur jirkanch holatni bolalarga targ‘ib etishga urinish keskin qoralangan. Ertak kitoblarni daromad manbaiga aylantirish xalq kelajagiga urilgan bolta ekani ta’kidlangan. Qayd etilishicha, endilikda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan bolalar nashrlari, xususan, ertaklar uchun taqriz bo‘lishi shartligi kun tartibiga qo‘yilmoqda.

XS
SM
MD
LG