Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 16:51

Tashkent City qurilishida turk shirkatidan aldangan ishchilar pulini talab qilmoqda (VIDEO)


APEX İNŞAAT firmasining Toshkentdagi ofisi.
APEX İNŞAAT firmasining Toshkentdagi ofisi.

Tashkent City qurilishida ishtirok etgan Turkiyaning APEX İNŞAAT shirkatida ishlagan bir guruh ishchilar oylik maoshlari berilmagani iddaosi bilan Ozodlikka murojaat qildi.

Ishchilar hisob-kitobiga ko‘ra, kamida 45 ishchining jami 140 million so‘mlik ish haqi hozirga qadar to‘lanmagan.

Turk shirkati faoliyatidan yaxshi xabardor mulozimning aytishicha, hozirda ushbu shirkat egasi O‘zbekistondan qochib ketgan, shirkat ustidan sudga murojaat qilingan.

Bu shirkatning O‘zbekistondagi bosh ofisi muhrlangani bois¸ Ozodlik muxbiri ular bilan bog‘lana olmadi.

“700 dollarlik oylik va’dasiga ishondik”

Qoraqalpog‘istonning Ellikqa’la tumani Bog‘yop qishlog‘ida yashovchi 46 yashar Ilhombek Nurillaev ham APEX İNŞAAT (APEX CONSTRUCTION) firmasida ishlab pulini ololmagan ishchilardan biri.

APEX İNŞAAT firmasi sobiq ishchisi Ilhombek Nurillaev.
APEX İNŞAAT firmasi sobiq ishchisi Ilhombek Nurillaev.

- Mening o‘zimning 5 million so‘mdan ortiq pulim berilmagan.

Ilhombek Nurillaev APEX İNŞAAT firmasiga joriy yilning 6 mart kuni 700 dollarlik oylik va’dasiga ishonib ishga kirgan.

- APEX firmasi Tashkent City dan ob’ekt olgan. Subpodryadchik. Suvoq qildik, marmar ishlarini qildik. Oldin 30 ta turk keldi. Jami o‘zbeklar bilan 70ta ishchi bor edi. Dogovorda hammasi yozilgan: Vaqtida oylik beriladi, deb. Dollarda gaplashilgan. 700 dollar oylik. Kurs bo‘yicha so‘m beradi lekin.

Nurillaev shartnoma nusxasini Ozodlikka taqdim qila olmadi. Uning aytishicha, shartnoma imzolangan, biroq uning nusxasi ishchilarga berilmagan.

APEX İNŞAAT firmasida ishlagan va Ozodlik suhbatlashgan boshqa uchta ishchi ham Nurillaev aytganlarini tasdiqladi.

“Birinchi oylikni ish tashlagach, berishdi”

Ilhombek Nurillaevga ko‘ra, mart oyining oyligi o‘z vaqtida berilmagach, firmaning 50 ishchisi ish tashlagan.

APEX İNŞAAT firmasining Toshkentdagi ofisi
APEX İNŞAAT firmasining Toshkentdagi ofisi

- To‘polon qildik. Ish tashladik. Ikki kun ishga chiqmadik.

Ishchilarning norozilik aksiyasidan so‘ng, ularning mart oyi oyligi berilgan. Biroq may oyiga kelib, yana aprel oyining oyligi berilmagach, Ilhombek Nurillaev ishdan ketganinini aytadi.

- Turk ishchilarining o‘zi ikki oy oyligini olishmadi. Ular keyin ish tashlash qilishni boshlashdi. Men 10 may kuni ishdan ketdim.

APEX İNŞAAT firmasi faoliyatidan yaxshi tanish mulozimning ismini oshkor qilmaslik sharti bilan Ozodlikka aytishicha, ushbu firma o‘zbekistonlik kamida 45 ishchining jami 140 million so‘m maoshini bermagan. Shuningdek, 30 nafar turk ishchisi ham ikki oylik pulini ololmagan.

“Faqat yovg‘on sho‘rva ichdik”

Ozodlik suhbatlashgan ishchilarga ko‘ra, ular Tashkent City qurilishida ishtirok etgan paytda ishchilar uchun mutlaqo sharoitlar bo‘lmagan.

- Ovqatlanish yaxshi emasdi. Ertalab choy beradi. Gurunchli osh beradi yoki makaron sho‘rva beradi. Haftasiga bir marta ikki nonning o‘rtasiga kichkina bo‘lak yog‘ surtib beradi. Nechta odam shikoyat qilgan, foydasi yo‘q. “Yoqsa shu, yoqmasa chiqib ketaver”, deb qo‘yishgan,- deydi Nurillaev.

Ozodlikka APEX İNŞAAT firmasi ishchilaridan jo‘natilgan videoda ovqatlanish payti aks etgan va unda ishchilar ovqatda umuman go‘sht yo‘qligidan shikoyat qilishgan.

"Bitta vagonda 18 kishi yotdik. Kuniga 10 soatlab ishladik. Sharoit yomonligidan ko‘p marta shikoyat qildik. Biroq foydasi bo‘lmadi", deydi ismini ochiqlamaslikni so‘ragan APEX İNŞAAT firmasining sobiq ishchilaridan biri.

Ишчилар мурожаати
Илтимос кутинг
Киритиш (Embed)

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:32 0:00

“Turk firmasi xo‘jayini qochib ketdi”

Turk firmasi faoliyatidan xabardor mulozimga ko‘ra, APEX İNŞAAT firmasi Toshkentdagi faoliyatini joriy yilning mart oyidan boshlagan va may oyiga kelib, firma yopilgan.

“Bu firmani ikkita turk ochgan. Firma egasi turkiyalik Mexmet Chalishkan ismli shaxs, uning vatandoshi Erdam Go‘zalgun hammuassis edi”, dedi ismini ochiqlamayotganimiz mulozim.

Ozodlik APEX İNŞAAT firmasining rasmiy vebsayti- www.apex-insaat.com da Toshkentdagi ofisining telefon raqamlarini topdi. Bu raqamlarga 24 iyun kuni bir necha bora qo‘ng‘iroq qilindi, biroq telefon go‘shagini hech kim ko‘tarmadi.

Shundan so‘ng Ozodlikning Toshkentdagi mobil muxbiri APEX İNŞAAT saytida berilgan firma manzili – Toshkentning Yakkasaroy tumani Bobur ko‘chasi, 40V uyga bordi.

Muxbir jo‘natgan suratda firma eshigi qulflangani va eshikka “Muhrlangan” degan yozuv yopishtirilganini ko‘rish mumkin.

Ushbu firma faoliyatidan yaxshi tanish mulozimning ta’kidlashicha, hozirda APEX İNŞAAT firmasining turkiyalik egasi O‘zbekistonni tark etgan.

“Mexmet Chalishkan qochib ketdi. U Turkiyadan olib kelgan 30 ishchiga Toshkentdagi boshqa bir turk firmasi ko‘magida yo‘l kirasi to‘lab berildi. Ular Turkiyaga uchib ketishdi. Lekin Chalishkan haqida biror ma’lumot yo‘q”, dedi mulozim.

Ozodlik muxbiri APEX CONSTRUCTION firmasining Turkiyadagi bosh ofisini izlab, ayni nomda faoliyat yuritayotgan shirkatni topdi. Ushbu shirkat sayti - www.apex-const.comda berilgan 2ta telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qildi. Biroq raqamlar faksga ulangani sabab, biror mulozim bilan bog‘lanish imkoni bo‘lmadi.

Istanbulning Beylikduzi tumanida joylashgani qayd qilingan ushbu shirkatning xorijiy davlatlarda amalga oshirgan qurilish loyihalarini Toshkentdagi turk firmasi saytida berilgan loyihalar bilan solishtirsangiz ularning bir xil ekaniga guvoh bo‘lasiz.

Google orqali izlaganimizda linkedin.com tarmog‘ida Mehmet Salişkan profili egasi 1998 yildan buyon APEX İNŞAAT shirkati rahbarligida ishlayotganini qayd etgan. Sahifada APEX İNŞAAT saytidagi loyihalar haqida ham ma’lumotlar berilgan. Xabar jo‘natish tugmasi yopilgani sabab, profil egasiga biror ma’lumot qoldirish imkoni bo‘lmadi.

Ish sudda

Ozodlik muxbiri 24 iyun kuni Tashkent City direksiyasi direktori Sherzod Hidoyatovga Telegram orqali murojaat qilib, APEX İNŞAAT firmasi borasida ma’lumot so‘radi.

Biroq 25 iyun tush paytiga qadar Hidoyatovdan biror ma’lumot kelgani yo‘q.

Ozodlik turk firmasi borasida O‘zbekiston Bosh prokuraturasining matbuot xizmatiga ham murojaat qildi.

Oradan o‘tgan 24 soat davomida matbuot xizmati Ozodlik so‘roviga hech qanday ko‘rinishda javob bergani yo‘q.

Turk firmasi faoliyatidan yaxshi tanish mulozimning ta’kidlashicha, Shayxontohur tuman prokuraturasi APEX İNŞAAT firmasi ishchilari shikoyatini o‘rganib, yaqinda ishni sudga oshirgan.

Firmaning sobiq ishchilariga ko‘ra, 24 iyun kuni Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudida ularning shikoyatini ko‘rayotgan hakam navbatdagi mahkama yig‘ilishini o‘tkazgan.

XS
SM
MD
LG