Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 03:58

Uchtepa IIB xodimlari: O‘tgan yildan qolgan to‘rt oylik maoshni ololmayapmiz


Toshkent shahar Uchtepa tumani IIB xodimlari 2018 yilda olishlari kerak bo‘lgan 4 oylik maoshni haliyam ololganlari yo‘q. Bu haqda Ozodlikka Uchtepa IIB xodimlari ma’lum qildi.

Ozodlik suhbatlashgan IIB rahbariyatidagi podpolkovnik rutbasidagi zobit ham bu ma’lumotni tasdiqladi.

Ammo Uchtepa tuman IIB boshlig‘i ... xodimlar shu kunda oyliklarini to‘liq olayotganini bildirdi.

Portalga ham yozishdi, ammo

Ozodlik suhbatlashgan podpolkovnik rutbasidagi zobit so‘zlariga ko‘ra, 2018 yilning avgust¸ sentabr¸ oktabr va noyabr oylari uchun maoshlar haliyam to‘langani yo‘q.

- Bu yil uchun oylik to‘lanayapti. Lekin xodimlar o‘tgan yilgi to‘rt oylik ish haqini ololmayapti. Portalga ham yozishdi¸ ammo samara chiqmadi¸ - deydi zobit.

Unga ko‘ra¸ Uchtepa IIBning Fuqarolarni muvofiqlashtirish boshqarmasi va Munitsipal patrul-post xizmatidagi jami 24 xodimga tegishli oylik berilmagan.

Munitsipal patrul-post xizmatida ishlaydigan xodim Ozodlikka moddiy sharoiti og‘irligi, davlat undan 7 million so‘m qarz ekanligini bildirdi:

- Shunday qudratli davlat menday kambag‘al militsionerdan qarz bo‘lib o‘tiribdi. O‘tgan oyliklarni berish to‘g‘risida gap boshlansa, ana beriladi mana beriladi deb, 7 oydan beri cho‘zib yurishibti. Lekin oylikdan hamon darak yo‘q. Xodimlar oylik masalasi bo‘yicha tegishli joylarga murojaat qilishdi, ammo foydasi bo‘lmadi. Butun boshli otryad xodimlari 4 oylik maoshlarini ololmasa, bu nima degan gap? - deya zorlandi IIB xodimi.

Ozodlik suhbatlashgan Uchtepa tuman IIB rahbari¸ xodimlarning 25 iyun kuni oylik olganini bildirdi.

Ammo u o‘tgan yilgi to‘lanmagan oyliklar haqidagi Ozodlik savolini javobsiz qoldirdi.

Ozodlikka ismi sir qolish sharti bilan gapirgan Uchtepa tuman IIB moliya-xo‘jalik bo‘limi xodimiga ko‘ra¸ muammo o‘tgan yili ishga olingan xodimlar oyligi bilan bog‘liq.

- Qoidaga ko‘ra, oylik buyruq chiqqan kundan hisoblanadi. Yangi ishga olinganlar oldiniga sinov tariqasida ishlashdi. Buyruq chiqqanidan keyin ularga muntazam oylik berila boshlandi. Buyruq chiqqungacha bo‘lgan muddatga ham oylik ish haqi rasmiylashtiriladi¸ sabr qilib turishsin, - dedi Uchtepa tuman IIB moliya-xo‘jalik bo‘limi xodimi.

Munitsipal patrul-post xizmatida ishlaydigan xodim esa¸ Ozodlik bilan suhbatda¸ buyruq asosida 2018 yilning sentabr oyidan ishlay boshlaganini aytadi:

- Buyruqsiz qo‘limizga hujjat berishmaydi-ku. Sentabrdan to noyabrgacha oyliksiz ishladik. Dekabrda dodlashni boshlovdik¸ keyin oylik berdi. To‘rt oylik ish haqidan gap ochilsa ana beramiz mana beramiz¸ shuni xarakatida yuribmiz deb o‘sha sizga aytgan gaplarni bizga ham aytishayapti¸ - deydi suhbatdosh.

8 soat o‘rniga 18 soat

Ozodlikka ichki ishlar tizimidagi jarayonlarga oid o‘z xavotirlarini baën qilgan podpolkovnikka ko‘ra¸ IIB xodimlari 8 soat o‘rniga 18 soat ishlab, oyligini ham ola olmaganidan tashvishda:

- Qonunga ko‘ra¸ O‘zbekistonda ish kuni 8 soat. Shanba-bozor dam olish kerak. Ammo biz kuniga 18 soatdan dam olishsiz ishlayapmiz. Buni ustiga oylikni ham berishmasa qattiq botadi¸ - deydi IIV podpolkovnigi.

Prezident g‘amxo‘rligi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashining 2019 yil 10 yanvardagi kengaytirilgan yig‘ilishi bayoniga muvofiq, uchastka nozirlariga avtomashina berilishi¸ IIB xodimlari kvartira bilan ta’minlanishi lozim.

Bundan oldin Shavkat Mirziyoev joriy yil 10 yanvar kuni Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi 7-ichki ishlar bo‘limiga borib nozirlarni tanqid ostiga olgan edi.

Aynan o‘sha kuni O‘zbekiston prezidenti "ichki ishlar xodimlarining oyligini oshirish bo‘yicha" tavsiya bergan edi.

XS
SM
MD
LG